Birinchi misol - aytish joizki, insonning badanidagi nafsi, ya’ni oldin zikr qilingan latif nafsi o‘z shahridagi va mamlakatidagi bir podshohga o‘xshaydi. Chunki badan nafsning mamlakati, olami, qarorgohi va shahri hisoblanadi. Uning a’zolari va quvvati ishchilar-u hunarmandlar o‘rnidadir. Uning fikr yurituvchi aqliy quvvati esa nasihatgo‘y, maslahatchi va oqil vazirdir. Uning shahvati shaharga oziq-ovqat olib keladigan yomon bir qulga o‘xshaydi. G’azabi va hamiyati esa mirshablarga o‘xshaydi. Taom olib keluvchi qul yolg‘onchi, makkor, aldoqchi bir iflos kas esa-da, xuddi nasihatgo‘y suratida gavdalanadi. Uning nasihati tagida dahshatli yovuzliklar va zahri qotillar bor. Bu qulning qilig‘i-yu odati nasihatgo‘y vazirning fikrlari va tadbirlari to‘g‘risida tortishishdir. Hatto u biror soat ham vazir bilan tortishish va unga qarshi chiqishdan xoli bo‘lolmaydi. Qalb go‘yoki bir hokim, agar u mamlakatida (ya’ni, badanda) har bir ishni hal etishda vaziri (ya’ni, aql) bilan kifoyalanib, faqat u bilan maslahatlashsa, o‘sha yomon qulning fikri o‘ziga zid bo‘lgani uchun uning aytganlariga ko‘nmasa, mirshablari qulning adabini berib tursa, vazir ham uning ustida siyosat yurgizib, o‘z maslahati asosida harakat qilishga majburlasa, hokim o‘z vazirini ana shu iflos qul, uning yordamchilari va izdoshlari ustidan boshliq qilib qo‘ysa, bu qul hukm yurituvchi bo‘lmay, unga qarshi hukm yuritiladigan bo‘lsa, u tadbir qiluvchi amir emas, balki uning tadbirini qilib, unga amr etiladigan bo‘lsa -shundagina shahar (badan) ishlari to‘g‘ri yo‘lga tushadi. Shundagina intizom va adolat bo‘ladi. Shuningdek, nafs ham qachon aqldan yordam so‘rasa, g‘azab hamiyati bilan odoblanib, uni (ya’ni, g‘azab hamiyatini) shahvat ustiga g‘olib qilsa va ikkalasi (g‘azab hamiyati va shahvat)ning biridan boshqasi zarariga yordam so‘rasa, uning quvvati mo‘‘tadil, axloqi esa chiroyli bo‘ladi. Yordam so‘rash gohida shahvatga qarshi chiqish va uni avrash bilan g‘azab darajasi va mojarosini kamaytirish orqali bo‘ladi. Gohida esa yordam so‘rash g‘azab va hamiyatni shahvat ustiga hukmronlik qilish va u taqozo etgan narsalarini xunuk sanash bilan uni yanchib, ustidan g‘olib kelish orqali bo‘ladi.