Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 203031 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 31 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 ... 52 B


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:26:00

15. ARG‘AMCHISIDAN AJRAB QOLGAN TURNALAR
yoxud qissago‘yga qorong‘u, muallifga ayon tarix davomiga


Bog‘ adog‘idagi noklar tagida quvalashgan qorashaqshaqlar ham axiyri devor oshib, anhor bo‘yiga tushib ketdilar. Gullarini sochqidek sochib bo‘lib, endi qaychibarglariga zo‘r berayotgan nok tuplari ustida asalarilar ilgarigidek g‘ujg‘on o‘ynamas, hov pastdagi bukir jiydalar tomonga og‘ib ketishgan, o‘sha yoqdan har zamonda bol hidiga monand o‘tkir bir bo‘y taratib, shabada esib o‘tar, Olim demaganlar hali hajga otlanmagan jiydagulining bir shoxchasini sindi- rib kelishga intiqib, o‘sha tarafga qarab-qarab qo‘yar-di.
Lekin o‘choqdagi olov kutmaganda gurillab ketib, qozon tagidagi yolg‘iz tomchi jizillab-qaynab o‘zini har yon ura boshladi. Shu tobda mayda to‘g‘ralgan dumbani sola qolgani bilan yonidan jilib bo‘lmaydi. Jizzasi kuyib ketishi mumkin. Kuygani-kuygan, koshki taxiri yog‘ga urib ketmasa. Keyin oshning ta’mi ham ko‘ngildagidek chiqmasligi tayin. O‘zi ne umid bilan bozor qila chiqdi. Go‘shtni qovurib, zira-murchiyu savzisini bostirib qo‘ysa, ustiga jindek tuz sepilgan jizzadan totingancha qariyaning suhbatini olishga nima yetsin!
Kitoblarni bugun sandiqdan bittalab olib, tokchaga terib chiqishguncha ham peshindan o‘tib qopti vaqt. Sutchi kamsuqum, kambag‘algina bo‘lgani bilan hamma boyligi o‘sha tepadagi boloxonada ekan. Avvalboshda taqvodorgina, bor bisoti egnidagi uzun chakmoniyu kungrasi mo‘ynali anavi jubbasigina bo‘lib ko‘ringan qariya anoyilardan emaskan. Surishtirib yurib, bir boloxona kitob yig‘ib qo‘yibdi. Hammasi satta qalin saxtiyon muqovali kitoblar. Kechagi sandiqlarning ichidan ham yuzga yaqin katta-kichik, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan, chetlari o‘ngib ketsa-da, ichiga gard yuqmagan, xatlari bir tiniq kitoblar chiqdi. Ayni rahmatli dadasining ko‘z nurini to‘kib shogirdlariga dars bergan, yeru ko‘kka ishonmaydigan kitoblari. O‘shalar orasidan G‘azzoliyning «Ihyoi ulum» asari chiqib, Sutchi bir muddat mutaassir turib qoldi. Keyin ko‘zlariga surtib, muqovasidan o‘parkan:
— Din ilmini tiriltirib, joyiga qo‘yib ketgan bu zotning shu kitobi haqda ko‘p eshitgandim-u, o‘zini ko‘rishga muyassar bo‘lmagandim. Ollohga shukr, otangiz tufayli shunga-da, erishib turibman. Bu kitob har kimda bo‘lavermagan va har kim mutolaa qilavermagan uni, shunday, — dedi.
Olim uning bu tarz gaplaridan g‘alati tortib ketdi: padari buzrukvorining musofirchilikda, «diyorning bir siqim tuprog‘i nasib etmay o‘tib ketyapmiz, ilohim, bizlar ko‘rgan judolikni sizlar ko‘rmang», deya qilgan duolari yodiga tushib, ko‘zlari namlanib keldi. So‘ng payg‘ambar siyratlari sirasidagi necha adad (o‘qilaverib titilayozgan) asarlar chiqdi. Ularning bittasi «Siyratun nabaviya» atalsa, boshqasi «Siyratul habibiya» edi.

