Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 203023 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 34 35 36 37 38 39 40 41 42 43 44 ... 52 B


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:41:01

Bu orada u otini devorga yonboshlab o‘sgan bukri jiydamizga bog‘lab, bu qishdan xiyla tob tashlab chiqqan yakka tavaqali eshigimizni itardi. Eshik chindan ancha og‘irlashib qolgan shekilli, g‘ijirlab zo‘rg‘a ochildi. Kelgan odam unga sig‘may yana itarib edi, eshik kesakisiga qo‘shilib, usti lopilladi. Bu ham yetmagandek, shuvillab sarxoki to‘kilgan edi, u yelkasini qisib, yarim qadam chekindi va ostonada turib, zulfinni qoqdi:
— Hoy, kim bor? — Go‘yo qochadigan hech kim yo‘qmi degandek u tomoq qirib, yo‘talib qo‘ydi.
Men ang-tang qopman: milisaning bunaqasini endi ko‘rib turardim! Anuv shaharlikka o‘xshatib adashibman shekilli! Tavba, birovning ichkarisiga ko‘z qirini tashlashdan tiyilib-tortinadigan odam... qandoq bu fo‘rmani kiyib opti?
Ammo qay ko‘z bilan ko‘rayki, u ijozatsiz ostona hatlay olmay turar edi. Men o‘tirgan yerimdan qaddimni ko‘tarib, ovoz berishga shaylangan joyimda... otxona ortidagi jiyda tagida oyimning qoralari ko‘rindi. U kishi paxsani buzib opamlarnikiga ochilgan yo‘ldan chiqib kelar edilar.
— Hozir-hozir... — Oyim shunday deb ovoz bergancha, orqalaridagi Mahfuz kennoyimga «keting-keting»lab jiyda tagidan hovliga chiqib keldilar.
Ostonadagi odam oyimning qo‘l silkishlariyu o‘rta yo‘lkadagi kennoyimni ko‘rdimi-yo‘qmi, bilmayman, oyimning ovozlarini eshitib, qaytdi. O‘sha yoqda turib, javob-muomala qiladigan odamdek eshikni o‘ziga tortib edi, u boyagidek g‘ijirlab yana sarxoki to‘kildi.
Oyim supadan o‘tib, ro‘mollarining bir uchini tishlagancha yarim o‘girilib to‘xtadilar.
— Aytavurning, nima ishingiz bor edi, kimsiz?
Oyim tanishlarning oldiga chiqib boraverar edilar, qochmasdilar, buning ovozidan begonasiradilarmi — yarim yo‘lda — ovoz eshitiladigan joyda to‘xtagan edilar.
— Xolamoyi, menman, Zokirjon uchastkovoyiz: taniysiz. Gapim bor edi, Sulton oshnamizga tegishli.
Oyimlardan oldin mening tepa sochim tikka bo‘ldi: bu dog‘uli nimalar deyapti? Oyimlarni avrab, nimani bilib ketmoqchi?
— Oyi, — dedim o‘tirgan joyimdan shipshib.

