Rivoyatlarga ko‘ra, arshni ko‘tarib turuvchi farishtalar sakkiztadir. Oyatda: «Iymon keltirurlar» deyilishdan murod — Allohning yagonaligini, Uning sherigi va tengiÂo‘xshashi yo‘qligini tasdiqlaydilar. Agar: «Parvardigoriga hamdu sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab tasbeh ayturlar va U zotga iymon keltirurlar», oyatida iymon keltirurlar jumlasi: «poklab tasbeh ayturlar» so‘zidan keyin kelmoqda, tasbeh aytish faqatgina iymon keltirgandan keyin bo‘ladi-ku?!» degan savol tug‘ilsa, «Bundan maqsad iymoning sharafi, uning fazliga baho berish va unga targ‘ib qilishdir», deb javob berish mumkin. «Farishtalarning «TavbaÂtazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O’zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin», deyishlaridan foyda nima? Holbuki, insonlar tavba qilib, solih amallar qila boshlasalar, Alloh ularni mag‘firat etishga va’da bergan bo‘lsa, Alloh aslo va’dasiga xilof ish qilmaydi-ku?!» deyilsa, biz aytamiz: «Mag‘firat talab qilish shafoat manzilidir. Uning foydasi o‘sha bandalarning savobi va mukarramligining ziyoda bo‘lishidir». Ba’zi ulamolar: «Farishtalarning ular uchun istig‘for, mag‘firat so‘rashlari, «U yerda buzg‘unchilik qiladigan, qonlar to‘kadigan kimsalarni (xalifa) qilasanmi? Holbuki, biz hamdu sano aytish bilan Seni ulug‘laymiz va Sening nomingni mudom pok tutamiz», degan oyatning muqobilidir», deyishgan. Farishtalar avvalo, bilmagan narsalarini aytganlaridan keyin, bu qilmishlariga yarasha ular uchun mag‘firat tiladilar. Bu narsada boshqalarga ham tanbeh bor. Agar kimdaÂkim boshqa birov haqida noloyiq gaplarni gapirgan bo‘lsa, bu qilmishiga uzr aytgan holda, o‘sha kimsa uchun istig‘for aytishi vojib bo‘ladi.
Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: «Alloh arshni yaratgach, farishtalarga uni ko‘tarishga buyurdi. Farishtalarga uni ko‘tarish og‘irlik qilganida, Alloh: «Subhonalloh», denglar, dedi. Farishtalar: «Subhonalloh», deyishgach, arsh yengillashdi. Ular ko‘tarib turganlarida tinmay: «Subhonalloh», dedilar. Alloh Odam alayhissalomni yaratgach, Odam alayhissalom aksa urdi. Alloh Odam alayhissalomni «Alhamdulillah» deyishga ilhomlantirdi. Shunda Odam alayhissalom: «Alhamdulillah», dedi. Alloh taolo: «Yarhamukallohu (ya’ni, senga Alloh rahm qilsin). Mana shuning uchun Men seni yaratgandim», dedi. Farishtalar: «Bu buyuk kalimadir. Bizlar bundan g‘aflatda qolmasligimiz lozim. Buni avvalgisiga qo‘shaylik», dedilar. Ular: «Subhonallohi valhamdulillah», deya zikr qila boshladilar. Shunda arshni ko‘tarish yanada yengillashdi. Ular shu zikrda davom etdilar, toki Alloh Nuh alayhissalomni payg‘ambar qilib yuborgunicha. Ilk bor butlarga ibodat qilganlar Nuh alayhissalomning qavmi bo‘lib, Alloh Nuh alayhissalomga qavmini «La-a ilaha illalloh» kalimasiga da’vat etmoqni buyurdi. Shunda farishtalar: «Bu uchinchi buyuk kalimadir, buni avvalgi ikkitasiga qo‘shaylik», dedilar. Endi ular tinmay: «Subhonallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illalloh», deya boshladilar. Alloh taolo Ibrohim alayhissalomni payg‘ambar qilib yuborguncha shu uchta kalimani aytishda davom etdilar. Alloh Ibrohim alayhissalomni payg‘ambar etib, u kishiga o‘g‘illarini qurbon qilishga buyurdi. So‘ngra o‘g‘illari evaziga jannatdan qo‘chqor yubordi. Ibrohim alayhissalom qo‘chqorni ko‘rganlarida shodlanib: «Allohu akbar», dedilar. Shunda farishtalar: «Bu to‘rtinchi ulug‘ kalimadir. Buni ham avvalgi uchtasiga qo‘shaylik», dedilar va tinmay: «Subhonallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illallohu vallohu akbar», deya boshladilar. Jabroil alayhissalom bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga so‘zlab bergan vaqtlarida, ul zot ajablanib: «La-a havla va la-a quvvata illa billahil aliyyil ‘aziym» dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom: «Bu kalimani ham avvalgi to‘rt kalimaga qo‘shamiz», dedi.