BISMILLOHIR RAHMONIR RAHIYMI
«BAQARA» SURASI
Olloh taolo Odamga barcha ismlarni o‘rgatgandur!
Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Janob Rasululloh bunday dedilar: «Mo‘minlar Qiyomat kuni to‘planishib «Agar rabbimizdan shafoat tilasak, (u bizni bu turgan yerimizdan o‘zga yaxshiroq joyga ko‘chirmasmikan?)» deya Odam alayhissalomning qoshlariga borishgay-da, ul kishiga: «Siz odamlarning otasisiz, Olloh taolo sizni o‘z qo‘li birlan yaratgan, sizga maloikalarini sajda qildirgan va sizga har bir narsaning ismini o‘rgatgandur, rabbingizdan bizga shafoat so‘rangiz, toki u bizni bu turgan yerimizdan o‘zga yaxshiroq joyga ko‘chirsin!» — deyishgay. Odam alayhissalom: «Mening sizlarga foydam tegmagay» deb qilgan gunohlarini eslagaylar-da, uyalib ketgaylar. So‘ng, ularga: «Nuh alayhissalomning qoshlariga boringizlar, ul kishi Olloh taolo Yer ahliga yuborgan payg‘ambarlarning eng birinchisidurlar!» — degaylar. Ular Nuh alayhissalomning qoshlariga borishgach, ul kishi ham «Mening sizlarga foydam tegmagay» deya aqllari yetmagan narsa xususida parvardigorlariga savol berganlarini eslab, uyalib ketgaylar-da: «Ar-Rahmonning do‘stining qoshiga boringizlar!» — degaylar. Ular Ibrohim alayhissalomning qoshlariga borishgay. Ul kishi ham: «Mening sizlarga foydam tegmagay, Olloh taolo so‘zlashgan va Tavrot ato etgan banda bo‘lmish Musoning qoshlariga boringizlar!» — degaylar. Ular Muso alayhissalomning qoshlariga borishgay. Ul kishi ham «Mening sizlarga foydam tegmagay» deya qilgan gunohlarini eslagaylar-da, parvardigorlaridan uyalib ketgaylar. So‘ng, ularga: «Olloh taoloning bandasi va payg‘ambari, Olloh taoloning kalimasi va ruhi bo‘lmish Isoning qoshlariga boringizlar!» —degaylar. Iso alayhissalom ham: «Mening sizlarga foydam tegmagay, yaxshisi Olloh taolo sobiq va kelgusi gunohlarini mag‘firat qilgan banda Muhammad sallallohu alayhi va sallamning qoshlariga boringizlar!»— degaylar. Ular mening huzurimga kelishgay, so‘ng men rabbimning huzuriga borib izn so‘ragayman, menga ijozat berilgay, parvardigorimni ko‘rishim birlanoq sajda qilib turgayman, ul meni o‘zi istagancha vaqt sajdada qoldirgay, so‘ng menga: «Boshingni ko‘targil, so‘ragil, so‘raganingni ato etgay, so‘zlagil,so‘zingni eshitgay, shafoat tilagil, shafoat etgay!»— deyilgay. Men boshimni sajdadan ko‘tarib, o‘zi bizga o‘rgatgan hamdu sanolar birlan uni madh qilgayman, keyin undan shafoat tilagayman, u menga muayyan kishilarni jannatga olib kirmog‘imga ijozat bergay, men ularni jannatga olib kirgayman, so‘ng uning qoshiga qaytib borib, uni ko‘rishim birlanoq avvalgidek sajda qilib turgayman, keyin undan shafoat tilagayman, U menga bu gal ham muayyan odamlarni jannatga olib kirmog‘imga ruxsat bergay, men ularni jannatga olib kirgayman, so‘ng uning huzuriga uchinchi va to‘rtinchi bor qaytib borib: «Do‘zaxda Qur’on bandi etib, unda abadiy qolmog‘i lozim bo‘lganlargina qoldi!»—degayman».
Abu Abdulloh: «Qur’on bandi etganlargina», ya’ni Olloh taoloning «Unda abadiy qoladilar» degan hukmiga binoan do‘zaxda qolgan odamlargina»,—deydilar.