Qayd etilgan


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:42:27

Ammo oyim akamning nomnii eshitgandayoq o‘zlarini yo‘qotib, ko‘cha eshikka chiqib bora boshladilar:
— Voy, shunaqami? Kiravuring, nimaga qarab turibsiz? Shundan shu yoqqa kelasiz-u, kirmay ketasizmi?
Hay-y, esiz, o‘zim chiqib bormaymanmi, darvozadan qaytarib yubormaymanmi!.. Oyim ham qiziqlar, kennoyimni opamlarnikiga chiqarib yuborganlari nimayu, buni «kiring»lab qistashlari nimasi? Milisa zotiga ishonib bo‘larkanmi! Ammo endi kech edi. U ichkariga kirib bo‘lgan, engashib — oyimlarga yelkasini tutib turar edi. So‘ng qaddini ko‘tarib, kamiga shan-g‘illadi:
— Tanidizmi, xolamoyi. Men o‘sha Zokirman, hozir bu yoqqa o‘tganman. Shu yoqlar hammasi menga qaraydi, tinchligini mendan so‘rashadi. Shunday-shunday. Anuv kuniyam kelgan edim. Qo‘shniznikiga kelganlarni opketgani...
O-la, maqtanchoq! Ahad akalar tutib, xabar berguncha qaerda edingiz? Tayyoriga keldingiz-ku!
Men g‘ashim kelib, azbaroyi chetga qarab, chirt tupurdim: xuddi o‘zi ko‘rgandek og‘zini to‘ldirib maqtanganiga o‘lasizmi?
— Umriginangizdan baraka topinglar, yaxshiyam sizlar borakansiz, bo‘lmasa, qo‘shniginamni naq tuyoqlay deb turgan sigirini gum qilib ketishar ekan, — dedilar oyim alqab.
— Sigir ham gapmi?!— dedi mehmon sirli qilib,— ularning niyatini hech kim bilmaydi, ha.
— Shunaqami?— dedilar oyim uni ichkari boshlab.
— Ha-da. Ammo-lekin birovga aytadigan gapmas! Yo‘liga shunday kelib, tekshir-tekshir qilib o‘tirishgan. Amakini surishtirgan kishi bo‘lib, mehmondorchilikni quyuq qilib... maqsadlari esa boshqa...
— Voy, kishi ko‘ziga ekanmi?
Oyim tezroq borib, zinadagi suv chelagu jomni yo‘ldan ola boshladilar. Men esam, bu izquvar ipi-risqiga (xolamlarnikida surishtiraverib ensalarimni qotirgani hali yodimda turibdi!) ko‘ringim yo‘q, tol tepasida miq etmay o‘tiribman. Ko‘zi tushmay o‘tib ketsayu — qutila qolsam...

Qayd etilgan


shoir  28 Sentyabr 2007, 16:42:40

Ammo hammaning ko‘zini shamg‘alat qilish mumkindir-u, milisaning nazaridan qutulish qiyin. Supayu hovli yuzi bilan bitta bo‘lib yotgan chiviqlarga ko‘zi tushgan zamoniyoq menga qaradi va eski qochqoq «do‘sti»ni ko‘rib ishshaydi:
— Iya, istudent, bugungi dars nima bo‘ldi, tol tepasiga chiqib opsiz?
Men tushuntirish bergim kelmayinqirab, toldan devorga o‘tish harakatiga tushaboshlagan edim, oyim zinadan javob qildilar.
— Bu damda, akajonisi.
— Dam? — Milisa shubhalanib, bir menga, bir oyimlarga qaradi, — hamma bolalar o‘qib yotibdi-ku?
Men hamon javob berishni o‘zimga ep ko‘rmay tushishga imillardim.
— Bir yilga chiqdi, akajonisi, Hoji do‘xtir qog‘oz qilib berdi, — dedilar oyim.
U ham rosa qovoq-miyalardan ekan:
— Qog‘oz? Qanaqa qog‘oz? — dedi oyimning orqalaridan ergashib.
Mening g‘ijinim kelib turibdi. Hoji do‘xtir degandan keyin hammasi tushunarli-ku! Ijikilashiga balo bormi?!
Oyimlar-ku, menga nima bo‘lganini aytib, uning rahmini keltirish bilan ovoralar:
— Voy, Xudo bir qaytib berdi-ku. Shamollab deng, ko‘zini ochmay esxonamizni chiqarvordi-ku...
— Shunaqami? Men bilmapman, uzr-uzr.
U menga achinib qaragan mahal opamlarning yo‘lagi tomondan otilib chiqqan Bo‘ynog‘imiz o‘qdek uchib kela boshladi. Milisa chindan hushyor ekan, Bo‘ynoq irillash u yoqda tursin, damini ham chiqarmay uchib kela-yotgan, shu kelishida uning to‘pig‘idan olishi tayin edi. Ammo Zokir milisa qay ko‘zi bilan ko‘rib, qay sezgisi bilan bildi, kuchuk zinaga yetmay o‘girilib, kesak olayotgan kabi yerga engashib ulgurdi:
— Yot, esi yo‘q! — deb po‘pisa qildi kamiga.
Buning ustiga oyim ko‘rib qoldilar:
— Qayt, Bo‘ynoq!
It irillaganicha to‘xtadiyu, ammo oyimning ra’ylaridan o‘tolmay g‘azabini ichiga yutib, nochor orqasiga qayrildi.
Bir talab, o‘takasini yorsa, toza xursand bo‘lar, o‘sha tirg‘alganlarning armonidan chiqar edim-ku, afsus, it itligini qilmagan edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:04:12

