308. Hasan Basriydan rivoyat qilinadi. U kishi aytdilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning har jum’a qilgan xutbalarini to‘rt yil izladim, lekin topa olmadim. Bir kuni bu xutbalar ansorlardan birida borligi ma’lum bo‘ldi. Uni izlab, Madinaga kelsam, u kishi Jobir ibn Abdulloh ekanlar (r.a.). Men u kishidan: "Siz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning har jum’a kuni qilgan xutbalarini eshitganmisiz?" deb so‘radim. U kishi: "Ha", deb javob qildilar va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xutbalarini aytdilar: "Ey odamlar, sizlar uchun alomat — belgilar bor, ularning oldida to‘xtang, sizlar uchun chegara bor, uning oldida ham to‘xtang. Mo‘min banda ikki xavf orasida bo‘ladi: O‘tgan umri borasida unga Alloh qanday muomala qilishini bilmaydi va qolgan umri davomida unga nima taqdir qilganini bilmaydi, mo‘min banda nafsidan nafsi uchun, hayotidan o‘limi uchun, yoshligidan keksaygan payti uchun, dunyosidan oxirati uchun ozuqa tayyorlasin. Dunyo sizlar uchun yaratilgan, sizlar oxirat uchun yaratilgansizlar. Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, o‘limdan keyin ayblash yo‘qdir. Dunyodan keyin yoki jannat, yoki do‘zax bo‘ladi. Bu so‘zimni tugataman, sizlarga va o‘zimga Allohdan mag‘firat tilayman".
Sahl ibn Abdulloh Tustoriydan zikr qilinadi. U kishi mollarini Alloh toatida infoq etardilar. U zotning onasi va akalari Abdulloh ibn Muborak oldilariga kelib, shikoyat qilishdi: "Bu o‘g‘limiz hech narsani qoldirmay, odamlarga beraveradi. Bizlar uning kambag‘allikka tushib qolishidan qo‘rqamiz", deb. Abdulloh ibn Muborak yordam bermoqchi bo‘lib, Sahlni chaqirtirdilar. Kelganidan so‘ng, Sahl unga aytdilar: "Ey Abdurahmonning otasi, agar shaharlik bir kishi bog‘ sotib olsa va shahardan boqqa ko‘chishni xohlasa, shunda shaharda biron narsani qoldiradimi o‘zi bog‘da turib?" Abdulloh aytdilar: "Agar shahardan boqqa qo‘chmoqchi bo‘lsa, shaharda hech narsasini qoldirmaydi". Shunda aytdilar: "Bir kishi dunyodan oxiratga ko‘chayotgan bo‘lsa, qanday qilib bu dunyoda narsasini tashlab ketadi?"
Faqih aytadilar: Oqil kishi dunyodagi rizqiga rozi bo‘ladi va mol to‘plashga mashg‘ul bo‘lmaydi. Oxirat amallari bilan shug‘ullanadi. Chunki oxirat qaror topish va ne’matlar uyidir. Dunyo foniylik uyi, u xiyonatkor, fitnakordir.
Juvaybir Zahhokdan rivoyat qiladi. Zahhok aytdilar: "Alloh taolo Odam bilan Havvoni yerga tushirganda, ular dunyo hidini topishdi va jannat bo‘yini yo‘qotishdi. Ikkalasini qirq kun dunyo bad bo‘yi o‘rab oldi".