Qayd etilgan


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:26:12

Bu kitoblarning nomiyoq otasining qanday ulamo zot o‘tganidan darak bermoqda edi. Avvaliga, qarang-a, shunday kitoblarni o‘qishdan, varaqlashdan bebahra qolgan ekanmizmi, degan taassuf uyg‘ongan bo‘lsa, ikkinchi sandiqni bo‘shatishga tushishlari bilan nainki Sutchidan, o‘zidan o‘zi uyalib, vujudini bir xijolatpazlik qamrab kelaboshladiyu:
— Men hozir, — degancha pastga tushib, qozon-tovoqqa unnab ketaqoldi.
O‘choqqa olov qalarkan, ich-etini bir narsa o‘rtab kelardiki, u yog‘i yo‘q. Go‘yo o‘zi qozondagi anuv jizzaga qo‘shib, yurak-bag‘rini ham dog‘layotgandek, dog‘lab ola-yotgandek edi.
«Usta ekan bular, usta! Mana, uni o‘sha o‘qishlardan nimaga haydab solishmadi ekan! Chayonni bolasi — chayon deyishmadi ekan! Avval o‘z akamning qavatiga tashlab, so‘ng izidan Tangritog‘ga jo‘natishmadi ekan! Faqat ular janubga tushib, biz shimolga tashlanib, Xudo asrabdi. Yo‘q-yo‘q, kimning ham saharlarda qilgan nolai-duosi ijobat bo‘lib, bu kishi otamizni qo‘shib qutqarib, bizni o‘shayoqlarda uchrashtiribdi. Tag‘inam Olloh rahm qilibdi, birimizning payimizni boshqamizning qo‘limiz bilan qirqishga qo‘ymabdi. O‘rniga ham padari buzrukvorimizga yo‘liqtiribdi. Xo‘p, otamizni qutqarib, sarhaddan chiqarib qo‘yishlarining hikmati shu ekan, akam-akaginamning ayolini bu yoqqa yuborib qo‘yib, O‘zi u diyorlarda qolib ketuvining hikmati nima? Qanday tushunmoq kerak?» — Olim dog‘ bo‘layotgan yog‘da qizarib-quyishga-da kelgan jizzalarni kapkir bilan terib olishga ulgurmas, uni adoqsiz o‘ylar o‘z girdobiga tortgandan-tortar edilar.
Nimaga keldi, sutchini nimaga tavof etib yuribdi, ketidan qolmay? Faqat otasining xaloskori bo‘lgani uchunmi? Olloh roziligini istab shu ishga qo‘l urgani — mahbuslar orasidan o‘z odamiga qo‘shib olib chiqib, sarhaddan o‘tkazib qo‘ygani va dim-dim ketgani uchunmi? Qolaversa, bu dunyoning hoyu xavaslaridan etak silkib, yolg‘izdan-yolg‘iz, kimlarning tashqisida turgani, faqat oqlik sotib, sutchilik bilan kun ko‘rayotgani uchunmi? Otasi — Eshon buva ham bekorga ilojini qilsang, o‘sha odamni top — ko‘p pokiza odam, demagan ekanlar.
Boloxonaning eshigi g‘iyq ochilib, tepada sutchi ko‘rindi. U hozir hamma bilgan, chakkasini qiyiq ila tang‘ib, uzundan-uzun chakmonining barlarini belbog‘iga yengil qistirgancha bir gala bo‘sh bonkalarni obkashiga qo‘shib orqalab yuradigan indamas sutchiga hecham o‘xshamas, yoqasiz oq ko‘ylak-oq ishtonda, kamiga boshiga jubba, engliga jun nimcha ilgan edi. Eski kitob-lardan bosh ko‘tarmaydigan mulladan qaeri kam?!