Zokir milisa rangi o‘ziga kelib, zo‘rma-zo‘raki iljaydi:
— Iting yomon-ku, a?
Yomonga yomon degim keldi-yu, oyimlardan hayiqdim.
U shunda ham itdan ko‘zini o‘zmay (chalg‘isayoq oyog‘iga tashlanib qolishidan hayiqib) zinaga ko‘tarildi. So‘ng ikkala oyog‘ini baravar tapillatib edi, qaytib keta-yotgan it irillab tashlanmoqqa hezlandi.
— Bo‘ynoq, qayt! Esingni yedingmi?! — deb urishib berdim.
Zokir milisa gurji kuchugimizga ishshayib qa-radi.
— O‘zi zig‘irdek ekan-ku, bunda es nima qiladi?!
— Shu gapiz esingizda tursin, qaytishda ko‘rasiz,— dedim.
— Ie, shunaqami? Uzr-uzr, men yomonlamoqchi emasdim, — deb u ham kuldi.
Bo‘ynoq bunga javoban irillab, tishini ko‘rsatib qo‘ydi-yu, noiloj nari ketdi.
Men oshxona ustunidan sirg‘alib tushib, zinada kutib turgan «eski tanishim» bilan yo‘liga ko‘rishib qo‘yib, ishimga qaytaverdim. Uyga odam kelganda shuncha istak hovli bilan bitta bo‘lib yotsa, yaxshimasdir? Oyim ko‘rpacha yozib bo‘ldilar shekilli:
— Keling, opovsi, kiravering, tortinmang, — deb chaqirdilar.
Ular o‘tirib, duoi fotiha qilishgan, hol-ahvol so‘rashgan bo‘lishdi. Oyim hamma qolib, shahardagi opalarini, pochchani, ularnikidagilarni so‘rab-surishtirar edilar. Xuddi bu u yerga har kuni kiradigandek.
O‘rik bo‘rtiqchalarini bo‘rttirib, g‘unchachalarini anor donachalaridek qizartirib yuborgan ko‘klam oftobi asalarilarga ham jon baxsh etib yuborgan, ular chor-atrofni tutib, — g‘uvillab-vizillashar, shohdan shohga qo‘nib, ko‘z yora boshlagan g‘unchalar ustida namoz o‘qishar, o‘rik gullarini joynamoz etmoqchi bo‘lishar edi. Biz ham bugun uyning qishi bilan o‘tirib qolgan zahlari, mog‘oru ko‘mir hidlari ko‘tarilsin deb eshik-derazalarni ochvorgan edik. Shuning uchun dahlizdagi barcha gap-so‘zlar menga jangillab eshitilib turar, kirmaganimdan pushmonda emasdim. Nimaga kepti ekan bu go‘rso‘xta, deb ichim qizib turgan bo‘lsa-da, qo‘lim ishda — o‘zim istak terish bilan bandman-u, qulog‘im ding, o‘sha yoqda edi. Hech bir gapni qoldirmay suvdek simirib turibman. Zokir milisa bo‘ladiyu bekorga keladimi, u quv!

