Mantiqut-tayr (nasriy bayoni). Farididdin Attor  ( 116445 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 33 B


Ansora  20 Mart 2010, 15:22:08

YIGIRMA OLTINCHI MAQOLA

BOSHQA BIR QUSH UZRI

Boshqa bir qush dediki:
- O’limdan qo‘rqaman, ul vodiy uzoq, men esa zaifu nochorman. O’limdan chunon qo‘rqamanki, birinchi manzildayoq jonim chiqsa ajab emas. Garchi ko‘rinishim salobatli bo‘lsa-da, ammo ajal kelsa zor-zor qaqshab o‘lib qolaman. Kimki ajal qo‘liga tushsa, uning qo‘lida qilichi bo‘lsa-da, bir nafasda qilich ham qo‘lidan tushib, qo‘li ham kesiladi. Qo‘l va qilichdan iborat bu jahonda, yuz afsuski, qo‘lda afsusdan boshqa qurol qolmaydi.
Hammalari afsus-pushaymonlik bilan yer ostiga kirib uyquga ketdilar, tiriklari ham hayronu sargardondirlar. Ko‘rgin, o‘lim yo‘li - qanday mushkul yo‘ldir, bu yo‘lning birinchi manzili — go‘riston. O’lim achchig‘i xabarini eshit-sang, shirin joning ostin-ustun bo‘ladi.

HUDHUDNING JAVOBI

Hudhud dedi:
- Ey, zaifu notavon odam, qo‘rquvdan bir hovuch bo‘lib qolibsan, qachongacha o‘limdan qo‘rqasan? Shuni bilasanki, umring kuni sanoqli, abadiy emassan. Bilmaysanki, odam tug‘ilgandan takdiri belgilidir, u oxir-oqibat tuproqqa ketadi va uning vujudi barbod bo‘ladi. Seni o‘liming uchun parvarish qilganlar, ya’ni bu dunyodan ketish uchun budunyoga kelgansan. Osmon bamisoli to‘ntarilgan togora, bu tasht-tog‘ora shafaqdan har kecha qon rangini oladi. Bu Tig‘ ko‘targan quyosh aylanishida hamma kesilgan boshlar uning tog‘orasidadir. Sen xoh pok, xoh bulg‘angan bo‘lgin, tuproqqa qorilgan bir qatra suvsan. Bu qatra suv - oyokdan boshgacha darddir, bu dard bilan daryoga qarshi kurasha olasanmi? Agar sen bir umr jahonda yayrab-yashnab farmon beruvchi shahanshoh bo‘lsang ham, oxir-oqibat o‘rtanib yonib, ham yayrab-yashnab jon berasan.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 15:22:28

QAQNUS UMRINING UZUNLIGI VA UNING AHVOLI HIKOYASI

Qaqnus Hindistonda yashaydigan turfa ajib bir qushdir-kim, uzun va qattiq tumshug‘i bor. Tumshug‘ida xuddi nay kabi bir qancha teshiklar mavjud. Bu teshiklar yuztaga yaqin. Qaqnusning boshqa qushlar kabi jufti yo‘q, u bolalamaydi. Tumshug‘ining har bir teshigidan o‘zgacha ovoz chiqaradi, har bir ovozida o‘zgacha nola, o‘zga bir sir bor. Har bir teshikdan turli-tuman ohangu navolar chiqarib, nola chekkach, barcha qushlar, qushlargina emas, barcha jonivorlar, hatto suvda baliqlar bundan beqaror bo‘ladilar. Barcha vahshiy darrandalar jim bo‘lib, bu ovozdan o‘zgacha holatga tushadilar.
Faylasuflar unga hamroz bo‘lib, ovoziga qarab musiqa ilmini yaratdilar. U qariyb ming yil umr ko‘radi, ammo o‘limi vaqti yaqinlashayotganini oldindan sezadi. O’limi yaqinlashgach, ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushib, atrofiga ko‘p-ko‘p o‘tin yig‘adi.O’tinlar o‘rtasiga o‘tirib olib, o‘tli nolalar chekadi. Keyin har bir teshikdan, boshqa-boshqa dardli navhalar chiqaradi, yuz teshikdan yuz xil navha-soz chiqaradi. Navha chekayotganda o‘lim alamidan lahza-lahza titrab turadi. Bo‘zlab nola chekishidan hayratlanib, qushlar va hayvonlar uning oldiga yig‘iladilar va hayotdan umidlarini uzgandayin, behol bo‘lib qoladilar. Keyin umrining so‘ngida ajab hol yuz beradi: uning nolasi zo‘ridan tumshug‘idan qon oqa boshlaydi, bir nafas tin olib, so‘ngra qanotlarini bir-biriga ura boshlaydi. Shunda uning qanotidan o‘t chaqnab chiqadi, keyin butun vujudini o‘t qoplab yona boshlaydi, olov o‘tinlarga o‘tadi va birga-birga yonib cho‘g‘ga aylanadilar.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 15:22:48