Qayd etilgan


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:26:24

U lopillagan yog‘och zinadan tutqichni ushlay-ushlay, bitta-bitta tushib kelarkan, yarmidan oshganda mayin jilmaydi:
— Nimaning hidi desam — jizzanikimidi? — dedi chollarga xos bosh to‘lg‘ab, besh ketib, — jindekkina tuz sepvoring-a, totiga tot qo‘shilsin.
— Sepdim, sepdim. Shu yerga joy qila qolaymi? — dedi Olim.
— Maylin, jizza seli bilan, deganlar. O‘shanda-da, hamma maza! So‘ng asrni o‘qirmiz, — deb qo‘ydi.
Olim stolga gazeta yozib yuborib, o‘rtaga taqsimchadagi jizzani qo‘ydi, sutchiga ustalni hozirlab, o‘zi necha qishni ko‘rgan yong‘oq to‘nkasiga o‘tirdi.
— Qani, bismilloh bilan men boshladim, — qariya jizzaning bir donaginasini og‘ziga solib, sel bo‘lgancha, bosh to‘lg‘adi. — Imm, bay-bay, bu dunyoniki bo‘lmabdi-ku, tuz bilan yig‘lab ko‘rishibdi-ku. Oling, o‘zingiz ham.
— Olyapman, olyapman. Choyxona palovning gashti shu-da, — dedi Olim qariyaning ko‘nglini topayotganidan iyib.
— Nimasini aytasiz. Bu dunyoning ne’matlari ichida unga yetadigani yo‘q, — dedi qariya non tishlab. — Lekin yomoni shundaki, keyin nafsni o‘ldirolmay qiynalasiz, har kuni yog‘liq narsani tilayveradi bu itkoski, — deb qariyalardek shirin kuldi.
— Nafsni o‘ldirishdan muddao osh emasmi? — dedi Olim unga qo‘shilishib kulib.
— Yo‘q, butam, oshdan muddao — shukr, shukrdan maqsad — nafsni o‘ldirish. Hamma hikmat shunda, vallohi a’lam.
Ana, xolos! Mana, nima uchun u tarki dunyo qilgan odamdek bir chekkaga chiqib olib, sutchilik qilib yurgan ekan. Endi u yumushni ham tashlab, buzilayotgan joylardan kitob izlab, kitob terib qopti! Bilmagan odam nima qiladi, go‘riga orqalab ketadimi, deb o‘ylaydi! U bo‘lsa, aslida bular qilishi kerak bo‘lgan narsaga — eshon otalaridan qolgan kitoblarni topib saranjomlashga yugurib yuribdi, kishini uyaltirib.
Olim qariyaning haybatimi, salobatimi bosib, xijolatga tushib bora boshlagan edi. Buni sezdirmaslik uchun ham u o‘rnidan turib, o‘choqning oloviga alahsidi. So‘ng yana jizzaga qistadi:
— Oling, taqsir, sovumasin.
— Rahmat, oldim. Yetkazganiga shukr, judayam totli bo‘pti. Endi asrga tayyorlana qolay, — deb yuziga fotiha tortib, tura boshladi va obdastaga suv olib, hovlining past tomoniga yuraverdi.