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:04:26

Ammo oyim shundan shu yoqqa kelgan mehmonni bir piyola choyu qaymoq bilan siylamay jo‘natgilari yo‘q edi. Tanchadagi choy, chambarakdagi qaymoq bilan qoniqmay ichkari uyning to‘sinidan cho‘pga ilib uzum olib chiqdilar, paqirdagi suvda chayib oldiga qo‘ydilar. Uni ham kam bilib, yong‘oq chaqib opkirdilar. So‘ng churrak non ushatib, katta tokchadan durda olib qo‘ydilar.
— Oling, qishloqning ne’matlari. Nasibangiz qo‘shilganakan, tortinmang.
Oyim uning qaysi bir so‘ziga iyib ketaqoldilar, hech aqlim yetmay turibdi. Milisa zotini ko‘rsalar tepa sochlari tikka bo‘ladigan odam buni opalarining o‘g‘lidek ko‘rib, aylanib-o‘rgilar edilar. Sultonga tegishli degan bir og‘iz so‘ziga shunchalik erib, iyib ketibdilarmi, tavba. Yo yuz-ko‘zidan bir narsani sezib siporishlayaptilarmi? Bularga ishonib bo‘larkanmi? Hech birovni ayaganmi bular? Avrasa mumkin, lekin o‘la qolsa, sir bermas.
— Oling, aylanay, qaerdan kelgansiz! Har qancha nonushtangiz bo‘lsa, yarim yo‘lda tushib qolgan. Oling, opovsi, osh bo‘lsin, — deb ora-chira qistab, choy uzatardilar oyim.
U esa Xudo berib, avval qaymoqni paqqos tushirdi. Keyin durda bilan uzumni.
— Voy, xolamoyi-ey, ammo-lekin durdani qotiribsiz. Manman deganlaram bunaqa durda qilolmaydi! Maska bo‘p ketipti, maska! Hov-v, sigir ko‘p yaxshi narsa-da! — derdi u. Nihoyat, u kekirib orqasiga yastandi. Shu yastangan kuyi choy ho‘playturib, men tomonga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi. Meni supada istak terish bilan ovora ekanimni qo‘rib, o‘zicha xotirjam tortib, uzoqdan gap boshladi:
— Xo‘sh, Kattabog‘da nima gaplar, xolamoyi?
— Nima gap bo‘lardi, tinchlik, — uning muddaosini anglamayinqirab javob qildilar oyim. Zokir-quv gapni mish-mishlarga burdi:
— Sulton qaytipti, yana anuvlarning xo‘b adabini beryaptimish, degan gaplar-chi? Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamas?
Oyim, qo‘l silkidilar:
— Hammasi bekorchi gaplar! Keladiyu qorasini ko‘rsatmaydimi? Shunga ishonib o‘tiribsizlarmi?
— Bo‘lmasa, kim... o‘g‘rilarning dodini berayotgan? Bir emas, qanchasi adabini yeb, pusib ketdi-ku, axir. Yo noto‘g‘rimi? — dedi u. Sinayaptimi-rostdan so‘rayaptimi, bilib bo‘lmasdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:04:37

— Yo‘q, — dedilar oyim qat’iy qilib, — Sulton bo‘lsa, qo‘rqib-netib o‘tirmasdi, kirardi.
— Demak, uning nomidan birov... shundaymi? — dedi milisa.
— Shundan bo‘lagamas. Uni bu yoqlardan izlab ovora bo‘lmay qo‘ya qolinglar. U sizlardan qo‘rqmasdi, bilasizlar-ku.
— Bilamiz, lekin... — Zokir milisa ovozini past-latdi, men qo‘ltig‘im tagidan uning oyim tomonga engashib bir nimalar deyayotganini qo‘rdim, — lekin Siz kechagilar bekorga kelgan deb o‘ylamang.
— Ularni atay... yuborishganmi?.. — dedilar oyim.
— Buyam... kishi ko‘ziga, — dedi u ovozini yana ham pastlatib.
— Voy, tuzoqmidi?
— Ha-da.
— Voy, o‘lmasam, — Oyim yuzlarini changalladilar,— Hali shunaqqibam tutadilarmi?
— Tutadilar, — dedi u.
— Boyaqish jigarimiz. O‘z yurtiga qaytishga ham ruxsat yo‘qmi?
— Siz nima deb o‘ylovdingiz, gunohlari kechirilganmas, — dedi u o‘sha-o‘sha past ovozda nimadandir hadiksiragan kuyi. Ora-chira hovliga ko‘z tashlab qo‘yadi. Mendanmi, kimdan hadiksirayapti.
— Voy, xudoyim, tutsalaroq qamaydilarmi? — dedilar oyim o‘takalari yorilib.
— Qamash ham gapmi, omonlik yo‘q unga. Shuning uchun, — dedi u yana ovozini boyagidek pastlatib, — esi borida...
Oyim hayron qoldilar:
— Nima, esi borida?... O‘zi yo‘q odam qanday etagini yopadi? Unga biz qanday yetkazar ekanmiz bu gapni? — deb tikildilar.Hatto men bir quchoq istak qo‘ltig‘imda yerga cho‘kkalaganimcha qolgan edim: nahot uning kelgani rost? Biz bilmagan narsani bular qaydan bilaqolibdi?!
Milisa tomoq qirib, men tomonga alanglab oldi. Bunga sari men hech narsadan xabari yo‘q odamdek ishga mashg‘ulman.
U boyagidek shipshidi:
— Siz menga ishoning. U chegaradan o‘tdi degan gaplar bor. Bo‘lak odam bo‘lsa kelib yurmasdim, ichim ham achimasdi. Shuncha mardliklar qilib yurgan odam... bekorga tuzoqqa tushib yurmasin. Bilib oling: bu gapni mendan eshitmadiz! Umuman, men bu yerga kelganimam-kirganimam yo‘q. Qoramni ham ko‘rmadiz. Xo‘p? Anuv o‘g‘ilchangiz ham... eshitdiz-a?`

