Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190763 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:07:55

Omonullo bugun ishdan barvaqtroq chiqib, ularni yo‘qlashni ko‘ngliga tugib, choy qo‘yib ichdi-da, xizmatga yo‘l oldi. Yo‘l-yo‘lakay prokuraturaga kirib, Mels Xo‘jaevga uchradi. Safarga ketishdan avval ko‘rishganida bu kibor yigit uni lol qoldirgan edi:
— Aka, siz haqingizda men ko‘p yaxshi gaplarni eshitib, xursand bo‘ldim, — degandi. — Men bu sohada yangiman. Tajribam yo‘q, bilimim ham yetarli emas. Lekin shu ishni yoqtiraman. O’zim xohlab tanlaganman. Menga ish o‘rgating, iltimos, ish buyuravering.
— Ishni prokuratura buyuradi bizga, — degan edi Omonullo piching ohangida.
— Shunaqa demang-da. Odamlar «falonchining o‘g‘li» deb menga havas qilishadi. Aka, bilsangiz shu narsa meni ko‘p qiynaydi, menga ko‘p zarar beradi. O’qishda ham uchib yurib o‘qidim. Ba’zi domlalar ko‘ngil uchun ham so‘rab qo‘yishmasdi. Bu yerda ham qiynagilari kelmaydi. «Falonchining o‘g‘li» bo‘lganim uchun men aybdor emasman-ku? Qachongacha uchib yuraman. Bir kunmas bir kun qo‘nganimda nima degan odam bo‘laman?
Omonullo taajjubini yashirmay unga tikilib qolgan, Mels Xo‘jaev ham «gapim — gap!» deganday tik qaragan edi.
Omonullo unga Samandar Ochilovga tegishli yangi fikrlarini aytib, ekspertiza xulosalarini bayon qildi. Mels Xo‘jaev harbiy prokuror orqali bitadigan navbatdagi ishlar bilan shug‘ullanishga va’da bergan edi. Omonullo safar xulosalarini bayon qilgach, u «biz ham bekor o‘tirmadik, aka», degan ohangda hisobot bera boshladi:
— Shaxsan okrug harbiy prokurori bilan gaplashdim, — Mels Xo‘jaev bu gapni bolalarcha zavq, bolalarcha g‘urur bilan aytib, xuddi olqish kutganday Omonulloga qarab qo‘ydi. «Chakki emassan», deb o‘yladi Omonullo, biroq, bu gapni tiliga ko‘chirmadi. Mels Xo‘jaev yana shu zavq bilan gapini davom ettirdi: — Ochilovni kuzatib borgan polkovnik bilan suhbatlashganingizdan okrug harbiy prokurorining xabari bor ekan. U «shundan boshqa yordam berishga ojizmiz», deb aytdi. Ochilov harbiy sohaga oid ilmiy ish bilan shug‘ullangani bilan o‘zi harbiy hisoblanmas ekan. Uning qaerdaligini surishtirishga yoki bizga tutib berishga ularning haqlari yo‘q ekan.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:08:17