Qayd etilgan


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:26:35

Olim mutaassirlandi. Bu odam padariga qilgan yaxshiliklar, u zotning har namozda uning otini duoga qo‘shishlari yodiga tushib ketdi. To‘g‘ri, uning dargohida qolib, etagini tutib, o‘n yil xizmatini qilganda ham o‘sha bir yaxshilikni yo qaytara oladi, yo qaytara olmaydi. U hovli adog‘ida oq-oppoq bo‘lib, bir ixtimat, bir duolar ila shoshilmay, mukammal tahorat olayotgan sutchidan ko‘z uzolmay qolgan, nahot shu odam bizning idoralarda qaltisdan-qaltis, nozikdan-nozik topshiriqlarni ado etib yurgan, degan xayollarga tolib ketgan edi.
Ochig‘i, Olim bu odamga qay tarafdan yondoshishni bilmasdi. Aytsinmi, aytmasinmi?
— Agar umrim bo‘yi savobga daxldor va Ollohga xush keladirgan bitta ish qilgan bo‘lsam, yolg‘iz o‘shadir, otangizni chegaradan o‘tkazib qo‘yib kelganimdir, sho‘roning jabrxonasidan qutqarib, chiqarib yuborganimdir. Boshqa tarozu bosadirgan amalimni bilmayman... — deganiga ishonsa, aytaversa mumkindir. Maslahat solsa, bo‘lar... Lekin xuddi o‘sha «ishi»dan kuyib qolgan, tag‘inam ozgina insof qilib, pensaga chiqarib yuborishgan bo‘lsa-chi? Tilidan ilinib o‘tirmasmikan o‘zi? U shunday xayollarga borishga bordiyu ichkarida xuddi ming yildan beri ibodat qiladigan odamdek ixtimat ila namoz o‘qiyotganini ko‘rib, o‘z xayolidan o‘zi uyaliblar ketdi.
Nihoyat, qariya namozini tugatib, hovliga tushib keldi.
— Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokotux...
Olim bu gal ham dog‘da qoldi. Salomga ulgurguncha... u kishi birinchi bo‘lib salomga og‘iz ochdi. Yo rostdanam u shunday yaxshi qariyapti, yo...
Olim xijolat aralash yalt etib, uning yuziga qaradi: yo‘q, uning halimdan halim, nurli yuzida gidr alomatining o‘zi ko‘rinmasdi. Demak, sutchi Payg‘ambardan qolgan sunnat tariqasida salomga oshiqqan, xolos.
Ular nok soyasidagi haligina savzi to‘g‘ralgan ustolning ikki chekkasiga, ro‘parama-ro‘para cho‘kdilar. Birlari o‘ngib ketgan eski ustulga, boshqalari almisoqdan qolgan to‘nka ustiga. Ungacha Olim choy damlab keldi, uni ikki-uch qaytarib, ustiga sochiq yopdi. So‘ng Sutchini choyga qistadi:
— Oling, ustoz. Jizza chanqatgandir. Chindan qora qo‘chqorniki ekan. Qassob aldamabdi.
O‘choqda olov tez ham emas, sekinlab ham qolmagan, qozonda savzi bir tekis qaynar, qo‘lidanmi qaydan, zira hidi anqir edi.

Qayd etilgan


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:26:47

— Aldamasa, rozi bo‘lib bersa, qanday yaxshi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vassallam shunday tijorat-savdoning zo‘ri, kishi naqd oxiratini topadi, deganlar. Qarab turasiz, u qozonga ham barakayu tot kirgizib yuboradi. Zo‘r chiqadi oshiz ham, — dedi Sutchi bir narsadan shuncha hikmat chiqarib.
— Obi-otash, uyaltirmasin ishqilib, — dedi Olim.
— Hammadan ham kecha Eshon pochchaning mana bu xazinalari topilgan kunda yetib kelganiz-chi! Ruhlari behad shod bo‘ladigan bo‘ldi.
— Olloh o‘zi dilga soladi, shekilli, turib-turib va’dam esimga tushib ketaverdi, — dedi Olim birdan Sutchini topgisi, topib otamlashgisi, allaqancha narsalarni so‘ragisi kelaverganini eslab.
— Dilga solganda-chi! Agar tiriklar belgi berib sog‘intiraversa, ziyorat qilmoq lozim. O‘tganlar tushga kiraversa, tilovat afzal. Bu dunyo shunday qurilgan. Birida topilgan savob, ikkinchisida asqotgay. Yelkada tog‘day gunohlar bilan o‘tib ketishdan Ollohning o‘zi asrasin.
Olim bir dona jizzani chaynagan joyida og‘zi kakra tortib, yutishini ham, yutmasini ham bilmay bo‘g‘zida turib qoldi. Qolaversa, u nimaga kepti? Qariya xuddi bilganday o‘sha ezib yotgan tog‘day gunohlardan so‘z ocha-yotgan edi. U o‘sha achchiq narsani (namak ham shunchalar taxir bo‘larmi?!) zo‘r bilan qult yutib edi, azbaroyi mijjalaridan tirqirab yosh chiqib ketdi. Qariyaga sezdirmaygina u yoshni kafti-la sidirarkan, ko‘kragining tagi simillab sirqiradi. Koshki bu yelkadan ezib yotgan narsani dabdurustdan birovga aytib bo‘lsa!.. Aytganda ham tushuntirib bo‘lsa! O‘zlari bir qorindan talashib tushgan — ikki jigar, xolos. Padari buzrukvorlaridan keyin suyanadigan kimlari qoldi? Lekin ularning yurishlari... bu ahvol. To‘zigandan to‘zib... Birlari ikkinchilariga bir hamiyat qilolmay... Yig‘inolmay... har qaysilari har diyorlarda...
Olim choy quyaturib, sergak tortdi:
— Uzr, ustoz, so‘ramay qora choy damlayveribman, ichaverarmidingiz? — dedi qariyaning ra’yiga qarab.
— Hechqisi yo‘q, — dedi Sutchi, yengil bosh silkib. U hozir keng oq yaktak ustidan yengil nimcha kiygan, boshida ham ko‘klam havosiga monand duxoba taqiya bor edi. Shu o‘tirishida taqvodor namozxondan ko‘ra ilm ahliga ko‘proq o‘xshab ketardi. — Jindek ko‘kchoy tashlab yuboring, omuxta bo‘ladi-qo‘yadi. Bu faslda omuxtasi ma’qul.