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:04:48

Oyim allaqanday garangsib, shoshqich bosh silkidilar:
— Xo‘p, opovsi, xo‘p. Shu gap shu yerda qoldi.
— Xo‘p bo‘lmasa, men turdim. Mehmondorchiligingiz uchun rahmat.Qaymog‘u durdalaringiz esdan chiqmaydi. Sog‘insam kelaveraman, maylimi?
— Voy, maylisi nimasi? Qaymoq sizdan aylansin, eshigimiz hamisha ochiq.
U allaqanday oshiqib, oyimning duoi fotihala-riga ham qaramay o‘rnidan tura boshladi.
— Rahmat, endi orqamdan chiqib yurmang, — dedi u boshqa gapga o‘rin qoldirmay. — Men tekshirgani kelgan odamman. Har kim har xil tushunib yurmasin.
Oyim nochor dahliz o‘rtasidayoq to‘xtadilar.
— Xayr, Ollohning panohiga, — dedilar xijolatlanib.
— Xayr, — deb u zinamizga chiqib keldi. To‘xtab o‘sha yerdan keng hovlimizga, ochib qo‘yilgan-u, toklari ko‘tarilmagan ishkomlarimizga, devor bilan bo‘y talashib o‘sgan behilarimizu yana bu yoqda bo‘rtib yotgan ertangi gilosimizu govmichchadek qizarib, g‘unchalab kelayotgan o‘rikka suqlanib-havaslanib qoldi. Negadir ko‘zini yumib, (huzurlanibdir balki) yuzini ishqab qo‘ydi.
Va men — quchog‘imda bir dasta istak, uni ko‘ksimga bosgancha hayratlanib turganimni ko‘rib, issiq jilmaydi. Va shu issiq jilmayishida o‘zimga judayam tanish-boshqa birovga o‘xshab ketib, meni yana ham hayratda qoldirdi. Subhanalloh! Ko‘z oldimda tamomila boshqa birov — bizga yaxshilik sog‘inib kelgan ko‘k to‘nli, bo‘ydor odam turar, u akamning qay bir yigitlaridan biriga juda-juda o‘xshab ketar edi. Bunday hushqad, istarasi issiq kishini qachon, qaerda ko‘rgan ekanman?
Esladim.
U nimasi bilandir rahmatli Haybat akamga juda-juda o‘xshab ketgan edi. Tavba. Qanday qarindoshchiligi bor ekan ularning? Balki hamma mard, tanti yigitlar ham vaqti kelib, shunday ko‘rkam, xushqad tortib ketarmikanlar? Yuzidan nur yog‘ilishini ko‘ring buni. Kim aytadi uni Zokir milisa deb, hech kimga el bo‘lmaydi, deb? Boya kelgandagisini ko‘ringu hozirgisini ko‘ring. O‘zi nima voqea yuz bera qoldi?
Hushim o‘zimga kela qolmasdi.
Va shunda birdan ko‘zimga nima ko‘rinib ketdi deng?!.
Mol boqqani tushganimizda tepalarning yonbag‘irlarida, eski chaldevorlar kavaklarining shunday takkinasida piyoz po‘stidan ham yupqa, lekin bor bo‘yicha yarqiroq etini tashlab ketgan — ilon po‘stini ko‘rib, «voh, buni qara»lab yuborar edik. Hozir shu ko‘z oldimga kelib ketsa-ya, tavba. Nega, tushunolmasdim: ilon-ku po‘st tashlashi mumkin, lekin odam ham... o‘zgarib qola olar ekanmi?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:05:37

