706. Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: “Bir kishi Rasulullohning (s.a.v.) oldilariga kelib, o‘ziga kerakli narsani so‘radi. Payg‘ambar (s.a.v.) undan: “Uyingda biror bir narsang bormi?” deb so‘radilar. “Ha, bor, ey Allohning elchisi, bir namatimiz bor. Ammo uning ba’zi joylari kuygan. Bizlar uning ustida o‘tiramiz, yotamiz, bir chetini ustimizga yopamiz, bir chetini tagimizga to‘shaymiz. Yog‘och tovog‘imiz ham bor, unda ovqat yeymiz, suv ichamiz va boshlarimizni yuvamiz”, dedi haligi kishi. Payg‘ambar (s.a.v.): “Ikkovini ham menga olib kel”, dedilar. U kishi namat bilan tovog‘ini olib kelganidan so‘ng, Payg‘ambar (s.a.v.) u narsalarni qo‘llariga olib: “Bu ikkalasini kim sotib oladi?” dedilar. Bir kishi: “Men bir dirhamga sotib olaman”, dedi. Nabiy (s.a.v.): “Bunga yana bir dirham qo‘shib sotib oladigan kishi yo‘qmi?” dedilar. Boshqa kishi: “Men ikkovini ikki dirhamga sotib olaman”, dedi. Rasuli Akram (s.a.v.) u odamga namat va tovoqni berib, ikki dirhamni oldilar va molning egasiga topshiraturib: “Bir dirhamiga ovqat sotib olib, uyingga olib bor. Bir dirhamiga esa, bolta xarid qil va mening oldimga kel”, dedilar. Haligi kishi keyin bolta sotib olib qaytib keldi, Payg‘ambar (s.a.v.) unga: “Borib, o‘tin terib, bozorda sot. So‘ng o‘n besh kundan keyin mening oldimga kel”, dedilar. Keyin u kishi ketdi, o‘tin sotib, o‘n dirham ishladi. Pulining bir qismiga taom, ozrog‘iga kiyim sotib oldi. Payg‘ambar (s.a.v.) unga aytdilar: “Bu ishing senga qiyomat kuni yuzingda qora dog‘ bo‘ladigan, uni faqat olov o‘chiradigan tilanchilikdan yaxshi emasmi?”
Hakimlarning ba’zilari shunday deydilar: “Oqil kishi besh narsasi bo‘lmagan shaharga tushmaydi: qat’iyatli sulton, odil qozi, muqim bozor, oqar daryo, mohir tabib”.
Hakimlarning biridan: “Kasblarning yaxshisi nima?” deb so‘rashdi. U kishi shunday deb javob qildi: “Dunyo kasblarining yaxshisi ehtiyojni qondirish uchun haloldan talab qilingani, uning bilan ibodat hozirligi ko‘rilgani va ortiqchasi qiyomat kuniga zaxira qilib qo‘yilgani. Oxirat kasblarining yaxshisi esa, amal qilinadigan ilmni tarqatish, solih amallar qilish va yaxshi odatni joriy etish”. Keyin: “Kasblarning yomoni nima?” deb so‘rashdi. “Dunyo kasblarining yomoni haromdan mol to‘plash va uni gunoh ishlarga sarflash hamda Parvardigoriga itoat qilmaydigan kishiga ergashish. Oxirat kasblarining yomoni esa, hasad qilib, haqni inkor etish, qasddan ma’siyat qilish va adovatli yoki zulmkor yomon odatni joriy etish”, deb javob qildi.
_____________________
Kasb qilish fazilati bobi hadislari
696-hadis. Zaif. Abu Na’im, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
697-hadis. Hasan. Ahmad, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
698-hadis. Isnodi noma’lum.
699-hadis. Sahih. Muslim rivoyat qilgan.
700-hadis. Sahih. Muslim va Ahmad rivoyat qilgan.
701-hadis. Bazzor rivoyat qilgan va roviylarini ishonchli, degan.
702-hadis. Mursal.
703-hadis. Tabaroniy rivoyat qilgan. Xaysamiy roviylarini sahih, degan.
704-hadis. Zaif. Tabaroniy rivoyat qilgan.
705-hadis. Isnodi zaif. Tabaroniy rivoyat qilgan.
706-hadis. Zaif. Abu Dovud, Ibn Mojja rivoyat qilgan.