«Shunga aqling yetibdi, boqsa odam bo‘lasan. Qani, davom etaver-chi», deb o‘yladi Omonullo. Uning jimgina tinglashi Mels Xo‘jaevda shubha uyg‘otib, bir nafas tin oldi. «Biron nima dermikin», deb kutdi. Omonullodan sado chiqmagach, davom etdi:
— Mening amakim shunga yaqin boshqa idorada ishlaydilar. Amakim orqali Ochilovning Moskvada ekanini aniqladim. U hozir harbiy gospitalda ekan. Yaqin kunlarda qaytar ekan.
«Yaxshi, qaytaversin, kutib olamiz», deb o‘yladi Omonullo.
— Lekin biz uni kutib ololmaymiz, — dedi Mels Xo‘jaev, uning fikrini o‘qiganday, — Uni harbiylar samolyotida olib kelishadi. Samolyot harbiy aerodromga qo‘nadi.
— Biz uni o‘zining uyida kutamiz, — dedi Omonullo qat’iy ohangda.
— Men ham shunaqa deb o‘ylovdim, — dedi Mels Xo‘jaev. — Agar xohlasangiz shaxsini aniqlashtirish uchun bir odam bilan uchrashtirishim mumkin.
— Kim bilan?
— Ochilov bilan birga ishlaydigan odam. U amakim bilan maxfiy hamkorlik qilar ekan. U bilan uchrashasiz-u, ammo o‘zining kimligini surishtirmaysiz.
— O’zingiz ko‘rishmadingizmi?
— To‘g‘risini aytsam... ko‘rdim. Amakim gaplashdilar, o‘zim indamadim. Uning qotillikdan xabari yo‘q ekan. Gaplariga qaraganda Ochilovni yoqtirmaydiganga o‘xshaydi. «Jamiyat uchun zararli shaxs» deb ochiq aytdi.
— Nimasi zararli ekan?
— Ikkita xotini bormish.
— Ikkita xotinli odam jamiyatga zarar keltira olmaydi, — dedi Omonullo kulimsirab.
— Nega? — deb ajablandi Mels Xo‘jaev bu gapning chinmi yo hazil ekanini farqlay olmay.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:08:54

— Nega bo‘lardi? — Omonullo «shuni ham bilmaysizmi?» deganday kuldi. — Bunaqa odam ikkita xotinni eplash bilan ovora bo‘lib dunyoda sovet jamiyati borligini ham unutib yuboradi. Hayron bo‘lmang, hazillashdim. Agar u odamingizning gapi rost bo‘lsa, ikkita xotinli odam jamiyatga zarar keltirsa, uchtami to‘rtta xotin olganlar jamiyatga o‘t qo‘yar ekan-da. Siz to‘g‘ri fahmlagansiz: ichi qora odamga o‘xshaydi. Yana nima deydi?
— Boshqalarning ilmiy ishlarini o‘zlashtirib olar ekan. O’zini Davlat mukofotiga qo‘yib, ololmabdi.
— Bo‘ldi, tushunarli. U bilan hozir gaplashmasak ham bo‘ladi. Zarurat bo‘lsa, keyinroq uchrashamiz.
— Siz... Ochilovning birinchi xotini bilan ko‘rishdingizmi?
Omonulloning shunday rejasi bor edi. Biroq, prokuratura xodimining jig‘iga tekkisi kelib atay:
— Shartmi? — deb so‘radi.
Mels Xo‘jaev Omonulloning quvlik qilayotganini sezib, yelka qisib qo‘ydi-da, ranjigansimon tarzda dedi:
— O’zingiz bilasiz, men sizga buyura olmayman.
Omonullo «fikrlaringiz durust, men shunchaki hazillashdim», deb ovutmoqchi bo‘ldi-yu, «past-balandga ko‘niksin», degan xayolda indamadi. Xayrlashish uchun qo‘l uzatganda Mels Xo‘jaev unga bir parcha qog‘oz uzatdi:
— Nima bu? — dedi Omonullo ajablanib.
— Ochilovning birinchi xotini shu manzilda tu-radi, — dedi Mels Xo‘jaev, bu safar kiborlarcha boqib. Omonullo uning qarashidagi «bunisiga nima deysiz?» degan ma’noni o‘qib, jilmaygancha javob qildi:
— Qoyilman, gap yo‘q!