3. SABRU JAMIIL
(Mahfuz xatlar davomiga)


Kunlarning suvdek oqub o‘tushini ko‘rung. Kecha Maqsudxo‘ja qaynum ilinib, bir hovuch oq o‘rikning g‘o‘rasinu terib keptilar. Jonivor dumbul bo‘lib qoliptu deng. Voy, qayuttan topdiyz, qayutta oqaribtu, — deb quvonub kettim. Xalutdan bir ajoyib oqara boshlab, danak qoraytubdi. Kichigoyumlar bilan omonluq-somonluq qilduk. Keyun hovludagu gilosnu uzduk. Huzurini qush ko‘rguncha biravlarning og‘ziga tegsun, dedilar. O‘zi ikkinchi yil gullashi ekan-u, mush-mushakon qiptu, bargidan mevasu ko‘p. Olloh barakasinu yog‘dursa, shunaqa bo‘larmush, Kichigoyum aytsalar, og‘zum ochilub qoluptu. Maqsudxo‘ja erinmay gilosniyam, barginiyam sanab edular — ko‘p chiqdu. Yeganimuz, qo‘shniga chiqarganimuzdan tashqaru yana bir paqur bozorluq chiqdu. Bir chiroylu o‘tirib eduk, qaerdan keldi balo ertalabdan?...
Ular bozorga ketishgan, men hovlu supurar edum. Hali kun yoyilub, hovluni o‘pmay turib, kim ko‘chadan chaqirub kelaverdu:
— Hov, Salompa?! Kim var?! Bir jan varmu?!
Birov eshik zulfunu uzgudek taqullatsa, jonum tovonumga tushub ketuptu. Ovozidan dala qorovuli — anuv chulchutga o‘xshardu. (Uvatga yaqinlashgan molnu dumini kesub, o‘zini otxonaga haydab ketadurgan). Xoxolmu, chunchutmu, ishqilub Xudoning boshlu-ko‘zlu bir balosi. Nega kelibdu, zo‘r berub kichigoyumlarni chaqirub yotibdu? Aqlum yetmasdu...
— Varmu javap, yo‘qmu javap?! — Eshiknu itarsa deng, sarxoklari duv to‘kildu-tushdu. — Qani u ishga chiqadugan kelun?
Voy, halu shunga ekanmu, deb qalturab kettum.
— Apkettum malinu!
Oyoq-qo‘lim bo‘shashub tok tagiga o‘tirub qopman. Qalt-qalt titrayman faqat. Menu deb bularga shuncha zug‘um! Qayoqdanam keldum?
Hoy, to‘xtang, deb orqasudan chopgum boru... qani ovozum chiqa qolsa, o‘rnumdan tura olsam!..
Xudoning g‘azabi ekan-ku, bulariz. Hajjoji zolum nimayu bular nima!
— Shoshumang, opketumang, — deb chopgan joyimda... qo‘shni devor rahnasidan Rixsi opoqi ko‘rinub, jovullab berdilar:
— Hoy, noinsof, hoy, yashshamagur! Molga tegma, egasi kelmasdan tegma! Bir mushtiparga kuching yetdimi sanlarni! Tort, harom qo‘lingni! Hoy, Umar, qarang anavi chulchutga. Yetaklab ketyapti, yashshamagur.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:06:00

«Voy, manu deb opketyaptimu, nimaga opketadu»lab yugurgilab chiqsam, u yoqdan Islom amaku, bu yoqdan bosh-qa qo‘shnilar yetub kelishibdu. Qo‘rqmaskan-a! Molnu tashlab, ketishuniyam, ketmasuniyam bilmaydu! Shuning ustiga past ko‘chaning qayrilishidan boshqa bir otluq chiqub kela boshladu. Unu egarda qiyshuq o‘tirishidan tanub (U o‘sha qorayaloq — cho‘loq odam edu!) ichum sidirilub, bir xil bo‘lub ketubman! Sizga yolg‘on, Xudoga chin, nazarumda u mana bu chulchutni yuborib qo‘yib, orqasudan o‘zi kelmoqdaydi. Ichum shuvullablar ketdu. O‘lubmiz, sigirdan ajrabmuz, menu deb olib ketishadu, ularni shu kunga qoldirishadu deyman-u, nima qilarimnu, nima deyarimnu bilmayman. Bir qaltiroq bosub, kichkina tortub ketyapman.
Yo‘q, u yetib keldiyu... (voy, nega osmon uzulib tusha qolmadu, nega yer yorulub, yerga kirub keta qolmadum! Ko‘rmasdumam, kuymasdumam!) shuncha odamning ichida uyatlarga qoldirub, bizni himoyamizga o‘zi yuborgan chulchutni so‘ka ketsa deng! So‘kkanda ham bo‘ralab so‘kar, hammadan uyatlusi — atrofdagilar, qo‘ni-qo‘shnular uni nimaga so‘kayotganini anglab, hech narsa bilmagandek jim-jim, burilub ketmoqdaydilar, tarqab ketmoqdaydilar.
U esa, qorayaloq esa:
— Hov, it chulchut! Senga kim buyurdi, bir beva, bir boyaqishni zor qaqshat, molini yetaklab ket deb?! Harom burningni suqmagan shularniki qoluvdimi! — deb ustiga ot solib, qamchulab ketgudek bo‘lar edu.
Chulchut bo‘lsa, xushi uchub serrayub qoptu. Qani tili aylansa, kim buyurganinu ayta olsa. O‘zi buyurib o‘zi so‘karini qaydan bilsin. Axiyri bir nimalar deb g‘o‘ldirab edu.
— E, «var»lamay ket! Yo‘qol! — deb so‘kub tashladu.
Qo‘shnular oldida nima degan odam bo‘ldum? Menu deb, o‘zicha nimalarnu o‘ylab, shu yergacha keptu? O‘rtaga tushib yuruptu. Ko‘rganlar endu nima deydu? Kichi- goyum nima deb o‘ylaydular? Kelsangiz kela qolmaysizmu, Sultonmurod akajon? Qanday kunlarga qoldum?! Shularnuyam pardai ismatdagi qizu, kelinu bormukan? Yuzini sidirub tashlab kelaveradumu?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:06:13