Qayd etilgan


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:27:05

— Yaxshi aytdiz, — Olim ko‘rgan tokchasidan quruq choy olib chiqib, kamiga qaynagan suv buradi. — Shuning ustiga jindek kiyik o‘ti bo‘lgandami, — dedi nazarida o‘sha o‘t hidi gurkirab ketganday bo‘lib.
— Oh-oh, jonivorni ichganiz sayin tan rohatlanadi bir, —dedi Sutchi xuddi o‘sha rohatni tuygan kabi, — endi guzar bu ahvol, kim ham Chorsuga tushardi bitta shu narsa uchun. O‘zi tog‘da bitsa.
— Shuni ayting. Ammo o‘zi juda beor narsa ekan, butun-butun maydonlarni tutib ketgan-a, terib ado qilib bo‘lmaydi.
— Qaerda ko‘rdiz? Tangritog‘ tomonlardami?
— Ha-da, hatto bir kuni qishda qor tagidan terib kepmiz jonivorni. Quruq cho‘pi qopti-yu, shunda ham och o‘sma rangda dam yeb, gurkirab chiqsa deng.
— Olloh o‘zi mahfuz. Eng noyob, eng nodir narsalarini o‘sha yoqlarga sochib, o‘sha tog‘larda saqlagan. Hatto diniyu iymonini kaftida laxcha cho‘g‘day tutib qochgan bandalariga ham o‘sha tomonlardan panoh bergan Olloh. Ko‘rgandirsiz, axir? — dedi Sutchi endi omuxta choydan lazzatlana-lazzatlana ho‘plarkan.
— Ko‘rdim-ko‘rdim, — dedi Olim shoshib ham allaqanday o‘ng‘aysizlanib, — shu yoqdan bosh olib ketgan alla qancha kishilarni. Surishtirsa, balki hammalari musofir chiqar...
— Albatta, u yerni ham bu dunyoning sog‘inch diyori deb bo‘lmaydi. Orzu qilma har yerni, har yerda bordir tosh-tarozu, deganlar. O‘sha joyda ham zulm urug‘ini sochguvchilar bilan bu hayotning taxir suvlarini ichguchi mazlumlar istagancha topiladi. Shunaqa. Bu imtihon dunyosida hech kim sinovdan qochib qutulolmaydi. Va odam bolasi biron yerda o‘ziga jannat qurolmagan, qurolmaydi ham.
Olim yalt etib suhbatdoshining yuziga qaradi. U bu gapni juda xotirjam, hech pisandasiz, hatto ishonch-la aytmoqda edi. U hayratda qolib:
— Dorilomon zamon, dorul diyor degan gaplar-chi, ustoz? Hammasi behudami?.. — deya oldi.
Sutchi mayin jilmaydi:
— Orzuga ayb yo‘q. Ne-ne saltanat so‘ragan hukmdorlar o‘tdi. Horun ar Rashidday, Iskandarday. Ne-ne islohotchilar kelib ketdi, har dorilomon jamiyatlarning tuzugini tuzib. Lekin kim zulmni ildizi bilan yo‘qotoldi? Hamma teng, hamma baxtiyor, odil bir jamiyat quroldi? Negaki insonning o‘zi avvalboshda qusurli yaratilgan. O‘zi qusurli bo‘la turib qanday komil jamiyat qursin?..