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:09:16

Omonullo ishxonasiga kiraverishdagi navbatchi uychasi yonida turgan Adolatni ko‘rib, ajablandi. Bu ayolning kelishiga amin ediku-ya, biroq bu qadar tez yo‘qlar deb kutmagandi. Adolat uni ko‘rdi-yu, kuyoviga peshvoz chiqqan qaynonaday jilmayib qarshi oldi. U yaltiroq ipli sariq kuylak kiyib olgan, oyog‘ida yoshlarga rasm bo‘lgan poshnali qora tufli, qoshu ko‘zlariga qalam tortgan, labiga och qizil bo‘yoq surtib olgan edi. Qilig‘i o‘ziga yarashmagan bo‘lsa-da, harholda avvalgi ko‘rinishiga qaraganda sal odambashararoq edi.
— Voy Xudoyimga shukr-ey, — dedi u salomlashgach, — kelmay qolarmikinsiz deb yuragim taka-puka edi-ya.
— Keling opa, tinchlikmi? Xo‘jayin tuzukmilar?
— Ha, yotibdi, g‘o‘ldir-g‘o‘ldir qilib. Nafisaning uyidagi mollarni olib kel, deb yubordilar.
— Ie, shunaqami, gapirayaptilarmi?
— Qayoqda? Til o‘sha-o‘sha — ketgan.
— Til ketgan bo‘lsa qanaqasiga «mollarni olib kel», dedilar?
— Voy... — Adolat tilidan ilinganini bilib sal sarosimalandi-yu, lekin sir boy bermay, o‘zini qo‘lga oldi: — til o‘lgur bo‘lmasa ham ko‘zlari ochiq-ku? Imo-ishora bilan gapiryaptilar. Shuncha yil birga yashagandan keyin ko‘zlariga qarab turib, nima demoqchi bo‘layotganlarini bilib olaman.
— Ovora bo‘lib kelibsiz, opa, mol egasiga beriladi.
— Voy, shoshmang, nachalnik uka. Men sizga bir muhim gap aytaman.
— Xo‘p, ayting.
— Bu yerda idorangiz bormi? Ko‘chada aytadigan gap emas.
Omonullo uni xonasiga boshlab kirdi. Adolat stulga o‘tirayotib tor xonaga bir razm soldi-da:
— O’ldirgan odamni qidiryapsiz-a? — deb so‘radi.
— Qidiryapmiz, — dedi Omonullo.
— Hali topmadingiz-a?
— Zehningizga qoyilman: topmadim.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:09:46

— Topa olasizmi?
— Bilmadim. Harholda burun bo‘lsa, ro‘molcha topiladi, degan gap bor.
— Men sizga bir gapni aytsam, osongina topasiz.
— Shunaqami? Menga aytib o‘tirmay o‘zingiz topa qolmaysizmi?
— Oposi, siz menga bunaqa piching qilmang. Men sizga qishloqda tappi changallab yurgan savodsiz xotin emasman. Bilmasangiz bilib oling: ikki marta raysovetga deputat bo‘lganman. Bir narsani bilmasam shundan shunga ahmoq bo‘lib kelmasiydim. Yer yutkurning sirini men bilmay, yana kim bilsin?
— Yer yutkur... kim? Otasimi yo qizimi?
— Ikkoviyam bir go‘r.
— Qanaqa sir ekan, ayting-chi?
— To‘xtang, oldin kelishib olaylik. Men sizga bilganlarimni aytaman. Siz esa menga mollarni olib ketishimga ruxsat berasiz.
— Aytadiganlaringiz shunchaki g‘iybat bo‘lsa-chi?
— Voy savil, men g‘iybatchiga o‘xshaymanmi?
— Nafisa Boltaeva avvalgi direktor bilan don olishardi, devdingiz. Tog‘asi «bo‘lmagan gap», deb rad etdi.
— Tog‘asimi? Anavi mo‘ylov jinnimi? U qayoqdan bilarkan? Jiyanini abort qildirgani kim olib borgan ekan, so‘ramabsiz-da. Bir marta bo‘lsa ham go‘rga edi. Uch marta olib borganman. Men g‘iybatchi bo‘lsam Matlubadan so‘rang. Juvonmarg bo‘lgurni ko‘rdingizmi o‘zi?
— Sobiq direktorning xotinini aytyapsizmi? Borsam uyida yo‘q ekan, shaharda deyishdi.
— Voy savil qolsin, shaharda balo bor ekanmi? Uyidan atay chiqmagan. O’lguday qo‘rqadi.
— Nimadan qo‘rqadi?
— Eri qamalganidan beri rosa obiska1 qilishyapti. Anavinda ham kelib-ketishgan ekan.
— Qachon?
— To‘xtang, avval kelishib olaylik, keyin so‘rang savolingizni.
— Boltaeva!

