372
Abu Hanifa (r.a.) Haysamdan, u bir odamdan, u Abdulloh ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qiladi. Ibn Mas’ud (r.a.) aytdilar: «Hazrati Abu Bakr (r.a.) va Hazrati Umar (r.a.) bir kecha Rasulullohning (s.a.v.) yonlarida suhbat qildilar.
Alloh Rasuli va ular birga chiqishdi. Ibn Mas’ud Qur’on o‘qiyotganda uyi oldidan o‘tdilar. Nabiy (s.a.v.) bunday dedilar: «Qur’onni nozil bo‘lgani kabi o‘qimoq kimni shod etsa, u Ibn Ummu Abd (Ibn Mas’ud)ning qiroatiga muvofiq o‘qisin. Tilaganingni so‘ra, so‘ragan narsang senga beriladi».
Hazrati Abu Bakr (r.a.) va Hazrat Umar (r.a.) xushxabarni yetkazishmoqchi bo‘lib, Ibn Mas’udning oldiga keldilar. Hazrati Abu Bakr (r.a.) yo Hazrati Umardan (r.a.) oldin kelib, Ibn Mas’udga mujda: Nabiyning (s.a.v.) Ibn Mas’udga (r.a.) duo qilishni aytganlarini yetkazdi. Ibn Mas’ud bunday dedi: «Allohim!.. Sendan doimiy iymon, tuganmas ne’mat, abadiy jannatingda Payg‘ambaringga yo‘ldosh bo‘lmoqni so‘rayman».
Bir rivoyatda (Haysamdan, u Abdullohdan qilgan rivoyatda) Abdulloh aytdi: «Hazrati Payg‘ambarning (s.a.v.) yonlarida Hazrati Abu Bakr (r.a.) bilan Hazrati Umar (r.a.) suhbatlashar edi. Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) tashqariga chiqdilar, ikkovi ham Ul zotning (s.a.v.) izlaridan chiqishdi. Ibn Mas’ud (r.a.) Qur’on o‘qiyotganida, uning uyi yonidan o‘tdilar.
Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) marhamat qildilar: «Qur’onni nozil qilingani kabi o‘qish kimni quvontirsa, Ibn Ummu Abdning (Ibn Mas’udning) qiroati asosida o‘qisin». Va: «Nimani so‘rasang, so‘raganing senga beriladi», dedilar.
Hadisning qolganini yuqoridagi kabi zikr etdi.