— Shoqolning «sotadiganlar kam bo‘ladi», degan gapi 1933 yilni, Qirqbelni, uyiga xo‘jayinlik, qilib turgan Sotvoldini, «Sotti xat yubordi», deb rangi o‘chib turgan Daminni Jahongirning yodiga soldi.
— Mudarris Jahongirning tez qaytishidan ajablandi. Bunaqa paytda ayrim odamlar «nima balo uyingdan ilon chiqdimi», deyishadi. Jahongir mudarrisdan shunga o‘xshash savol kutgan edi. Boshqacha sharoit bo‘lganida balki mudarris — Nizom qorovul shu qabilda hazilnamo gap qilishi mumkin edi. Biroq, boshpanasi yo‘q odamga shunday deyish mehmon tashrifini malol olganday tuyulardi. Nizom qorovul «Eson-omon borib keldingizmi, bo‘tam», deb gapni qisqa qildi. Hammasini Jahongirning o‘zi aytib berdi: uyidan «ilon chiqqanini» ham, opalarining quloq qilinganini ham, Sottining rayonga tushirgan xatini ham aytdi.
Lipillab yonayotgan qora chiroq hujrani arang yoritardi. Jahongirning zimiston yuragiga hozir minglab chiroq yoqilsa ham yoritolmagan bo‘lardi. Alamga chulg‘angan bu zimiston yurakka faqat dono maslahatgina nur berishi mumkin, mudarris esa bu nurni baxsh etishga shoshilmas edi. U chiroqning eshilib to‘lg‘onayotgan o‘tli tiliga ancha fursat tikilib o‘tirdi.
— Yonib turgan sham tepasidagi shiftdan, yonidagi devorlardan nafratlanibdi, — dedi u o‘ychan ohangda. — Bular mening yo‘limni to‘syapti, mavjimni pasaytiryapti deb g‘azabga minibdi. Avval shiftni, keyin devorni mahv etishga qasd qilibdi. Bu bilan o‘z o‘limini chaqiribdi. U nodon bilmabdiki, bu shift, bu devorlar uni o‘chirib qo‘yishi mumkin bo‘lgan shamoldan asraydi. — Mudarris shunday deb yana sukut saqladi. Keyin yengil xo‘rsinib, qissadan hissa yasadi: — Ne falokatki, zamonda nodon shamlar ko‘paydi. Nodonliklari tufayli o‘zlarigina o‘chsalar mayliga edi, qancha umr o‘tini ham o‘chirdilar. Bo‘tam, meni aybga buyurmang, sizga qanoat tilashdan o‘zga choram yo‘q. Bu kunda toptalgan ko‘katning ohli qo‘shig‘ini tinglovchi yurakni qaydan topamiz? Mening zaif ongim sizning qorong‘i yo‘lingizni yoritishga ojiz. Men o‘zimni Ollohning ixtiyoriga berib, bu dunyo g‘amlaridan xoli bo‘lishni niyat qilganman. Xohish bildirsangiz, men bilan birga yashang.