XUSUMAT
Dunyoning bori shu,
Har qanday zot ham,
Aybin olavermas bo‘yniga.
Balki, shu boisdan, qanchalar odam,
Tosh solib yuradi qo‘yniga.
Xusumat, deydilar ushbuning otin,
Dastidan yig‘inlar, uylar bezovta.
Bezovtadir hamma oshkor yo botin,
Azalar bezovta, to‘ylar bezovta.
Har holda bo‘lmagay qiyomat qoyim,
Bularning ko‘plari quruq savlatlar.
Yomondir, yomondir, qo‘yniga doim,
Tosh solib yursa gar davlatlar.
Gar ular yursalar kuchin pesh qilib,
Jim tinglar zaminning dardli na’rasin.
Mayda toshchalar-ku o‘tar, ishqilib,
Uning kattasidan xudo asrasin.
1986