Behzodbek:
Yana bir voqea.
1999 yoki 2000 yil edi. Yoyilma degan dashtli bir qishloqdan dehqonchilik qilish uchun yer sotib oldik. Shu yerga mollarimizni ham olib borib qo'ydik. Chunki uyda mol boqish qiyinlashib ketgandi, o't yo'q, boqadigan joylar ham topilmaydi.
Xullas, dashtga sog'in sigirimizni ham tashlab keldik. Men yoki akalarimdan biri har kuni velosipedda dashtga borib, mollarimizni boqib, suv berib kelardik. Shuningdek, sigirni sog'ib kelish ham biz yigitlarning qo'lida qolgandi. Lekin men sog'ishni uncha bilmasdim. Men borgan kuni chelakda juda oz sut kelardi.
Bir kuni kechki payt sigirni sog'ib uyga jo'nash uchun yo'lga chiqdim. Bir qo'limda sut solingan chelak, narigi qo'lim bilan velosipedning rulini tutganman. Katta yo'lga chiqib olsam bo'ldi, u yog'i pastlikka asfalt yo'lda shuvillab tushib ketaman, qiyinchilik bo'lmaydi. Lekin shu katta yo'lga chiqishda bir xavfli burilish bo'lardi. Ya'ni katta yo'lga bir tepalikdan tushib borishim kerak edi. Odatda, bu tepalik (bu ham asfalt yo'l)dan tushib borilsa, katta yo'lni kesib chiqardim. Lekin bu yerda tezlik oshib ketib, katta yo'lga chiqqanda agar tormozni bosmasangiz, burilishingiz juda qiyin bo'ladi. Ayniqsa, qo'lingizda chelak bo'lsa...
O'sha kuni qandaydir xayol bilan bo'lib, tepalikdan tez tushib yuboribman. Shunaqangi tezlashib ketdimki, katta yo'lga yetganimdagina xayolim o'zimga keldi. Lekin eng dahshatlisi hali oldinda edi. Katta yo'lda bir yuk mashinasi oldimni to'sib chiqmoqda edi. Agar tezlik bilan tormozni bosmasam, borib unga urilishim aniq edi. Qo'rqib ketib darhol tormozni bosdim. Shoshib qolib bir narsani unutgan ekanman: Bir qo'limda chelak, rulni chap qo'lim bilan tutganman, xolos. O'tirg'ichda ham omonat o'tiribman. Tormozni bosishim bilan velik darhol to'xtadi. Shunday qattiq silkindimki, aniq oldinga uchib ketaman, deb o'yladim. Sut to'kilsa ham maylikuya, o'zimning pachog'im chiqishiga ishonchim komil edi...
Lekin bir lahzadan so'ng o'zimga kelib qarasam, o'tirg'ich ustidaman, chelakdagi sut ham to'kilmabdi. O'sha payt qandaydir kuch meni o'tirg'ich ustida ushlab qolganiga aniq ishonaman. Hanuzgacha shu voqeani eslab yuraman.
U paytlar namoz o'qimas edim. Keyinroq namoz o'qib, Qur'onni o'qiy boshlaganimda, bir oyatga duch keldim. U yerda, mazmunan, sizlarning ikki tomonlaringizda muhofaza qilguvchi farishtalar bo'ladi, deb yozilgandi.
Meni Allohning xohish-irodasi bilan o'shanda farishtalar bir o'limdan saqlashgan bo'lsa kerak. Keyinchalik Toshkentda o'qib yurganimda "Hidoyat" jurnalida shu voqea haqida kichik bir maqola ham chop ettirdim.
Alloh barchamizni o'z panohida saqlasin.