Keyin cho‘g‘lar sovib kul bo‘ladilar. Kul ichida bitta kichkina cho‘g‘ qoladi va u kichkina qaqnus bo‘lib dunyoga keladi. Olov o‘tinni kulga aylantiradi, kul ichida esa qaqnus bolasi paydo bo‘ladi. Kishi o‘lgandan keyin tuqqani yoki tug‘ilganini birov jahonda ko‘rganmi.
Agar qaqnus kabi uzoq umr ko‘rsang, ana shunday ham o‘lib va ham yana tirilasan. Bechora qaqnus ming yil yashab, o‘z vujudidan yuz ming nolalar chiqardi. Yillar davomida nola va dard ichra edi, ota-onasi ham bo‘lmagan, jufti ham yo‘q edi, yakkalarning yakkasi edi. Dunyoda uning payvandi - bog‘liqlik joyi, ya’ni jufti ham, farzandi ham yo‘q edi. Oxirida ajal kelib jonini oldi - kulini ko‘kka sovurdi. Joni bor maxluqki bor, u ajal dastidan qutulmaydi - shuni yaxshi bilib ol. Olamda o‘lmaydigan kishi yo‘q.Yana ajoyibrog‘iki, kishining safar ozig‘i ham bo‘lmaydi.* O’lim agarchi qattiq va zolim bo‘lsa-da, lekin unga bo‘yin egish shart. Boshimizga ko‘p qattiq ishlar tushib turadi, ammo ajalning ishi eng qattiq ishdir.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 15:23:16

OTASI O’LGAN KISHI BILAN SO’FIY HIKOYASI

O’g‘il otasi tobuti oldida yig‘lab borar ekan, oh chekib der edi:
- Ey otajon, jonimni pora qilgan bundayin og‘ir kun umrimda boshimga tushgan emas edi.
Shunda yonida borayotgan so‘fiy dedi:
- Otangning ham boshiga bundan og‘irroq kun kelgan emas. Sening boshingga emas, otangning boshiga mushkul ish tushdi. Ey dunyoga qo‘l-oyoqsiz kelgan zot, umringni tuproq tepib, havoni kesib yurish bilan o‘tkazasan. Agar mamlakat taxtiga o‘tirgan shoh bo‘lsang ham, oxiri qo‘lingda havo bilan, ya’ni hech vaqosiz ketasan.

JON BERAYOTGAN NAYCHINING JAVOBI

Bir nay chaluvchining ajali yetdi, jon berar paytida birov undan so‘radi:
- Ey, ayni sirlashuv vaqtida turgan odam, bunday paytda ahvoling qalay, nimani o‘ylayapsan?
Naychi oh chekib, dedi:
- Holimni hech ayta olmayman, ammo sezayapmanki, bir umr yel puflab kelibman (paymudan), oqibatda esa tuproqqa ketayapman, vassalom.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 15:24:18

