Birinchisi, Qur’on Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning haq payg‘ambar ekanliklarini tasdiq etuvchi alomat bo‘lib, birinchi mo‘‘jizadir. Butun insonlar va jinlar birlashganda ham uning bitta surasiga o‘xshash surani keltirishga ojizdirlar. Qur’oni Karim g‘aybdan xabar berish, o‘zgarmas shariat ahkomlarini bayon qilish singari insonning qo‘lidan kelmaydigan mo‘‘jizaviy xususiyatga ega bo‘lish bilan birga, uning har bir oyatida maqomga mos shunday balog‘atlar mavjudki, bu xususiyatlar arab tilidan boshqa tilga o‘tganda o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.
Ikkinchisi, Qur’on odamlarni dunyoda ham, oxiratda ham manfaatli bo‘lgan amallarga hidoyat qiladi. Buning uchun Qur’oni Karimning ahkomlaridan istinbot qilish va undan yo‘l-yo‘riq olib, amal qilish lozim bo‘ladi. Qur’onning ba’zi oyatlaridan hamma ham tushunib foydalanishi mumkin. Bu oyatlarni so‘z-maso‘z tarjima qilish ham mumkin. Ammo, Qur’onda shunday oyatlar borki, uning ma’nolarini mujtahid olimlargina tushunishi va foydalanishi mumkin. Bu murakkab ma’noli oyatlarning tarjimasi ayni Qur’on oyati bo‘lolmaydi. "Asliga o‘xshash" tarjima ba’zi oyatlarning ma’nosini berolsa ham, murakkab ma’noli oyatlarning ma’nosini ochib berolmaydi. Demakki, oyatning ilohiylik xususiyati yo‘qoladi.
Xulosa qilib aytganda, Qur’onning so‘zma-so‘z tarjimasi uning muqaddas asliyati o‘rnini bosolmaydi.
Ikkinchi usul — "tarjima big‘ayril misl", ya’ni, "asliga o‘xshamagan tarjima" deyiladi. Bunda tarjimon Qur’on nazmiga e’tibor qilmagan qolda, toqati yetgancha oyatlar mazmunini boshqa tilga o‘girib beradi. Bunday tarjima bashar so‘zida mumkin bo‘lsa ham, Allohning Kalomida mumkin emas, chunki, Alloh Kalomining nazmi buziladi va hurmati ketib qoladi.