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:10:22

— Men Boltaeva emasman, Xudoga shukr, Nizombekovaman! U yergina yutkurning familiyasiga o‘tmaganman.
— Nizombekova, bu yer sizga bozor emas. Savdolashmang. Agar bilganingizni yashirsangiz yo chalg‘itmoqchi bo‘lsangiz, qonun bo‘yicha jazolanasiz.
— Voy o‘layin, holvani hokim yeb, kaltakni yetim yeydimi endi? Birov kelib qizimni o‘ldirib ketsin-da, siz o‘ldirganni topmang-da, men jazo olayinmi? O’lmay o‘la qolsin, bu qiz o‘lgur, boshginamga bitgan balo bo‘ldi. U yoqda otasi yotibdi «ana o‘laman, mana o‘laman», deb. Bu yoqda bu kishim o‘tiribdilar «aytmasangiz qamayman», deb. Hoy, menga qarang, qamashga mendan boshqa odamingiz yo‘qmi?
— Men qamayman, demadim, jazo olasiz, deb ogohlantirdim.
— Qamayman, deysizmi yo jazo olasan, deysizmi — bir go‘r emasmi? Hech nima bilmayman, deb turib olsam-chi? Ichimdagi gapni yorib olasizmi? Undan ko‘ra molimizni berib yuboring, men sizga kerakli gaplarni aytay.
Omonullo bu shayton qamchisi bilan savdo pishishi qiyinligini anglab, telefon go‘shagini ko‘tardi-da, qo‘shni bo‘limga qo‘ng‘iroq qildi:
— Hafizxon aka, Boltaevaning uyida ro‘yxatga olingan mollarni hozir berib yuborish mumkinmi?— Omonullo shunday deb Adolatga qarab oldi. Adolat masala o‘zining foydasiga hal bo‘layotganidan mamnun holda bir qimirlab oldi. Omonullo esa suhbatini davom etdi: — Ha, odam keldi. Boltaevaning o‘gay onasi, — Omonullo «bu qo‘pol gap ta’sir qilarmikin?» deb Adolatga tikildi. Adolatda norozilik alomati sezilmadi. — Mumkin emasmi? — Shu savoldan so‘ng Adolat bir chayqalab oldi. — Ilojini qilish kerak. Eridan tilxat olib kelsa-chi? Ha, albatta, guvohlar ishtirokida. — Omonullo shunday deb go‘shakni joyiga ildi. — Tushundingizmi? Bir haftadan so‘ng tilxat bilan kelasiz. Qani, endi ayting gapingizni.
— Kecha siz ketganingizdan keyin esimga tushdi. Xotiram o‘lgur sal o‘tmaslashib qolibdi, — deb gap boshladi Adolat. Omonullo esa o‘zicha «o‘tmaslashgan aqlda o‘tkir xotira bo‘larkanmi?» deb xayolidan o‘tkazdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:10:28

— Uch oymi, to‘rt oymi avval Valijonni ko‘ruvdim.
— Kim u? — Omonullo shu savolni berib qog‘ozga «Valijon» deb yozdi.
— Valijonmi? Tursunalining ishongan sho‘piri. Tursunalini bilasiz, qamalib ketgan direktor. Qorang o‘chgur Matluba eri qamalsa ham ko‘chib ketmadi.
— Ko‘chishi kerakmidi?
— Eri qamalganidan keyin ketmaydimi kelgan joyiga. Bir nimadan ilinji bor u megajinning. Hozirgi direktor erining yaqin odami edi. Uyiga ham tegmadi. Nega tegmadi, bilasizmi? Yer yutkur Tursunali Nafisani surib yurganida, Matluba bu odamning ko‘ngilchasini ovlab yurgan.
— Ko‘rganmisiz?
— Nimani?
— Ko‘ngilchasini ovlaganini?
— Ko‘rib nima, men uning lozimiga qorovulmanmi, qachon yechib, qachon kiyganini poylab yuribmanmi?
— Xo‘p, bu gaplarni qo‘ying, siz Valijonni ko‘ruvdingiz?
— Ha, ko‘rdim, — Adolat shunday deb g‘ashi kelganini bildirish maqsadida bir chimirilib oldi: — Bir kuni Matluba chaqirib, to‘ppa-to‘satdan «shaharga boramiz», debdi. Valijon «ertaga boraylik, kech bo‘ldi», desa ham ko‘nmabdi. Keyin Valijon uni yer yutkur Nafisanikiga boshlab boribdi. Borishganidan keyin Matluba Valijonga «sen chiqib tur», debdi. Nafis o‘lgur esa «O’tiring, Valijon aka, choy iching, osh pishyapti», desa ham ko‘nmabdi. Xullas, Valijonni chiqarib yuborib, janjalning uyasini qo‘zg‘abdi.
— Nega?
— Unisini bilmadim. Eri qamalmasidan ilgari jimgina pisib yurardi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:10:36

