Ha, faqatgina nafsoniy istak uchun ovqat yeyish, qulni Alloh huzuridan haydaydi. Masjidda oyog‘ini ehtiyoj sezmay, beodoblarcha uzatishning oqibati ham shunday.
Yana Aliyyul Havvos hazratlari aytadiki: «Murid Allohning amriga va qaytariqlariga rioya etib mandubga vojib kabi amal qilmaguncha makruhdan, haromdan qochgandek va haromdan kufrdan saqlangudek saqlanmaguncha, mubohlarni toatga ko‘mak bo‘lishi niyatida qilmaguncha sidq maqomiga yetisholmaydi. Qaylula paytida, kechki ibodatga quvvat bo‘lsin uchun uxlashi, ibodatlar davomiyligi uchun nafsini jilovlash maqsadida uning istaklaridan birini ado etishi, hashamatli kiyimni Alloh taoloning bergan ne’matini ko‘rsatish uchun kiyishi, xilma-xil ovqatlarni a’zolari Allohga yanada ko‘proq shukr etishini ko‘zlab yeyishi kabilar bunga misoldir.
Abul Hasan ash-Shozaliy rahmatullohi alayh o‘rtoqlariga shunday dedi: «Har bir a’zongiz shukrini qilolsangiz ovqatlarning eng yoqimlisini yeng, eng lazzatli ichimlikdan iching, eng maqbul to‘shakda yoting, eng kibor kiyimlardan kiying. Ammo arpa nonini tuzga botirib yeb, qalin po‘stin kiyib, yerda uxlab, suvdan ichib bu holiga ko‘ngli to‘lmay, «Alhamdulilloh» demay nafrat qilgan kishiga basiyrat ko‘zi ila qaralsa, uning gunohga sho‘ng‘iyotgani ko‘riladi. Haq taolo muboh qilgan amalni bajarmay Alloh belgilagan taqdirga jahl (isyon) qilgan kimsa, Haq taolo harom qilgan narsaga qo‘l urgan bo‘ladi».
Ey birodar, sen halolidan top (haromdan qayt)!..