ALLOHGA QULLARNI, QULLARGA ALLOHNI SEVDIRMOQ
Ashraf o‘g‘li Rumiy Iznikiy hazratlari, Qodiriyya tariqati asosida ashrafiyya sho‘‘basini tuzgan zot, «Muzakkin-nufus» nomli asarida aytadiki, «Shayxning ikki vazifasi bor: birinchi vazifasi qullarga Allohni sevdirmoqdir»: Bu osonroq, qullarga Allohni tushuntirasan, tanitasan, lutfini, karamini, hikmatini, san’atini, koinotni, atomlarni, yulduzlarni, gullarni, o‘simliklarni, hujayralarni, ilmda qay darajada teran bo‘lsang, shu darajada anglatasan, Uning qarshisidagi qul hayron qolgay. Subhonalloh, degay, Alhamdulillah, degay, hayron qolib Allohni sevgay. Hikmatlarini anglatgay, oyatlarini tushuntirgay, u esa ko‘z yoshlarini to‘kib, Allohni sevgay. Bitta vazifasi shu — qullarga Allohni sevdirmoq.
«Shayxning ikkinchi vazifasi Allohga qullarni sevdirmoqdir», deb aytadi, Ashraf o‘g‘li Rumiy. O’zi shayx-ku. O’zi murshid, bir tariqatning yo‘lboshchisi, tariqat sho‘‘basini tuzgan zot. Tariqatda ulkan bir cho‘qqi. «Allohga qullarni sevdirmoq», deydi. Tavba, astag‘firulloh, o‘zing bir ojizu nojiz qul bo‘lsang! O’tir, o‘tirgan joyingda! Allohga majburan bir ishni qildirmoq imkoni bormi?! Mumkin bo‘lgan gapmi shu!
«Yo Rabbiy, Sen shu qulingni sev!» deb ko‘rgin qani, sevarmikin? Ko‘raylik qani, qandoq sevarkin? Nima degani o‘zi «Allohga qullarni sevdirmoq!» Yo‘q, bu juda oddiy izohlangay! Muridlarni Rasulullohga ittibo’ ettirgay (ergashtirgay), bog‘lagay, eltib, Allohga ana shu yo‘l bilan sevdirgay! To‘g‘ri, Ashraf o‘g‘li Rumiy hazratlari bu o‘rinda quyidagi oyati karimaga suyangan, dalil keltirib degan: «Bismillahir rohmanir rohiym... Qul in kuntum tuhibbunalloha fattabi’uniy yuhbibkumulloh». Ya’ni: Qul agar Rasulullohga ittibo’ etsa (ergashsa), Alloh o‘sha qulini sevajagini mazkur oyati karima isbot etmoqda.
Demak, unda Ashraf o‘g‘li Rumiyning rejasi to‘g‘ri, sog‘lomdir. Muridini qayoqqa boshlaydi? «Keling, mening ortimdan, bir qancha marosimlar tuzaylik, qalpoqlar-kulohlar ijod qilaylik, sakkiz tilimli bo‘lsin, o‘n ikki tilimli bo‘lsin, sallaning rangi undoq bo‘lsin, jubbaning rangi bundoq bo‘lsin, eshikdan kirishda eshik uch daf’a o‘pilsin, to‘qqiz umbaloq oshilsin!..» deganga o‘xshash gaplar qiladimi?! Yo‘q! Nima deydi? «Rasulullohga ittibo’ et!» deydi.