Qayd etilgan


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:27:16

— Bu gapizdan, — dedi Olim g‘alati tortib, — bu gapizdan oldingiyu keyingi barcha urinishlar behuda, barchasi besamar, deysizmi?
Uning ko‘z o‘ngidan o‘z jigari, diyoriga sig‘may musofir yurtlarda darbadar kezishga majbur bo‘lgan tug‘ishgani o‘tib, mijjalari namlanib keldi. Ichi sidirildi. Uning yuragi bo‘g‘ziga dovur achishib kelgan edi.
— Albatta, inson borki, odil bir jamiyat istayveradi. O‘ziga o‘xshaganlarni orqasidan ergashtiraveradi. Kurashaveradi, tinmaydi. Lekin bu degani qura oladi, qo‘lidan keladi, degani emas.— Qariya hamsuhbatiga shirin boqdi, — Orzumga yetdim, qurdim, mana bunday bo‘ladi, degani bormi? Hamma bilmasa ham Siz bilasiz.
Olim beixtiyor bosh silkiganini o‘zi sezmay qoldi:
— To‘g‘ri, qo‘yishmadi.
— Qo‘yishmasdi ham, — dedi Sutchi sovub qolgan choyini ho‘plab. Olim uning choyini yangilab, og‘ziga tikildi. — Jindek chegaradan chiqqan edilarki, nima qilishdi?!
— So‘nggi farmoyishlarni aytyapsizmi? — Olim savoldan o‘zini tiya olmadi.
— «Tangritog‘ yolg‘iz viloyat, emas. Lashkar tayyor tursin... So‘ng Dorilomon diyor bo‘lib yashagaymiz»dan keyin necha kun o‘ta qoldi?
— Demak, bir bemavrid farmon deb...
— Biz shunday ta’bir etaveramiz: haddan oshmasalar edi... chegaradan chiqmasalar edi... Yo‘q, bular bari bizning noqus fikrlarimiz, xolos. Aslida taqdir yozug‘i, Xudoning xohlashi — shunday. Tamom, vassalom,— dedi qariya hammasini bir tutum, bir qolipga sola qolib.
— Shuncha harakat, urinishlar-chi? Ularning zoe ketishi-chi! Bu ham bir imtihon, bir sinov, xolosmi?— dedi Olim qariyaning mushohadasidan hayratga tushib.
— Shu. Sinovdan bo‘lak narsa emas.
— Unda... inqilobdan murod, shuncha mo‘min-musulmon, boturlarning sa’yi-harakatlari puchga ketishining hikmati nima? O‘sha inson bolasining behuda urinishlariga borib taqalaveradimi yana?

