Bir tanishimga ayta olmagan gaplarim:
Erkak ayoldan bir pog'ona ustun turishini pesh qilib, faqat til bilan va jismonan ustunligini amalda isbotlayotgan zulmkor er, Allohdan qo'rqing! Johillik ham shu darajada bo'ladimi? Shunchalik ustunlikni iddao qilsangiz faqat jismonan emas, aqlan va ruhan ustunlingiz qani? Qani sizdan qo'rqadigan ojizani zo'ravonlik bilan emas, balki zakiylik bilan boshqaruvchi zakovatdagi ustunlik?! Yo'q, siz begunoh ayolingizga nisbatan kuch ishlatish bilan ustunligingizni emas, balki qanchalik past, ha qanchalik pastkash ekaningizni isbotlayapsiz! Qaniydi payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: "Sizlarning eng yaxshilaringiz ahli ayoliga yaxshi muomilada bo'lganlaringizdir.", degan so'zlariga quloqlaringizni yopib olmaganingizda. Ayolingiz sizni shu holingizda ham ho'jayinim, deb turibdi, sizdan qilmagan aybi va qilgan aybi (agar sizga ovqat pishirgani, kiringizni yuvgani... xullas sizga xizmat qilgani ayb bo'lsa, shular uchun) uzr so'rayabdi. Siz esa necha yillardan beri sizga mazali taom pishirib beruvchi ayolingizni bir ikki marta qilgan sho'r yoki tuzsiz ovqati uchun yomon xotinga chiqarib qo'yasiz! Erkak kishiga aslida buyuk maqsadlari oldida bu mayda narsalar e'tiborsiz bo'ladi. Lekin sizda yirikroq maqsad va bu yo'ldagi muammolar yo'qmi (?), shu darajada maydalashib ketibsiz!
Mening bu gaplarim bir odamga qaratilgan. Shunday bo'lsada, bu gap faqat mening ichimda emas. Har qanday zolim erni ayolining, o'g'lining, qizining va har qanday yaqinining ayta olmay, dilida tugilib qolgan gapi bo'lishi mumkin.