Hazrat Oisha (r.a.) din borasida bamisoli to’lib-toshgan dengiz, hikmat va shariat ilmiga xazinabon edilar. Payg’ambarimiz (s.a.v.)ning o’sha paytda o’z ilmi, fazli, taqvosi va dunyoqarashi bilan yuqori darajada bo’lgan sahobai kiromlarga qarata: "œEy birodarlar, diningizning yarim ilmini Oishadan olinglar", degan hadisi shariflaridan ham bilsa bo’ladi. Oisha (r.a.) fazlining yuqoriligi, ilmining to’lib-toshganligiga Abu Muso (r.a.)dan keltirilgan ushbu rivoyat ham shohidlik beradi: "œBizlar — Rasulullohning do’stlariga bironta hadisning ma’nosini tushunish mushkul bo’lib qolgudek bo’lsa, darhol Oishaga murojaat etar va undan to’la tushuncha olar edik".
Ato ibn Raboh aytadiki: "œOisha odamlar orasida eng dono va fikri terani edi". Hishom ibn Urva o’z otasidan rivoyat qilib aytadiki: "œFiqh ilmida, tib sohasida va she’r borasida Oishadan bilimliroq kishini ko’rmadim".
Payg’ambarimiz (s.a.v.)ning yana bir ayollari hazrati Zaynab (r.a.) ham o’sha zamonaning buyuk faqihi (huquqshunosi) edi. Madinada esa Binti Abi Salama (r.a.) fiqh sohasining bilimdoni edi.
Islomda ayolning ilm tahsil etishiga qarshi chiqqan erlarga o’rin yo’q. Aksincha, Islomni to’g’ri tushunib unga amal qilgan mo’min erkaklar, avvalo o’zlari ilmli bo’lganlari yoki ilm olayotganlari holda, ayollarga ham ilmni egallashlariga yordamchi bo’ladilar. Bu borada musulmonlar tarixi sharafli sahifalar bilan to’liqdir.
Ayollarni ilm tahsil etmakdan man qilmoq bu jaholat va g’aflatga berilgan erlarning ishidir. Chunki, ayolni ilm olishdan man etmoq din o’rganmoqdan man etmoqdir.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: "œEy Payg’ambar, qachonki, sizning oldingizga mo’minlar kelishib, sizga o’zlarining Allohga biron narsani sherik qilmasliklariga, o’g’rilik qilmasliklariga, zino qilmasliklariga, o’z bolalarini o’ldirmasliklariga va qo’l-oyoqlari o’rtasida to’qib oladigan bo’htonni qilmasliklariga* hamda biror yaxshi ishda sizga itoatsizlik qilmasliklariga qasamyod qilsalar, siz ularning qasamyodlarini qabul qiling va ular uchun Allohdan mag’firat so’rang! Albatta Alloh kechirimli va rahmlidir" (Mumtahana, 12).
Bu oyati karimadan ma’lum bo’ladiki, ayol Islomning muayyan aqidalariga ergashmoqqa yo’naltirilgan. Ayol ruhan va fe’lan bu aqidalarga amal qilishi, kuzata va anglay olishi uchun o’z-o’zini tarbiyalab, ta’lim olishi Islomning asosiy jihatidir.
Qur’oni karimda Payg’ambarimizga (s.a.v.) xitoban kelgan oyat bor: "œUlar bilan kengashib ish qiling", ya’ni sahobalar bilan kengashib ish qilishlikni Alloh buyurmoqda. Sahobalar orasida esa ayollar ham bo’lishgan va bu amr ularga ham tegishli bo’lgan. Bundan tashqari, Muhammad (s.a.v.) ahli ayollariga hurmat bilan qarab, ular bilan masalahatlashib ish ko’rganlar.
Tabiiyki, musulmonlar shu amrga tobedirlar. Bu oyati karimada faqat erkaklar bilan maslahatlashib, ayollar bilan maslahatlashmaslik kerak, bunga ehtiyoj yo’q, deydigan biror ishora mavjud emas. Bu oyati karimani faqat erkakka maxsus deyish ayolga muxoliflikdan boshqa narsa emas. Islom olimi Ibni Xozim shunday dedilar: "œHazrat Payg’ambar (s.a.v.) ham erkaklarga, ham ayollarga teng yuborilgandirlar. Allohning xitobi, payg’ambarning xitoblari ayollarga ham, erkaklarga ham qaratilgandir. Bu xitoblarni ochiq bir nass yoki ijmo bo’lmaguncha erkaklarga maxsus etib, ayollarni tashqarida qoldirmoq joiz emas".
Payg’ambarimiz (s.a.v.) ahli ayollari bilan maslahatlashib ish ko’rganliklari ma’lum. So’zimiz quruq bo’lmasligi uchun ushbu hadisni keltiramiz. Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: "œRasululloh (s.a.v.) bunday deb aytdilar: "œKimki Alloh taologa va qiyomat kuniga iymon keltirgan bo’lsa, qo’shnisiga ozor bermasin! Shuningdek, ayollar bilan doimo yaxshilikcha maslahatlashingizlar".
Shu sababdan ayolni kengashdan mahrum etmoq, bevosita Allohga qarshi qullik chegaralaridan o’tmoqdir, haddi ubudiyatiga tajovuz qilmoqdir. Alloh ayollarga bergan bir haqni ularning qo’llaridan olmoqdir.
