ISHQ
Tinchim tamom bo‘ldi, orom yo‘q tanda,
Lablarimda qotdi shodlik va xanda,
Shundan buyon oyoq-qo‘lim kishanda,
Qaydanam, oh seni ko‘rdim o‘shanda;
Men qattiq sevibmen, qattiq suyibmen,
"Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen".
Har lahza tegrangda parvonaman, gul,
Izma-iz yuraman, devonaman, gul,
Poyingda xoksormen, ostonaman, gul,
Hasrating tuganmas, so‘zonaman, gul,
G‘am yukin yurakda shuncha uyibmen,
"Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen".
Ey oy, bilgaymusen zarra muruvvat,
Porloq ko‘zlaringda yo‘qmidur shafqat,
Hijron daftarlari bo‘ldi-ku qat-qat,
O‘tda o‘lmas mendek olamda faqat —
Samandar debman-u, o‘zim kuyibmen,
"Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen".
Qay kun oqshom bog‘da yurganing ko‘rdim,
To‘liqib xayolda turganing ko‘rdim,
Ag‘yor bilan suhbat qurganing ko‘rdim,
Qaydan ham ko‘rdim-a, nega ham ko‘rdim,
Ikkala ko‘zimni o‘zim o‘yibmen,
"Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen".
Dil olgan qora soch, qora qoshlaring,
Ko‘zimni qul qilgan ko‘z taloshlaring.
Rashk o‘tin yoqarlar do‘st — sirdoshlaring,
Ko‘nglimga urilur ta’na toshlaring,
Ne yomonlik kelsa, yaxshi yo‘yibmen,
"Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen".
Qancha alam o‘tdi, chidadim rosa,
Necha g‘animlar-la aylab murosa,
Sendan kecholmadim, palagi toza,
Yana seni dedim, ko‘nglimni eza,
Mehrsizlik aro cho‘kdim, g‘oyibmen,
"Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen".
Umrim kechsun seni so‘rab-so‘roqlab,
Tashlab ketma endi yuragim bog‘lab,
Mayliga mahliqo, sen dog‘lab-dog‘lab,
Bir vafo qil, so‘ngra o‘ldir qiynoqlab,
Men oshiq jonimdan bugun to‘yibmen,
"Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen".