10-bob. Quyosh tutilganda erkaklar birlan birga ayollarning ham namoz o‘qimog‘i
Asmo rivoyat qiladirlar: «Quyosh tutilgan kuni Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning xotynlari - Oisha singlimnikiga bordim. Qarasam, odamlar namoz o‘qishayotgan erkan. Oisha qiyomda turgan vaqtida: «Odamlarga ne bo‘ldi?»-deb so‘radim. U qo‘llari birlan osmonga ishora qilib: «Subhonalloh»,- dedi. «Azob (qiyomat) alomatimi?»-dedim. «Ha» degan ma’noda bosh irg‘ab qo‘ydi. Keyin, men ham ular birlan birga namoz o‘qishga tutindim, hatto ko‘p o‘qiganimdan boshim aylanib ketdi. Keyin, o‘zimga kelay deb boshimdan suv quya boshladim. Janob Rasululloh namoz o‘qib bo‘lgach, Olloh taologa hamdu sanolar aytdilar, so‘ng: «Men ko‘rmagan narsa qolmadi, hatto shu yerda turib jannatni ham, do‘zaxni ham ko‘rdim. «Sizlar qabrda yotganingizda Dajjol fitnasi yanglig bir imtihondan o‘tg‘aydirsizlar» deb menga vahiy qilindi»,- dedilar. O’shanda «Dajjol fitnasi yanglig‘» dedilarmi yokim «Dajjol fitnasiga yaqin», dedilarmi, aniq esimda yo‘q. Keyin, Janob Rasululloh bunday deb davom etdilar: «Har biringiz qabrda yotganingizda bir farishta kelib: «Bu kishini (Rasulullohni) taniysanmi?» - deb so‘raydir. Agar qabrda yotgan banda iymonli (yokim «taqvodor»,- dedilar shekilli) ersa: «Bu kishi Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdirlar, bizga mo‘‘jizalar va hidoyat olib kelganlar. Biz ishonib qabul qilganmiz, ergashganmiz»,- deydir. Unga: «Biz sening mo‘min ekanligingni bilur erdik, orom olib uxlayverg‘il!»- deyishadi. Ammo, munofiq (yokim «ikkilanuvchi»,- dedilar shekilli) ersa: «Bilmadim, odamlar (bu kishi to‘g‘rilarida) nimalardir deyishar erdi, men ham o‘shalar aytganini aytar erdim»,- deydir».