— Erining o‘ynashi borligini bilmasmidi?
— Baloni bilardi, u yergina yutkur. Qip-yalang‘och ustidan chiqib qolganida ham damini chiqarmagan.
— Unda nima uchun janjal qiladi?
— Bilmadim-u, ammo bir nima talashgan.
— Erini talashmagan xotin endi nimani talashishi mumkin?
— Nimani talashardi? Boylikni-da. Juvonmarg bo‘lgur Tursunali topganlarini yashirib ketganga o‘xshaydi. Yer yutkur Nafis oxirgi kelganida otasi bilan pichirlashib qoldi. Sekin quloq soldim. Qulog‘imga kirgani Nafis o‘lgur nimanidir «topish kerak», dedi. Keyin «o‘sha kechasi oshxona tomonga qarab yuruvdi», dedi. Keyin ikkoviyam ketdi, bilsam o‘shanda boqqa borishibdi. Juvonmarg o‘lgur boqqa nimaga boradi? Erkaksirab boradi-da. O’ynashi qamoqda bo‘lsa, er jonivor haftalab yo‘q bo‘lib ketsa... Maishatni sog‘inadi-da. Direktor o‘lgur ham bularga laqqa tusha qoldi. Qaytishganida qarasam, qulog‘ida yangi zirak, barmog‘ida qo‘sh uzuk. Naq tilla! Ko‘zlari naq javhar! Ko‘rdim-u, indamadim.
Omonullo bu gapni eshitib ekspertiza xulosalarini esladi: quloqlaridan zirak yulib olingan, barmoqlarida to‘rtta uzuk izlari bor...
— Barmoqlaridagi uzuklar ikkitamidi?
— O’zi azaldan ikkita bor edi. Bittasi nikoh uzugi, yana bittasi yoqut ko‘zli tilla uzuk edi. Bog‘dan qaytishganda yana ikkitasi paydo bo‘ldi, deyapman-ku, tushunmadingizmi? Erkak zoti ham g‘irt ahmoq bo‘ladi. Nafis o‘lgur kim edi? It g‘ajib tashlagan bir suyak edi. Shu sarqitning barmog‘iga ikkita uzuk taqasanmi? Shunaqa sarf qilar ekansan, svejiylaridan topmaysanmi?

