Asadullaning baxtiga ular Hirotda ikki kecha-kunduz qoldilar.
Umrini yashab bo‘lgan yaproqlarga xazin nuqsi urilgan oftobsiz, rangpar kunda xayrlashdilar.
Asadulla noib lutfi bilan berilgan foytunda Mamatsharif bilan suhbat qurib, Hirotdan picha uzoqlashganini sezmay qoldi. Foytunchi yigitning: «Yuraveramizmi, sohib?» degan savolidan keyin xayrlashdilar.
Foytun qaytishda ildamladi.
Tosh yo‘lda foytun bir narsaga urildimi yo tepadan katta tosh tushdimi, yo g‘ildirak chiqib ketdimi, Asadulla bilmay qoldi. Avvaliga foytunchi yigit baqirib yubordi, so‘ng hammasi ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Asadulla, nazarida, qattiq yerga yiqilmay, bulut ustiga tushganday, suzib yurganday edi.
Osmonni o‘rkach-o‘rkach, hoshiyalari qoramtir, bukri bulutlar egallab olgan. Bir o‘rkachda u o‘tiribdi. Birda xotini, bolalari...
— Ehtiyot bo‘ling, tushib ketmang, — deydi xotini.
U o‘sha o‘rkachga o‘tmoqchi bo‘ladi. Oyoq ostiga qarasa — tubsizlik.
— To‘xtang, dadasi, to‘xtang, — deydi xotini. — Biz o‘zimiz o‘tamiz. Biz tushib ketmaymiz, uchib yuramiz.
— Dada, qarang, qaldirg‘ochlar kelibdi, — deydi katta o‘g‘li quvonib.
Qaldirg‘ochlar, dumi ayri, beozor qushlar bulut bag‘ridan o‘qday otilib chiqib, charx uradi, vijir-vijir qiladi.
Qaldirg‘och osoyishta xonadonga in qo‘yadi, deydilar. Haq gap. Ularning xonadoni osoyishta ei. Uyini yondirishdi, qaldirg‘ochni qo‘shib yondirishdi-ya! Yo‘q, qaldirg‘ochlar uchib ketib jon saqlashgandir, boshqa osoyishta xonadonga uy qurib olishgandir... Uning xotini, bolalari ucholmagan...
— To‘xtanglar, yiqilib tushasizlar! — deb baqirdi Asadulla.
Ular eshitishmay, yura boshladilar.
Asadulla jonholatda ular tomon yurdi. Bulut o‘rkachidan tushib ketdi.
Yuragi shuvillab, tubsizlik chohiga qulayotganda, qaldirg‘ochlar uni ushlab qolib, yana yuqoriga ko‘tarishdi.
Bulutlar ustida endi hech kim yo‘q edi.
Bulutlar tepasida quyosh beg‘ubor nur sochardi.
Qaldirg‘ochlar quyosh otashidan qo‘rqmay tobora yuksakroq uchardilar...
1985 yil.