ISONING ARIQDAN SUV ICHGANI HIKOYASI

Iso bir toza ariqqan suv ichdi, suv xushtamlikda gulobdan ham o‘tar edi. Birov kelib ariqdagi suvdan xumiga to‘ldirib oldi. Iso xumdagi suvdan ham ichdi. Ammo xumdagi suvdan og‘zi achchiq bo‘ldi. U yana xum oldiga keldi va yana ichdi - suv achchiq edi. Iso hayron bo‘lib dedi:
- Yo Rab, xumdagi suv ham shu ariqqan bo‘lsa, nega endi u shirin, bu achchiq? Buning siri nimada, ayt?
Shunda haligi Xum Iso oldida tilga kirib dedi:
- Ey Iso, men Qadim zamonlarda yashab o‘tgan ko‘hna odamman. Bu to‘qqiz falak ostida goh kosa, goh ko‘za, goh xum bo‘lib, ming yillardirkim yuribman. Agar yana ming marta xum qilib qayta yasasalar ham, achchiqlik mendan ketmaydi. Men o‘lim achchig‘ini chunon tatib ko‘rganman, shu sabab mendagi suv bunday achchiqdir.
Ey g‘ofil banda, sen ham o‘lim sharbatini ichishdan oldin, uyg‘on, g‘aflat orqasida o‘zingdan xum yasama. O’zingni yo‘qotgansan, ey g‘ofil, jon chiqishdan oldin tavba qil, o‘nglan. Agar tirikligingda o‘zingni tanimasang, ilohiy sirlarni anglamay o‘lib ketasan. Na hushyorligingda o‘zingdan xabardorsan, na o‘lganingda vujudingdan biror asar qoladi. Tiriklikda hech narsadan bexabar, insonligini anglamagan, o‘lgandan so‘ng yo‘qolgan — odamdan paydo bo‘lib, ammo odam bo‘lmasdan o‘lib ketgansan.
Ul bechora darvesh oldida yuz ming g‘aflat to‘siqlari turibdi. Xo‘sh, bu ahvolda u qanday qilib o‘zini topadi?

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 15:24:52

JON BERAYOTGAN BUQROT VA UNING SHOGIRDI HIKOYASI

Buqrot hakim kasal bo‘lib yotib qoldi, ajali yetib, jon berish azobidan qiynalardi. Bir shogirdi bor edi, u ustoziga qarab dedi:
- Ey ustoz, tanangni yuvib kafanlab dafn etgandan keyin, ayt, seni qaerdan topamiz?
Buqrot dedi:
- Ey g‘ulom, Men tirikligimda uzoq umr ko‘rib, o‘zimni o‘zim topolmadim, sen meni qaerdan topasan? Men shunday yashab dunyodan o‘tayapmanki, qilcha o‘zimdan xabardor emasman. O’limga o‘limdan o‘zga davo yo‘q, har qancha zorlanma, xazon bo‘lgan barg yerga tushadi. Biz hammamiz o‘lish uchun tug‘ilgan-miz, dunyodan ko‘ngil uzolmasak ham, jonimiz bizni tark etadi. Butun dunyoni hukmronlik muhri ostida tutgan shohanshohlar bugun yer ostida yotibdi. Shohmi, xusravmi, xonmi, amirmi, barchasi lahad tuprog‘ida, arzimas tuproqqa tengdirlar. Shohbo‘lsin, gado bo‘lsin — hammasi ketadilar.
Oxiratda Noqis va komil orasidagi farqlar ayonlashadi. Tiriklik ham azob, o‘lim ham azob, agar bu har ikki ranju azobingdan ganj - xazina topmasang, bilgilki, haqiqiy ganj — Simurg‘dir. Qolganlari esa dardu azobdir. Shu bois dunyoda bundan ortiq ganjni izlama.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 15:25:49

YIGIRMA YETTINCHI MAQOLA

 BOSHQA BIR QUSHNING UZRI

Boshqa bir qush dedi:
- Ey, pok e’tiqodli Hudhud, bir nafas ham murodu maqsadimga yetmadim. Butun umrim g‘amda o‘tdi, olam ishlariga asiru bandaman. Qonli dilimda qanchadan-qancha g‘am-alam bor, g‘amim zo‘ridan har zarra motamdadir. Hamisha hayron va ojizman. Kofir bo‘lay agar biror lahza shodlik ko‘rgan bo‘lsam. G’am bilan o‘zimni yo‘qotgan, o‘zi bilan o‘zi ovora odamman, bu ahvolda telbalarday qanday qilib yo‘lga kiraman? Agar bunday g‘amga botmaganimda, bu safardan balki dilim xurram bo‘larmidi. Ammo nima qilay, ko‘nglim qonga to‘lgan, senga ahvolimni tushuntirdim, endi ayt, nima qilay?