Qayd etilgan


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:27:32

Qariya miyig‘ida kulibgina qo‘ya qoldi. Boshqa tomondan yondoshib dedi:
— Mana, Siz o‘sha vaqtda shu voqealarning ichida yurgan odamsiz. Xo‘p, to‘ramni o‘ljangiz ko‘p, qurol olmaysizmi, sotiladigan yarog‘ bor debmi, boshqa narsa debmi, ishqilib avrab o‘g‘irlab ketishipti. Lekin nega shuncha boturlar, dorulomonchilar ichidan u kishining yo‘lini davom ettirib keta oladigan bir murobit chiqmadi? Chiqqanida ham tinch qo‘yisharmidi?
Olim o‘zi ham u mamlakatga nimaga tashlanganini eslab, so‘nikib qoldi. Darvoqe, ko‘z-quloq bo‘lib turgan, ichida yurgan, topshiriq olgan maxsus odamlar, maxsus xizmatchilar qancha edi. Ularning vazifasi aniq edi-ku.
— O‘sha yetim qolgan hukumat butun tarkibi bilan muzokaraga borib, nimaga erishdi, nima topdi? Mendan ko‘ra yaxshiroq bilasiz.
Olim yalt etib, suhbatdoshining ko‘ziga qaradi. O‘zi bilmagan narsalarni bu qariya miridan-sirigacha biladigandek tikildi.
— O‘sha hukumat a’zolari tushgan uchoq qismati haqidagi gaplar qanchalik haq, ustoz? U chindan toqqa urilib ketganmi, yo?..
— Yolg‘iz Olloh biladi, bandasining taxminlari folbinning foliday gap, bo‘tam.
Olim uning nima demoqchiligini tushundi:
— Bu narsa hali-veri ochilmay — sirligicha qolgaymi?
Qariya bosh irg‘adi:
— Sir pardasini ko‘targuchi kuch hali-veri sahnaga chiqmagay. Rasmiy axborotlar berilmaganidan bilavering.
— Men bir narsaga tushunmadim, — dedi Olim rostiga ko‘chib. — Nima, xalq g‘alayon ko‘tarishini kutish kerakmidi? Ta’ziya berib qo‘ya qolsalar oson emasmidi, mish-mishlar yoyguncha?..
Sutchi «soddasiz, sodda», degan kabi miyig‘ida kulib, ensasini siladi. Savoliga savol ila:
— Mish-mishdan kuchli nima bor?! U o‘z mevasini berdimi ishqilib? — dedi.
— Qanday?
— Ular o‘ligini bo‘lsa-da, talab qilishdi, bular olib borib qutulishdi. Shunday bo‘ldimi, axir?
— Shunday.
— Men-ku bu yoqdagi odam, voqeaning mantig‘idan chiqib, aytyapman, — dedi qariya o‘sha-o‘sha bosiqlik bilan. — Lekin Siz... ichidagi odam u g‘alayon, u ko‘tarilish, u motam kunlarining butun dahshatini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak?

Qayd etilgan


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:27:44

Olim mutaassirlanib, bosh silkidi:
— Temir tobutlar borgan kunni aytasizmi?.. Hech qavmning boshiga solmasin, ko‘rsatmasin u kunni, — dedi tin olib, — butun yurt, butun Tangritog‘ aza tutdi.
— Tushunaman. Tasavvur etyapman. Endigina ozodlik nash’asini totgan, yelkasiga oftob tekkan xalq... yetim bo‘tadek bo‘zlab qolaversa, qiyin-da.
— Nimasini aytasiz, mening o‘sha ko‘rganim bir umrga yetadi, — dedi Olim yana to‘liqa boshlab.
Sutchi sovub qolgan choyini simirib, xuddi temirga suv berilgandek tuydi o‘zini. Orqasiga suyanib, tepalarida ko‘klam yellarining podasiday to‘zib yurgan o‘rkach-o‘rkach bulutlarga tikilib qoldi-da, yana ko‘zini tushirdi.
— Sizlar o‘sha kunlari o‘sha hayitnamozlik maydonida bo‘lgansizlar-da?
— Ha, topshiriq bilan, bitta qo‘ymay o‘sha yerga chaqirib olishdi. Borib, xalq orasida turganmiz.
— Eshon buvam-chi? — dedi qariya kutilmaganda suhbat asnosini bu yoqqa burib.
Olim bosh to‘lg‘adi:
— Yo‘q, chiqa oladigan holda emasdilar. Men xabarlarini topib borganimdayoq juda munkillab qolgan ekanlar. Lekin namozni kanda qilmasdilar. Tahoratsiz o‘tirolmas, zikru sanodan bo‘shamasdilar. U yoqni ko‘rgan odam — juda hilvirab qolgan ekanlar. Ko‘pga bormadilar.
— Tag‘inam ko‘rib, duolarini olib qolibsiz, — dedi qariya taskin berib. — Bu ham katta davlat.
Olim ko‘ngli buzilib, qanshari aralash ensasini siypab qo‘ydi:
— Ollohning mehribonchiligiyu asrashi, deyavering! Daraklarini topmasam, ko‘rmasam — nima qilarkanman?! Tip-tikligimcha qolarkanmanmi! Eslasam, yuragim orqaga tortib ketadi hozir ham.
Qariya unga sinchkov qarab qo‘ydi. Bu gaplardan jindek shubhalandi ham. Ammo nima bo‘lganda ham ro‘baro‘-sida eshon buvamning zuryodlari o‘tirar, undan shubhalanish — shakkoklikka o‘xshab ketar edi. O‘ldimi! Kim bo‘lganda ham padaribuzrukvoriga bo‘lishgan odamga yomonlik sog‘inadimi? Istagan taqdirda ham Olloh izn bersa qiladi-da. Izn bo‘lmasa, kim bir dona mo‘yiga tegina oladikan?

