— Bilmadum, Mahfuz. Hammasi Ollohdan. U dilimga soldi — aytdim, qolganini ham o‘zi o‘nglagay istasa. Sen duodan qolma.
— Qolmagayman, qolmagayman... Yaxshi boring faqat.
— Yaxshi qol, — dedizu men Sizni yo‘qotub, huvillagancha qolaverdum. Endi o‘zumni qarg‘aymanki, u yog‘i yo‘q: topganumda nega qo‘yib yubordum, deb!
Nega o‘krab yig‘lab, kichigoyimgilarniyu hammani uyg‘otib yubormadum!
Nega jilla qursa, inshaalloh demadum!
Shunday desam, bu kunlarga, bu malomatlarga qolmasmidum. Hamma keladigani ortda ekan. Siz ketdizu men hech yerga sig‘may qoldum.
Ikki oygina yayrab yurganlarum, o‘sha kechani eslab bir yerga yetganlarum hammasi burnumdan buloq bo‘lib chiqa boshladu. Kasalni yashirsang, isistmasi oshkor qilganiday, Sizning u tashrifingizni bo‘yimda bo‘l-gan narsa oshkor etib borardu. Uni sirib ham, halfillagan keng ko‘ylaklar kiyibam yashirolmasdum. Zingilli ko‘zlar, sinovchan nigohlardan qochub qutulolmasdum.
Axiyri ostona hatlab chiqolmay qoldum, Kattabog‘ga gap tarqab ketupti: anuv ko‘hlik kelin bo‘yida bo‘p qopti, deb! Qani, tushuntirib bo‘lsa Siz kelganingizni... bu ishlar shar’an ekanini. Hatto kichig-oyumlarga aytmagandum, endi qanday og‘iz ochaman? Qolaversa, Sizga va’dam bor, bergan so‘zim bor. Endi qaysi til bilan ochaman u tashrifingizni? Nega bu yog‘ini o‘ylamagan ekanmuz?
Boshimga qopmu — nima kiydirilgan odamga o‘xshayman. Dunyo shunchalar zimiston, ertam shunchalar qoron-g‘u. Olloh o‘zi yo‘l ko‘rsatmasa, bilmam, undan qanday qutularman? Najot ko‘rinmaydu hech. Yo o‘zingiz kelib qutqarib qolasiz, yo nolam Ollohga yetub, O‘zi ku- shoyish bergay — boshqa yo‘l yo‘q!
Faqat esumni yeb qo‘yib, Olloh izn bermagan ishlarga qo‘l urib, rahmimda ko‘tarib yurganum — Yodgormurodingizning onasimas, qotilasi bo‘lib qoluvimdan qo‘rqaman. Keyin nima qilaman? Ollohning qoshida nima deb javob bergayman?! Uning qoshida xijolat bo‘lgandan bu dunyoning har nechuk azoblari afzal! Shu andishami — nima, menu bu dunyoda tutib turibdu, ushlab turibdu. Qolgan barchasi — kechib yuborgulik! U malomatlar oldida o‘tib yuborgulik! Bu yog‘u nima bo‘ladu, bilmayman. Misoli ulkan choh — so‘ngsiz qorong‘ulik bir jar ro‘parasidaman. Meni uning yoqasidan kim ham qutqargay? Kimga og‘iz ocha olgayman? Axir, o‘zingiz tayinlagansiz. Yo‘l ko‘rsating, bir imdod bering, Sultonmurod aka? Mahfuzam omon bo‘lsun, Yodgormurodim tirik qolsun desangiz — jilla qursa, Ollohga iltijolar eting. O‘zi yo‘l ko‘rsatsun, kushoyish bersun. Bosh-qa kimdan madad tilay?! Izlay, qidiray?..
Ey, Parvardigorim! O‘zingga iymon keltirganman. O‘zing yorlaqa va bir yo‘l ko‘rsatgil. O‘zing sabru jamiil ato et yo shu musulmonlik holumda bu omonatingni ol. O‘zing qo‘lla»...
* * *
Endiyam ishonmayinmi, Sultonmurod akang kepti, degan gaplarga? U tushlarimgacha bundayin kirib yursa?
... U nimadan belgi, imdod beryapti? Endi qaytishidanmi? Qachon qaytadi ekan? Chaman akam bilanmi? Buni ham bilmasdim...
Kutamiz, intiqib-intiqib kutaveramiz.