HUDHUDNING JAVOBI

Yo‘lni bilguvchi, shirin so‘zli Hudhud har narsaning mohiyatini anglovchi va har bir fikrning ziyonu foydasini bilguvchi edi. U qushga qarab dedi:
- Ey shaydo va mag‘rur kishi, boshdan-oyog‘ingtashvishu g‘amga botgansan. Bu dunyoning baxtiyorligi ham, baxtsizligi ham tez o‘tib ketadi. Bir nafasda o‘tib ketadigan narsalar bo‘lmasa ham umr uning orzu-havasida o‘tib ketgusidir. Jahom o‘tar ekan, sen ham uning bahridan o‘t. Unga mahliyo bo‘lma va tark et uni! Zero nimaiki doimiy, ustuvor emas ekan, unga bog‘langan ko‘ngil ham tirik emas.


Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 15:26:39

HECH QACHON BIROV QO’LIDAN SHARBAT ICHMAGAN SO’FIY HIKOYATI

Nafasi o‘tkir bir piri murshid bor edi. U birovlar qo‘lidan hech qachon sharbat ichmagan edi. Birov dediki:
- Ey Alloh nazariga tushgan odam, nega hech bir sharbatga rag‘bat qilmaysiz?»
So‘fiy dedi:
- O’limni boshimda ko‘rib turibman, u sharbatni mendan bir zumda tortib oladi. Ana shunday o‘lim boshimda turganda, men sharbat ichsam, u zaharga aylanadi. Muakkal bilan sharbatim xush bo‘lishni xohlasam, u qand sharbati — jullobiy emas, o‘t bo‘ladi. Poydorligi bo‘lmagan har narsa bir olam bo‘lsa ham, bir arpa donicha qimmatga ega emas.
Vaslsiz bir soatlik rohatni nima qilay, asli - poydevo-ri bo‘lmagan imorat omonatdir. Sen agar baxtdan xursand bo‘lsang, bu - bir nafasli baxt, xolos, bu bilan g‘ururlanma. Va agar baxtsizlikdan holing tang bo‘lgan ekan, bu ham bir nafasdir — zorlanib yurma. Agar senga alam yetsa, bu sening izzattalabliging, qudratga intilishing oqibatidir, xorli-gingu ojizligingdan emas. Anbiyolarga yetgan balolarni hech kim Karbaloda ko‘rsata olmaydi. Suratda senga aziyat, g‘am bo‘lib ko‘ringan narsa, sifat — ma’noda buni ko‘ra olgan odamga ganj - xazinaning o‘zidir. Har damda senga undan yuz inoyat yetkusi, sening butun boyliging — alamlaring Uning ehsonidir. Uning ehsonini yodga olmaysan, ammo Uning ozgina azobu ranjini tezda ko‘rib nola — fig‘on qilasan. Shumi, axir, do‘stlik nishonasi? Ey, sen kamaqlu g‘ofil, sen hali mag‘z emassan, mohiyatga yetmabsan, sen po‘choqsan, do‘st emas, po‘stsan, xolos.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 15:27:33

