Hazrati Usmon xonadonida
Ummu Gulsum Hazrati Usmon bilan olti yil hayot kechirdi. Bu davrda Islom yuksaldi, musulmonlar Allohning yordami bilan zafar quchdilar. Hijratning oltinchi yili Zulqa’da oyida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir ming besh yuz kishi bilan umra qilishi uchun Makkaga yo‘l oldilar. Kurayshiylar ularning bu istaklariga qarshi chiqdilar va Makkaga kirishlariga yo‘l qo‘ymadilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ikki nur sohibi, kuyovlari Usmon ibn Affonga:
- Kurayshiylarning oldiga bor va hech kim bilan urushish niyatimiz yo‘qligini bildir. Ka’bai sharifni tavof qilish uchun kelganimizni, qurbonliklarimizni so‘yib, qaytib ketishimizni ayt, — dedilar.
Ummu Gulsum mushriklarning eriga biror yomonlik qilishlaridan qo‘rqar, uni kutar ekan, tobora xavotiri ortib borardi. Zero, Usmonning (roziyallohu anhu) ketganiga ancha vaqt o‘tgan edi. Uzoq kutganlaridan so‘ng, Hazrati Usmonning(roziyallohu anho) o‘ldirilgani haqida yolg‘on xabar tarqaddi. Ummu Gulsum qayg‘uga botib, yig‘ladi.
Shu payt Hazrati Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) musulmonlarni bay’at qilishga da’vat etdilar. "Bay’at-tur rizvon" nomi berilgan bu bay’atda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) chap qo‘llarini o‘ng qo‘llariga urib, Hazrati Usmon nomidan ham bay’at oldilar va:
- U Alloh va Rasuli uchun ketdi, - dedilar.
Oradan ko‘p o‘tmay, Hazrati Usmon vazifasini bitirib, hech qanday aziyat ko‘rmasdan qaytib keldilar. Hazrati Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qurayshliklar bilan Hudaybiya sulhini tuzdilar. Hazrati Umar va Hazrati Usmon bu sulh shartlariga rozi bo‘lmagan muorizlar safida edilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qurbonliklarni so‘yib, sochlarnin oldirgach, ashobi kiromning ko‘pchiligi ham sochlarini oldirdilar. Bir qismi esa bu ishni orqaga surdilar. Hazrati Usmon ham shulardan biri edi. Ummu Gulsum otasining:
- Alloh sochlarini oddirganlarga marhamat etsin, - deganlarni eshitib, taraddudlanib qoldi. Yuziga tushkunlik alomatlari ko‘rina boshladi. Biroq Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) :
- Tanballik qilganlarga ham marhamat etsin», - deb so‘zlarini tugatganlarini eshitib, ko‘ngli tinchlandi.