Rasululloh (s.a.v.) iymon keltirgan mo’min erkak va mo’mina ayollarning bunday ma’siyatga tushishining oldini olish uchun ayol bilan erkak maslahat qilishi kerakligini tashviq etganlar. Haqiqatdan sahih bir hadisda shunday marhamat qilinadi: "œQizlar bilan bog’liq masalalarda onalari bilan maslahatlashing". Ya’ni, qizlarning otalari qizlarini turmushga chiqarish xususida onalari bilan maslahatlashadilar.
Rasulullohning (s.a.v.) siyratlari ayollar bilan maslahat qilish xususida bir ibrat xazinasidir.
Payg’ambarimiz (s.a.v.) 6 hijriy yilda 1400 sahoba bilan Madinadan Baytullohning ziyorati uchun borganlarida mushriklar Hudaybiya nomli vodiyda yo’lni to’sdilar. O‘sha yerda sulh tuzilib, musulmonlar Ka’bani ziyorat qilmay, qaytib ketadigan bo’ldilar. Payg’ambarimiz (s.a.v.) Hudaybiyada oyoqqa qalqib; "œEy insonlar, turing, qurbonliklaringizni so’ying. Sochlaringizni oldiring va ehromdan chiqing!" deya ashobiga amr etdilar. Ulardan hech biri joyidan qimirlamadi. Payg’ambarimiz (s.a.v.) amrlarini yana bir takrorladilar. Yana qimirlagan bo’lmadi. Payg’ambarimiz (s.a.v.) buyruqlarini uchinchi bor takrorladilar. Yana qimirlagan bo’lmadi. Payg’ambarimiz (s.a.v.) zavjalari Ummu Salamaning yonlariga bordilar. Shunda Ummu Salama: "œYo Rasululloh! Ne bo’ldi?" - deb so’radilar. Payg’ambarimiz (s.a.v.): "œEy Ummu Salama! Xalqning (musulmonlarning) bu qilig’i nedir? Esankiraydigan hol. Ularga: «Qurbonliklaringizni so’ying, sochingizni oldiring va ehromdan chiqing», deb takror-takror aytdim. Ular so’zlarimni eshitar, yuzimga boqisharu amrimni bajarmoqqa turishmadi", deb nolidilar.
Hazrat Ummu Salama: "œYo Rasululloh! Ko’rganingizdek xalq shu holga tushmoqda. Ey Allohning Payg’ambari! Siz shu ishni bajarmoq istaysizmi? Istasangiz, tez boring, qurbonliklarni so’yguncha, sartaroshni chaqirib, soch oldirguncha ashobdan hech kimga so’z aytmang. Siz qurbonliklarni so’yib, soch oldirsangiz, xalq ham shunday qiladi».
Rasululloh qo’llariga bir nayza olib, baland tovushda "œBismillahi, Allohu akbar!" deya qurbonlik tuyalarini so’ya boshladilar.
Ashob Payg’ambarimiz (s.a.v.) qurbonlik so’yishlarini ko’rishlari bilan darhol turib qurbonlik tuyalarini so’yishga tushdilar.
Hazrat Ummu Salama shunday dedilar: "œQurbonliklarga qarab shunday chopdilarki, to’planganlarini ko’rib, bir-birlarini ezib qo’yishlaridan qo’rqdim".
Payg’ambarimiz (s.a.v.) Ummu Salamaning o’rinli maslahatlari asosida niyatlarini amalga oshirdilar. Endi Alloh uchun aytaylik, tarixning bu sharafli sahifasi qoshida Hazrat Payg’ambar (s.a.v.) nomlaridan to’qilgan "œAyollarga maslahat soling, lekin ular aytganining teskarisini qiling. Chunki ayollarga qarshi ish tutishda baraka bordir", degan gaplar U zotga (s.a.v.)ga tuhmat emasmi? Bo’hton emasmi? Aytsak—aytmasak, ham bo’hton, ham tuhmat! Rasulullohning (s.a.v.) hazrat Ummu Salama bilan maslahatlari, kengashlari va uning natijasi bunga eng buyuk hujjatdir.
Ayollar haq-huquqlarini Islomdan boshqa din va mafkuralar ko’rib chiqmagan, desak xato qilamiz. Ayollar haq-huquqlarini talab qilib, dastavval Frantsiya inqilobida 1791 yili "œAyol haqlari" bayonnomasi qabul qilindi. Bu ta’limot avval huquqiy sohada (qonun oldida erkak-ayol tengligi kabi), so’ng siyosiy sohada (saylash-saylanish kabi) muvaffaqiyat qozondi. Lekin bu ta’limotni ko’tarib chiqqanlar ayollarning haqlariga e’tibor beraylik, deb, yildan-yilga ayolning fitratini ham unutib, erkaklashtirishga olib keldilar. Natijada ayol jamiyatda bir ko’ngilxushlik unsuri, reklama materiali, ya’ni namoyish ashyosiga aylanib qoldi. Feminizm ayol ezilishiga qarshi bo’lish o’rniga o’zi ayolga ko’rsatilayotgan zulmga zulm qo’shdi va faqat erkaklar emas, balki ayolni ayolga zulm qilishga o’rgatdi, tashviq etdi, tashkil qildi.
"Islam-Istina" saytidan foydalanildi!