259. Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qilindi: «Kimda uch xislat bo‘lmasa, imon mazasini topmaydi. Halimlik – u bilan johilning johilligini qaytaradi. Taqvodorlik – u harom narsalardan saqlaydi. Xulqlilik – u bilan odamlar bilan muomala qilinadi».
Oldin o‘tgan kishilarning biridan zikr qilindi: «U kishida bir ot bor edi. U kishi otini ko‘p yaxshi ko‘rardi. Bir kuni kelib, oti uch oyoqli bo‘lib qolganini ko‘rdi. G‘ulomidan so‘radi: «Bu ishni kim qildi?» G‘ulom: «Men», dedi. Xo‘jayini: «Nima uchun?» dedi. G‘ulom: «Seni g‘amga solmoqchi edim», dedi. Xo‘jayin: «Albatta, seni bu ishga buyurgandan (ya’ni, shaytondan) ranjidim. Endi ketavergin, sen ozodsan, ot ham senga», dedi.
Faqih aytadi. «Mo‘min kishi halim, sabr qilguvchi bo‘lmog‘i lozim. Albatta, bu taqvodorlarning xislatlaridandir. Alloh taolo halim kishini o‘z kitobida maqtadi.
«Albatta, kim sabr qilsa va kechirib yuborsa», ya’ni kimki o‘ziga yetgan zulmga sabr qilsa va intiqom olmay Alloh uchun kechirib yuborsa, «Shak-shubhasiz bu ishlarning maqsadiga muvofig‘idir» (Sho‘ro, 43). Ya’ni, ishlarning haqlaridanki, uning qilguvchisi qilgan ishida ulug‘ savobga erishadi.
Boshqa oyatda aytiladi: «Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas», ya’ni yaxshi so‘z bilan yomon so‘z barobar bo‘lmaydi. Musulmon uchun yaxshi so‘zni yomon so‘z bilan mukofotlash lozim bo‘lmaydi. «Siz eng go‘zal so‘zlar bilan daf qiling», ya’ni yomon so‘zlarni yaxshi so‘zlar bilan ketkazing. «Banogoh, siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq-sodiq do‘st kabi bo‘lib qolur» (Fussilat, 34).
Agar sen shunday qilsang, dushmaning do‘stga aylanadi, xuddi qarindosh-urug‘dek.
Alloh taolo do‘sti Ibrohim alayhissalomning halimligini maqtadi: «Zotan, Ibrohim halim – ko‘ngilchan va ibodatli kishidir» (Hud, 75). Bas, halim kishi gunohlarni kechirguvchidir. Ko‘ngilchan odam o‘z gunohlarini eslab ko‘ngilchanlik qiladi. Ibodatli kishi esa Allohning ibodatiga yuzlangan.
Albatta, Alloh taolo Payg‘ambarga (s.a.v.) sabrli va halim bo‘lishni buyuryapti. U kishiga ul zotdan oldingi payg‘ambarlarga shunday zotlar ekanini xabar berdi: «Bas, (Ey Muhammad) siz ham (o‘tgan) payg‘ambarlar orasidagi sabot-matonat egalari sabr qilganidek sabr qiling» (Ahqof, 35). Ya’ni, kofirlarning yolg‘onga chiqarganlariga va aziyatlariga kofirlar bilan urushga buyurilgan payg‘ambarlarning sabr qilishidek sabr qiling. Sabot-matonat kishilari ishlarida sobit bo‘ldilar va keladigan aziyatlarga sabr qildilar.
Hasan aytdi: Allohning kalomida keladi:
«Johil kimsalar (bema’ni) xitoblar qilgan vaqtida ham, «Omon bo‘linglar», deb javob qilganlar» (Furqon, 63), ya’ni ularga johillik qilsalar ham yumshoq holda aytdilar».
