Ibrohim Zayyod, bir o'likka rahmat so'rab duo o'qiyotgan bir guruhni ko'radi. Deydiki:
- Agar o'z nafslaringizga rahmat so'rab fotiha o'qisaydingiz, siz uchun xayrliroq bo'lar edi!..
Tafakkur, ibrat olish, "safar"ga hozirlanish va tobut olib ketilayotganda tavozu bilan yurish, o'lgan kishi hatto fosiq bo'lsa ham, u haqda yomon fikrlarga bormaslik janozada hozir bo'lganlarning odobidan hisoblanadi. Kishi o'z nafsi haqida - nazarida yaxshi ko'rinsa ham - yomon fikrda bo'lishi kerak, lekin o'lik haqida aslo yomon fikrda bo'lmasligi lozim. Chunki oxir-oqibat shundayki, yaxshi bo'lsa ham, yomon bo'lsa ham endi bilinmaydi.
Bir kishi payg'ambarimizdan so'radi:
- Ey Ollohning Rasuli, insonlar orasida nafsoniy orzularidan eng tez qutulib ketadigani kim?
Rasululloh buyurdilar:
- Qabrni va o'zini kutib turgan balolarni unutmagan, dunyoviy zavq va orzularini tashlab keta oladigan, mangu narsani o'tkinchi narsadan afzal bilgan va nafsini qabr ahlidan biri deb hisoblay olgan kishi, nafsoniy orzularini tez tizginlab oladi.
Hz.Alidan: "Nima uchun mozorga yaqin joyda yashaysiz?" deb so'radilar. O'shanda shunday javob bergandi:
- Mozorlar (qabrlar) mening eng xayrli, eng sodiq qo'shnilarim. Ular tillarni yomon so'z aytishdan qaytaradilar, oxiratni xotirlatadilar.
Hz. Usmon - Olloh undan rozi bo'lsin - yo'l ustida biron qabrga duch kelganda to'xtar va shunday yig'lardiki, soqoli ko'z yoshlaridan jiqqa ho'l bo'lib ketardi. Bir kuni undan sababini so'rashdi va: "Jannatni va jahannamni esga olgan chog'ingda yig'lamaysan, bir qabr boshiga kelib qoldingmi, o'zingni yig'idan to'xtataolmaysan?!" - deyishdi.
Hz.Usmon shu javobni berdi:
- Men Rasulullohdan eshitganman. U aytardiki:
- Qabr oxirat yo'lchiligining birinchi qo'nalg'asidir.
Agar kishi qabrdagi so'roqdan omon chiqsa, undan u yog'i oson kechadi. Agar u yerda so'roqdan omon chiqmasa, undan u yog'i mashaqqatli bo'ladi demakdir.
Mujohid deydiki:
- Odamzot o'lgan chog'ida unga birinchi bo'lib qabr chuquri xitob qiladi:
- Men hasharot uyasiman. Men - yolg'izlik, men g'urbat, men zulmat uyiman. Men senga hozircha shularni hozirladim. Sen menga nima hozirlab kelding?.
Mullifning nomi yo'q ekan uzr