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:10:44

Adolat yangi direktorni laqmalikda ayblab, yana bir-ikki gap aytdi. Omonullo esa yangi direktor bilan bo‘lgan uchrashuvini ko‘z oldiga keltirdi. «Nafisa Boltaevani ko‘rganim yo‘q», deb tonganini esladi. Sovxozda ishni xom bajarganini anglab, yana borishni diliga tugdi-da:
— Xo‘sh, endi Valijonning gapi chala qoldi-ku? — dedi.
— Ha-ya, Valijon o‘lgur ham laqma-da, «chiq» desa chiqib ketaveribdi. Kundoshlarning qir-pichoq bo‘lishlarini mazza qilib ko‘rmaysanmi! Matluba shumshukkina bo‘lib yurgani bilan balo-da. Nafis o‘lgur-ku tog‘asiga o‘xshagan jinni. Yulib tashlashdan ham toymaydi. Bir marta meni yulgan u qo‘ling singur. Omma men ham haqqimni qo‘ymaganman.
— Xo‘p, qoyilman, opa, Valijon nima dedi?
— U juvonmang aytdiki, Matluba chiqqanida vajohati juda ham yomon ekan. «Shu ni o‘ldirtirib yubormasam yurgan ekanman», debdi.
— Valijonga shunday debdimi?
— Yo‘q, Valijonga aytarmidi shunaqa gapni. Uydan chiqib kelayotganda o‘ziga o‘zi gapirib kelayotgan ekan, yer yutkur sho‘pir qulog‘ini ding qilib eshitib qolibdi. Keyin menga aytdi, «shunaqa, shunaqa gaplar bo‘ldi, qizingizni ehtiyot qiling», deb qo‘ydi. Endi tushundingizmi?
— Tushundim. Aytadigan gaplaringiz shumidi?
— Ha, shuncha gapim kammi sizga? Bo‘pti, agar kamlik qilgan bo‘lsa, yana eshitsam yo eslasam kelib aytaman, — Adolat shunday deb o‘rnidan turib xayrlashdi. Lekin darrov chiqib ketmadi. Ostonada turganicha «er yutkur» va «o‘lgur»lar haqida yana allaqancha gaplarni aytib tashladi. Omonullo uni bilagidan ushlab, yo‘lga boshlamasa, kechgacha gapirishdan ham toymaydigan edi.
Adolatni kuzatgach, Omonullo boshliq huzuriga kirib qotillik yuz bergan uyni nazorat ostiga olish masalasida kelishib oldi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:10:55

AZOBLARNING MUQADDIMASI

«Ha-ha! Baribir urdi-ku, Xudo!! Hali bu ham kam senga, bir tomchi suvga zor bo‘lib o‘lasan. Ha, sen qiynalib o‘lasan, men esam rohatlanib tamosha qilaman!».
Bu ovoz... qaynonasining ovozi... O’zi qani? Qaerda turib gapiryapti?
Harakatsiz yotgan Toshboltaning ko‘zlari javdiradi. «Uxlayapmanmi, tush ko‘ryapmanmi? — deb o‘yladi Toshbolta. — Yo‘q, uyg‘oqman. Hammayoq yop-yorug‘. Avval domla o‘qiyatuvdi, keyin milisa keldi. Bu ham tushmi? Yo‘-o‘q... «Adol bilan gaplashdi-ku u milisa? Adol... harom o‘lgur Adol, mendan oldin sen o‘lsang yaxshi edi. Bir kun bo‘lsa ham sendan keyinroq o‘lishni orzu qilardim-a, bir kun bo‘lsa ham odamga o‘xshab yashab qolardim-a... Milisaga nimalar deb sasiding-a, qanjiq! Menga tekkuningcha nima qilgan bo‘lsang qilgansan. Hammasini eshitgan edim, lekin senga rahmim kelib indamovdim. O’shanda seni o‘ldirvorsam bo‘larkan. Sen... ilon... hammamizni chaqib o‘ldirding... Bir soatga bo‘lsa ham tuzalsam edi, o‘rnimdan turib bo‘g‘ib o‘ldirardim sen ablahni. Yo‘-o‘q... avval tilingni kesar edim, so‘ng bo‘g‘ardim. Nafisning oldiga yuzim yorug‘ bo‘lib borardim...»
«Ha-ha! Seni Xudo urdi-ku!»
Yana o‘sha ovoz. Toshboltaning ko‘zlari yana javdiradi. So‘ng nigohi qotdi: yonginasida qaynonasini ko‘rdi. Qaynonasi o‘tirib olganicha eski ko‘rpachani so‘tyapti.
«Nima qilyapsiz?» — deb so‘radi Toshbolta.
«Senga kafan bichmoqchiman» — deb javob berdi qaynonasi.
«Eski ko‘rpachaning astaridan ham kafan bo‘larkanmi?» — dedi Toshbolta.
«Senga shu ham hayf. Itday o‘lib, itday ko‘milishing kerak», — dedi qaynonasi.
«Meni buncha yomon ko‘rasiz-a? Qizingizni urgan bo‘lsam jazosini totdim-ku? Xudo bir alvastiga ro‘para qilib qo‘ydi-ku?» — dedi Toshbolta.

Qayd etilgan