Qanday sharmisorlik?! Jiyanu orqali so‘ratgani kamday, o‘zinu xomiy ko‘rsatub, oraga tushub keptu. Yer qanday ko‘taradu bundaylarnu?
Ichkaru kirib ketub, yig‘ladum-siqtadum, o‘zumdan o‘tganuni o‘zim bildum. Qani bosh urub boradurgan bir yerim, bir suyanchuqlarum bo‘lsa, bir kun ham turmasdum bu yoqlarda. Ilojsizman, benavo-bevatanman, qaerga ham borardum? Yoki Olloh shunday sinayaptimu?
Oyum aytardilar, chiroylu sabr etganlarga chiroylu ajr bor, deb. Ilojum qancha! Sizga yetishmoqning boshqa yo‘lini topolmayuturman. Tishumni tishumga bosub, sabr etsamgina Siz kirub keladigandeksiz. Ungacha barchasi imtihonga, mening sabrum, nomus-orumni sinashga o‘xshaydu. Hammasini Olloh ko‘rib-bilib turgandur. Pokligumniyam, sodiqligumniyam, barcha xo‘rliklarga miq etmayun, chidab o‘tirganumniyam.
Kichigoyumgilar kun yoyilganda kelishdi. Yo‘lda bir uchini eshitibdilarmu:
— Nima bo‘ldi, nimaga kepti, Ollohning qahriginasiga yo‘liqqur? — dedilar.
To‘lib turgan edum, quchoqlab olub, shu yig‘lab berdum, shu yig‘lab berdum. Negaliginu aytolmay: «Menga javob bera qoling, kichigoyujon, keta qolay, qoramni o‘chira qolay shularning ko‘zidan. Sizlaram tinchigaysiz, menam» derdum. «Jon kichigoyujon, shahargamu, bir yoqlarga jo‘nating. Kasrum urmasun, jadumga qolmangiz», deb uvvalo yalinardum, o‘tinardum.
Ammo u kishi menu siltab tashlab, urishib berdilar:
— Qanaqa kasriz, qanaqa jadiz?! Sizda kasr nima qilsin, kelinposhsha? Qayoqdagi gaplarni gapiryapsiz? Men sizni xo‘rlatib qo‘yarkanmanmi! Yana bir marta oyog‘ini bossin shu yoqlarga, o‘zini qaerda ko‘rarkin! Sultonmurod ketib, bosar-tusarini bilmay qoptimi! Shoshmay tursin hali.
— Qo‘ying, kichigoyujon, o‘shalarga teng kelmang. O‘chakishmang. Javr sotub olub, jadumga qolmang, — deb yalinardum men.
— Qanaqa javr?! — dedilar u kishi, — hech yoqqa ketmaysiz. Sultonmurod kelguncha qum-toshdek o‘tirasiz shu uyda. Dalasiga ham chiqmaysiz, ishigayam bormaysiz! Ordonalar qolsin dalasi! Kelsa, mana men turibman, menga uchrasin. Boring, uyizga kiring. Behuda xayollarni boshizdan chiqarib tashlang. Bitta kelinimni asrab o‘tirolmasam, men kimman?

Qayd etilgan