Qayd etilgan


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:28:00

Tanlarni yayratib shamol huvillab o‘tdi. Nok gullarining qolgan-qutganlarini ham uchirib-tushirib, hovli yuzida chirpirak qilib o‘ynadi-o‘ynadi-da, uy taglariyu ostona ostlariga to‘dalab, tashlab ketdi.
— Havoi-jahon chindan aynidi shekilli, — dedi qariya boyagidek osmonning bulut toshib, tekis egallab borayotgan burjlariga nazar tashlab. U allaqachon oftobni o‘z qora pardasiga o‘rab bo‘lgan, uning botib ketmaganini hov bir chekkadagi, hali qora bulutlar to‘dasi yetib bormagan joydagi kaptar qoniga bo‘yalgandek yakkam-dukkam pag‘a bulutlardan bilsa mumkin edi.
— Qozonni oshxonaga ko‘chiramiz shekilli. Yo gurunchni solib yuborsam, dam yeb ulguradimikin-a? — Olim olovga o‘tin tashlashini ham, tashlamasini ham bilmay ko‘kka alangladi. — Kunbotar tomonlar hali tinch shekilli?
Sutchi o‘sha yoqlarga zingil tashlab, fikriga qo‘shildi:
— Tinch-tinch. Yog‘ib boshlasa, tim qo‘rg‘oshin tusga kirardi. Gurunchni solib yuboravering. Hali o‘tiraturamiz. Endi gashtli bo‘lyapti.
Olim avvalo o‘choqdagi o‘tni ko‘tardi. Gurunchni yuvib kelib, bir tekis bostirdi. Suvi kamroq ko‘rinib, kapgir ustidan bir cho‘michgina qaynagan suv quygan bo‘ldi. Qaynab chiqa boshlagach, yog‘och qoshiq bilan gurunch orasini yorib, qayta ag‘dardi. Tobiga kelgach, yana gumbaz qilib yig‘di. O‘choq ostidan ortiqcha cho‘g‘u chalalarni tushirib, boyagi tog‘oracha bilan damlashga tutindi.
Xayolga tolib ketgan qariya hiyla dunyo ko‘rgan, kirishimli hamkasbini o‘ylab ketgan, har narsa qo‘lidan kelishiyu topqirligiga havaslanib o‘tirar edi.
Ayniqsa, uning fikrlashi, turib-turib mutaassirlanib ketishi yoxud gunohkor odamday so‘nikib qolishi qiziq tuyulmoqda edi. Bu toifa odamlar ichida kamdan-kam uchraydigan hol. U bilan nima sodir bo‘la qolibdi ekanki...
Olim qo‘lini chayib kelib, artinarkan:
— Choyni yangilaymi, ustoz? — deb taraddudlandi.
Qariya bosh to‘lg‘adi:
— Keyin, hozir ayni o‘tirishli havo bo‘lyapti. Afsuski, supamiz yo‘q. Bo‘lmasa, yonboshlab o‘tgan-ketgandan suhbat qurishga nima yetsin edi.

Qayd etilgan