TUSTARIY, Abu Muhammad Sahl ibn Abdulloh (taxm. 818-896) - ilk mutasavviflardan, mutafakkir. Tustar (Shushtar)da arab yoxud fors mavoli oilasida tug‘ilgan. Sufiylik ta’limini amakisi Muhammad ibn Savvardan olgan. Yoshligida Basra va Obodonga borib shayx Abu Habib Hamza al-Obodoniydan ta’lim olgan. 834 y. Makkaga hajga borib, mashhur Zu-n-Nun al-Misriyni uchratgan va unga shogard tushib, g‘oyaviy merosxo‘ri bo‘lgan. Tustarga qaytgach, T. deyarli yigirma yil zohidlikda yashagan: doimiy ro‘za tutib, yolg‘izlikni ixtiyor etgan, tunlari bedor bo‘lgan va b. Faqat Zu-n-Nun vafotidan so‘ng (860 y.) u ochiq va’z b-n chiqishga jur’at etgan va bu b-n ko‘plab tarafdorlar va raqiblar orttirgan. Raqiblarining tazyiqi, siyosiy notinchlik (safforiylar isyoni, qul-zanjiylar qo‘zg‘oloni) T.ni Basraga ko‘chishga majbur qilgan. Bu yerda u umrining oxiriga qadar solih amallar va mudarrislik b-n shug‘ullangan. T.ni o‘nga yaqin asarlar yozgan deb hisoblashadi. Qur’onni majoziy talqin qilgan T. bir qator qoidalarni olg‘a surgan, ular sufiylik gnoseologiyasi, kosmogoniyasi va psixologiyasiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Uning fikricha, olam yaralishidan avval insonlarning ruxdari va xudo o‘rtasida "bitim" (miysoq) imzolangan; ruxdar xudoni o‘zlarining egasi, rabbi deb e’tirof etishgan (Qur’on, 7:17) va o‘zlarini Uning panohiga topshirishgan. Buning evaziga ularga Qiyomat kuni "Haqning jamolini ko‘rish baxti" (mushohadat al-haqq) ato etilgan.
T. shogardi Muhammad ibn Salim va uning o‘g‘li Ahmad ibn Salim Basrada ilohiyot maktabi barpo etishgan, u as-salimiya deb nomlangan. Bu maktab T. qarashlarini keyinga avlodga yetkazgan.