IBODAT
Ibodat ne? Yaratganga
itoat ham ibodatdir,
Haqiqiy bandalik birlan
sadoqat ham ibodatdir.
Ibodatdir, tiriklikni
etolsang ma’rifat bog‘i,
Mashaqqatlik ilm, san’at,
qiroat ham ibodatdir.
Onang birlan otang qalbi
o‘tar Ka’ba tavofidan,
Alar ko‘nglini shod etsang,
shu xizmat ham ibodatdir.
Xabar oldingmi bemordan,
qarindosh, do‘st musofirdan?
Birovni yo‘qlasang dildan,
ziyorat ham ibodatdir.
Umrni etmayin isrof,
o‘zing ro‘za, vudjuding sof,
Agar pok holda uxlarsen,
shu rohat ham ibodatdir.
Mudom Allohni zikr etsang,
halol boriga shukr etsang,
Qiyomat kunni fikr etsang,
tijorat ham ibodatdir.
Butun borliq, nabotot ham
Yaratganga etar tasbih,
Bobo dehqon ekib yursa
ziroat ham, ibodatdir.
Ibodatdir, biror zolim,
jafokorga desang haq so‘z,
Va nodonga sukut qilsang,
sukunat ham ibodatdir.
Agar jufti halol birla
ko‘ngilxushlik etar bo‘lsang,
Falak shohid, malak hozir,
bu suhbat ham ibodatdir.
Bu Islomdir, butun umring
ibodat holiga kelgay,
Va ogohlik bilan o‘tgan
shu fursat ham ibodatdir.
Tamal — iymonu ixlosdir,
bu qullik bandaga xosdir,
Xudo deb qilganing har ish
va niyat ham ibodatdir.
Sevib, Mirzo, faqat do‘stlik
bilan dillarni obod et,
Agar Alloh uchun sevsang,
Muhabbat ham ibodatdir!..
Mirzo KENJABEK
1997, mart