5. Tahoratdan keyin tartib bilan butun badanga uch marta suv quymoq. Tartib bilan suv quymoqni bayoni shuki, avval o‘ng, so‘ng chap yelkadan, keyin boshga va boshqa a’zolarga uch martadan suv quyiladi.
Ammo hazrati Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat bor: "œRasululloh sallallohu alayhi vasallam avval suvni boshlaridan, so‘ngra o‘ng, keyin chap yelkalaridan va boshqa a’zolaridan quyib yuvar edilar". Ushbu hadisi sharif "œMishkot"da muttafaqun alayh deb keltirilgan. Boshqa ko‘p kitoblarda ham, jumladan, "œMaslakul muttaqin"da shu hadisi sharifga muvofiq amal qilishga mayl qilingan. G‘usl va tahoratda birinchi marta suv quyib, ishqalab yuvish farz, ikkinchi va uchinchisi sunnatdir.
6. Ikki oyoqni yuvmoq. Agar suv oyoq ostida to‘planadigan joyda, masalan, tog‘orada g‘usl qilsa, oyoq tahorat qilgan vaqtda yuvilmaydi, ammo toza tosh yoki taxta kabi narsa ustida bo‘lsa, oyoq tahorat paytida yuviladi va g‘usl oxirida oyoqni yuvish shart emas.
Ayollarning sochlari o‘rilgan bo‘lsa, ochmaydilar. Sochlarining ostiga suv yetkazishlari kifoya. Sochlarini ochib (yoyib) yuvish mashaqqat bo‘lgani uchun kokillarini mix yoki ipga osgan holda yo erlarining yordamida quruq qoldirishlari mumkin, yuvish shart emas. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Ummi Salama roziyallohu anho onamizga: "œQachonki, suv sochlaringni ostiga yetsa, senga kifoya qiladi", dedilar. Ammo g‘usl qilayotganda ayollarning sochlari yoyilgan holda bo‘lsa, sochlariga batamom suv yetkazib yuvishlari lozim bo‘ladi.