Oyat tafsiridagi tafsilotlar
Birinchi kuzatish: Alloh taoloning "œKo‘zlarini tiysinlar" va "œNomuslarini qo‘risin" so‘zlaridagi hikmat shuki, nomahram ayollarga boqish zino elchisi, yomonliklarning boshidir. Nazarlar qalb elchisi bo‘lgani uchun, ko‘ringan manzaralar insonni o‘ziga tortib, qiynaydi. Zero, har ko‘rganingni ado etolmaysan, ba’zi ko‘rganlaringga sabr qilolmaysan. Zero, qarash bilan mubtalo bo‘lish mumkin. Bundan saqlanmoq qiyin. Ko‘z har narsani qalbga yetkazadigan eshikdir, yo‘ldir. Inson bu yo‘l orqali gunohga botadi. Chunki, boqish tabassumga, tabassum salomga, salom suhbatga, suhbat kelishuvga, kelishuv esa, g‘ayri mashru’ ishga vasila bo‘ladi.
Ikkinchi kuzatish: Oyatdagi "œko‘zlarini tiysinlar" amri har narsa uchun emas, Alloh taolo harom qilgan narsalarga tegishlidir.
Uchinchi kuzatish: Oyatdagi "œZiynatlarini ochmasinlar" ta’biri ziynatlar taqilgan joylarni, shu sababli ziynatlar berkitilishini ifodalaydi.
Zamahshariy aytadilar: "œOyatda ziynat joyining zikr etilishidan hikmat; ziynat joylarni berkitish zarurligini ifoda etilishidir. Chunki, Alloh taolo "œZiynatlarini ochmasinlar" deya buyurar ekan, aslida ziynat joylarining ochilmasligini qasd etgan, ya’ni, maqsad qilib qo‘ygan. Chunki, taqilmagan ziynatlarning ko‘rinishi harom emas. Bu jihatidan ziynatlarning ta’qiqlanishiga zarurat yo‘q. Demak, aslida ta’qiqlangani — ziynatlar taqiladigan joylardir".
To‘rtinchi kuzatish: ba’zi olimlarning fikriga ko‘ra, odam ko‘z bilan zavqlangani kabi, quloq bilan ham lazzatlanadi. Shuning uchun, Alloh ayollar yurganlarida, "œhamda ko‘rinib turadigan boshqa ziynatlarini ko‘rsatmasinlar!..." deb buyuradi. Chunki oyoqlar yerga urilganda taqilgan ziynatlarning masalan, qo‘ng‘iroqchalarning ovozi eshitiladi. Bu ovoz erkaklarga ayol kelganini bildirib, shahvoniy xohishlarini qo‘zg‘aydi. Shu sababdan bu oyat ham avvalgi oyatda bo‘lgani kabi ziynat taqilgan a’zolari, oyoqlarining ochilishi haromligiga dalolat etadi. Xullas, shahvatni qo‘zg‘aydigan atr-upa, nozli yurish va nozli suhbatlashishlar ham ta’qiqlanadi. Chunki, Alloh taolo: "œ...Bas, sizlar (nomahram erkaklarga) mayin so‘z qilmanglarki, aks holda qalbida buzuqlik bo‘lgan kimsa tama’ qilib qolur..", degan. Bu oyatdan anglashiladiki, ayollar ataylab ovozlariga mayinlik, ohang berib, tovushlarini titratib nomahram erkaklarga so‘zlamasinlar, chunki bundan o‘rtada shar’iy bo‘lmagan munosabat kelib chiqishi, bu esa ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Beshinchi kuzatish: "œKo‘zni tiyish"ning bir necha foydalari bor:
1. Alloh taoloning amriga itoat qilgan bo‘ladi.
2. Bir o‘q kabi qalbni yaralaydigan manzaralardan himoyalangan bo‘ladi.
3. Qalb quvvatlanadi.
4. Qalb yomon narsalar bilan mashg‘ul bo‘lmaydi. Alloh bilan bog‘lanishga, mashg‘ul bo‘lishga odatlantiradi, imkon paydo qiladi.
5. Qalbni nurli qiladi.
6. Qalbga (zakovat) farosat beradi.
7. Shayton kiradigan yo‘llarni berkitgan bo‘ladi.