BIR QULNING PODSHOH QO’LIDAN MEVA YEGANI HIKOYATI

Bir yaxshi xulqli podshoh bor edi. Bir kun u o‘zining quliga bir dona meva berdi. Qul mevani podshoh qo‘lidan olib, nihoyatda xursandlik bilan yeya boshladi, qul shunday mazza qilib mevani yer ediki, go‘yo dunyodagi eng xushta’m, shirin taomni yeyayotganday edi. Podsho buni ko‘rib, havasi keldi va mevadan o‘zi ham yegisi kelib, g‘ulomga dedi:
- Ey g‘ulom, bu mevani buncha ishtaha bilan yemoqdasan, menga ham ozgina ber.
G’ulom mevaning qolganini shohga uzatdi. Shoh uni tatib ko‘rgan edi, afti burushdi. Chunki meva bag‘oyat achchiq edi. Shoh g‘ulomiga dedi:
- Sening ishingni hech kim qilgan emas, shunday achchiq narsani bunday rohatlanib yemoqdasan, bunday yo‘l tutishingning boisi nima?
G’ulom dedi:
- Ey shahriyor, men sendan yuzlab tuhfalar olganman, qanchadan-qancha yaxshilik qilgansan. Shunday ekan, bir marta tuhfang achchiq chiqqan bo‘lsa, qanday qilib buni yuzingga solay. Men sening ne’matlaring ichida yashadim. Shu bois sening qo‘lingdan olgan narsam achchiq bo‘lsa ham, menga shirindir. Sening qo‘lingdan agar bir achchiq meva menga yetgan ekan, uni qaytarib berish men uchun og‘ir gunohdir.
Allohning yo‘lida ranju azob chekishning o‘zi rohat, buni qulog‘ingga quyib ol, chunki so‘z — nasihat ham ganjdir. Uning ishi goh orqada, goh ro‘paradadir, sen uni qanday bajarsang, shunday holda voqe’ bo‘ladi. Sen bu dorulalam dunyosida yaxshilik va shodlik izlaysan, ammo bu dunyoning dilxushligi dardu g‘amdir. Har bir luqma ichida yurak qoni bor. Odam uchun Haqning haqiqatidan o‘zga hosil yo‘q. Yo‘lni bilgan puxtakorlar buni obdon teran anglab yetganlar. Shu bois ular yurak qonisiz biror luqma yemadilar. Toki non — , tuz tatib yurar ekanlar, jigar qonisiz non sindirmaganlar.

Qayd etilgan


Ansora  20 Mart 2010, 15:28:18

BIR KISHINING SO’FIYDAN AHVOL SO’RAGANI

Bir nomi chiqqan odam so‘fiydan so‘radi:
- Ey birodar, ro‘zg‘oring qanday o‘tayapti?
So‘fiy dedi:
- Men bir gulxan ichra bog‘lanib qolganman. Og‘zim quriq, ammo etaklarim ho‘l holda banddadirman. Bo‘ynimni sindirmasinlar, deb bu yerda biror kishining panjasini sindirmadim (ya’ni, hech kimga ozor bermadim). Agar dunyoda hamma vaqt xursandchilik istasang, u holda sen go‘yo uyqudasan va tushingni so‘zlab turgandaysan. Agar shodlik istasang, oldin ehtiyot bilan ish ko‘rib, sirot ko‘prigining naryog‘iga o‘tib ol. Olam ko‘chasi-da xursandlik yo‘q. Chunki bunda xursandlik, beg‘amlikdan nomu nishon yo‘q.
Sarkash va mast nafs olovday seni komiga tortadi, shu sharoitda qanday qilib shodlik, xotirjamlik bo‘lsin? Mohiyatga diqqat bilan qaraydigan zakovatli odam bo‘lsang, ko‘rasanki, dilxushlik yetuk insonlar nasibasi emas.

BIR KAMPIRNING SHAYX ABU SAIDDAN DUO TILAGANI HIKOYATI

Bir kampir Mehna shayxi Abusaid Abulxayrga dedi:
- Menga yaxshilik va xushvaqtlik duosini o‘rgat. Men shu vaqtgacha ko‘p baxtsizliklar ko‘rdim, ranju alam chektim. Bundan bu yog‘iga azoblarga chidayolmayman. Agar xushvaqt, beg‘am bo‘lib yurish duosini o‘rgatsang, uni har kun tilimdan qo‘ymasdan takrorlab yuraman». Shayx dedi: «Men ancha vaqtdan beri dardmandlik oqibatida joyimdan turolmaydigan bo‘lib qolganman. Sen aytganlarni ko‘p qidirdim, ammo undan biror nishona topmadim. Bu dardga davo kelmay turib, kishiga ko‘ngilxushlik qachon muyassar bo‘libdir.


Qayd etilgan