Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi alayh bunday der ekanlar: «Besh narsa ilohiy rahmatdan marhumlik alomati sanaladi: qalb qattiqligi, ko‘z xiraligi (yig‘lamasligi), hayo ozligi, dunyoga rag‘bat ko‘rsatish va uzun orzular».
As-Sariyyus-Saqotiy rahmatullohi alayh bunday deganlar: «Hayo va uns (muhabbat) qalb eshigini taqillatishadi, u yerda zuhd va varo’ (taqvodorlik)ni topishsa, joylashib olishadi, bo‘lmasa qaytib ketishadi. Hayoning alomati - gunohga yo‘l qo‘ymaslikdir».
Men deymanki, gunohga yo‘l qo‘ymaslikdan maqsad gunohda davom etmaslikdir.
Ustozim Aliyyul - Mursiy rahmatullohi alayh aytadiki: «Murid tavbada shunday sobit bo‘lsinki, chap tomondagi farishta yigirma yil bu kimsaga biror gunoh yozolmasin» so‘zidan maqsad aslo gunoh qilmaslik yoki gunohda davom qilmaslik, darhol tavba va istig‘for etish ma’nosidami, deya savol so‘raldi.
Bunday javob berdilar: «Maqsad ikkinchisidir. Chunki sodiq murid gunoh qilgach, darhol tavba va istig‘for qiladiki, gunohi tavbadan so‘ng o‘chiriladi. Natijada farishta yozadigan hech bir narsa topolmaydi. Chunki u, qul tavba va istig‘for aytar, deya kutadi. Agar banda pushaymon bo‘lib istig‘for aytsa, farishta ham o‘sha gunohni yozmaydi».
Yana shu narsa haqiqatki, ikki farishta qavliy va fe’liy gunohlarni yozadi. Gunoh qilgan kishi gunohini oshkor etib «men shu-shu gunohlarni qildim», desa farishta o‘shani yozadi. Bunga dalil ushbu oyati karimadir: «Holbuki, shak-shubhasiz, sizlarning ustingizda (qilgan har bir amalingizni) yod olib, yozib turguvchi ulug‘ (farishta)lar bordir. Ular sizlar qilayotgan ishlarni bilurlar» (Infitor surasi, 10-12-oyatlar). Biroq bilish yozish emas, buni ham bil.