Tibbiyot mutaxassisi, asli shveytsariyalik bir qiz Parijdagi hayoti haqida shunday degan: «Bu «tojir», ayni paytda «fojir» shaharda ehtiyojlarimni qondirish uchun ota-onamning menga yuborgan ozgina mablag‘i kamlik qilardi. Negaki, bu shahar insonni ochko‘z hayvonga o‘xshatib qo‘yadi. Shuning uchun biron oilaga xizmatkorlikka yollanib, ta’minotimni yaxshilamoqchi bo‘ldim. Insoniy mukarramligimni saqlab qolish uchun ruhiy muhit hukmron bo‘lgan Sharq xonadonini qidira boshladim. Va bir hind oilasi bilan kuniga bir necha soat xizmatga kelishdim. Ammo, afsuslar bo‘lsinki, ularda ham yo‘qotgan narsamni topmadim. Ular nochor ruhiyat egalari edilar».
Bu misollar g‘arbliklarning hazoralari hayotlarida alam, hayrat va iztirob buloqlarini ochib yuborganidan so‘ng taskin va orom izlab, ruhiy hayotga talpina boshlaganliklarini ko‘rsatadi. Va ularning ko‘pchiligi qalb tasallisini yagona tavhid va vahiyga asoslangan Islom hazorasidan, jismoniy va ruhiy hayot haqiqatning ikki yuzi kabi teng qiymatga ega bo‘lgan nodir hazoradan topyapti. Chunki bu shundayin ijobiy, ijodiy va ilohiy ruhoniyat hazorasiki, u askarga urushda, ishchiga korxonasida, olimga darsida, faylasufga ilmiy ishida, qoziga mahkamada, xizmatchiga idorasida, boshliqqa boshqaruvida baravar hamdam bo‘ladi. U har bir insonga yaxshi va yomon kunlarida, harakat va sukutida, kechayu-kunduzida, osonlik va mashaqqatida, sog‘lomlik va betobligida hamroh bo‘ladi. Hech bir holatda unga to‘sqinlik qilmaydi, balki kamolotdan kamolotga yetkazadi. Unga Xoliqi — Allohni, ustida yurgani — yerni, birgalikda yashagani — odamlarni, ulug‘ yaxlitlikdan bir bo‘lagi bo‘lgan olamni va olamlar Parvardigori - Allohga banda ekanini eslatib turadi. Uning g‘arb hazorasidan farqli o‘laroq, odamlarga marhamatli, axloqda ustun, hukmda adolatli, ruhni munavvar etuvchi va turli davrlardagi insoniy ideallarga yaqin bo‘lgani allaqachon kashf etilgan.