Bosh suyaklari
Bosh suyagi miya va yuz suyaklariga bo‘linadi.
Boshning miya suyaklariga: peshona, 2 ta chakka, 2 ta tepa, ensa, ponasimon yoki asos, g‘alvir suyaklari kiradi. Ensa suyagida katta teshik bo‘lib, bu teshik orqali bosh miya umurtqa pog‘onasi kanali bilan bog‘lanib turadi. Chakka suyagi tashqi yonboshida joylashgan chakka chuquri orqali pastki jag‘ bilan birlashib turadi, ya’ni bu birlashma boshning birdan-bir harakatdagi bo‘g‘imi hisoblanadi.
Boshning yuz suyaklariga: 2 ta yuqori jag‘, 2 ta tanglay, 2 ta yonoq, 2 ta burun, 2 ta yosh, 2 ta burun chig‘anog‘i, dimoq, pastki jag‘ va tilosti suyaklari kiradi.
Pastki jag‘dan tashqari, barcha bosh suyaklari choklar orqali birikkan. Chakka suyaklarida eshitish va muvozanatni boshqaruvchi a’zolar joy-lashgan. Bosh suyagining yuz qismidan boshlanadigan mimika muskul-larining bir uchi suyakka, ikkinchi uchi esa teriga yopishgan bo‘lib, shu muskullar yordamida inson yuzida quvonch, g‘am, jahl, qo‘rquv ifodalari aks etadi.
G’alvirsimon, peshona, asos va chakka suyaklaridagi kovaklar (bo‘shliqlar) ichida havo bo‘ladi.
Peshona, asos va g‘alvirsimon suyaklar ichidagi bo‘shliqlar burun havo yo‘liga, chakka suyagidagi bo‘shliq esa o‘rta quloq bilan tutashgan.