Vahb ibn Munabbahdan rivoyat qilindi, Alloh undan rozi bo‘lsin. Aytdi: «Bani Isroilda bir obid bor edi. Shayton bu obidni adashtirmoqni xohladi, lekin qodir bo‘lmadi. Bir kuni obid ba’zi ehtiyojlari uchun shaharga chiqdi. Shayton ham u bilan birga chiqdi. Shayton shahvat va g‘azab tomonidan uni adashtirmoqchi bo‘ldi. Lekin bu ishni qilishga qodir bo‘lmadi. Keyin qo‘rqitmoqchi bo‘ldi va unga tog‘dan tosh otdi. Tosh unga yetayotgan vaqtda Allohni esladi va Alloh taolo bu narsani undan uzoqlashtirdi. Keyin sher va yirtqich hayvonlar qiyofasiga kira boshladi. Allohni zikr qilganida unga hech narsa qilmadi. Keyin ilon suratiga kirib, namoz o‘qiyotgan qadamlariga va jasadiga o‘ralib oldi, hattoki, boshigacha yetdi. Agar sajda qilmoqchi bo‘lsa, boshiga o‘ralib olardi va og‘zini ochib, uning boshini tishlamoqchi bo‘lardi. U ilonni qo‘li bilan o‘zidan ketkazib, sajdaga mumkin bo‘larli darajadagi joyga ega bo‘ldi. Vaqtiki namozidan bo‘shaganidan keyin, shayton uning oldiga kelib: «Men senga shuncha ishlarni qildim, lekin senga hech narsa qila olmadim. Endi sen bilan do‘stlashmoqni istayman, bundan keyin seni adashtirishni xohlamayman», dedi. Obid: «Yo‘q, bugun sen meni qo‘rqitding. Alhamdulillah, qo‘rqmadim, endi sen bilan do‘stlashmoqqa hojat yo‘q», deb javob berdi. Shayton unga: «Sendan keyin ahlingga nima yetishi to‘g‘risida so‘ramaysanmi?» dedi. Obid unga: «Men ularga o‘xshab o‘laman», dedi. Shayton: «Odam farzandi nima bilan adashtirilganini ham so‘ramaysanmi?» dedi. Obid dedi: «Menga odam farzandining qanday zalolatga ketganini xabarini bergin». Shayton aytdi: «Baxillikdan, ortiqcha g‘azab, qiziqqonlik va mastlikdan adashdilar. Albatta, inson baxil bo‘lsa, uning ko‘z o‘ngida molini kamaytiramiz. Keyin uning huquqidan man qilib, odamlarning moliga rag‘bat etiladi. Agar kishi qiziqqon va g‘azabli bo‘lsa, uni go‘daklarning oldidagi koptokdek o‘ynatamiz. Agar o‘sha o‘likni tiriltirsa ham, undan noumid bo‘lmaymiz. Albatta, u bitta kalimada ham bino bo‘ladi, ham buziladi. Agar mast bo‘lsa, hamma yomonliklarga yetaklaymiz. Xuddi qo‘yning qulog‘idan ushlab xohlagan tomoniga yetaklagandek».
Shayton g‘azab qiladigan kishining xabarini berdi: u shayton qo‘lida bolalarning qo‘lidagi to‘p kabi bo‘lishini bildik. G‘azab qiladigan kishi shaytonga asir bo‘lmasligi va amalini yo‘qotmasligi uchun sabr qilmog‘i lozim bo‘ladi.
Zikr qilindiki, shayton Muso alayhissalomning oldilariga kelib: «Ey Muso! Seni Alloh taolo o‘z risolatini berish bilan tanladi, men ham Allohning yaratgan maxluqlaridan biriman, men ham sening Rabbingga tavba qilishni xohladim, mening tavbamni qabul qilishini so‘ragin», dedi.
Muso alayhissalom uning gapidan xursand bo‘lib ketdi. Shundan so‘ng, tahorat qilib, Alloh xohlaganicha namoz o‘qib, bu so‘zlarni aytdi: «Ey Rabbim! Albatta, shayton Sening yaratgan bir maxluqing, Sendan tavba so‘rayapti, uning tavbasini qabul qilgin». Alloh aytdi: «Ey Muso! Shayton tavba qilmaydi». Muso: «Ey Rabbim, u Sendan tavba so‘ra-yapti», dedi. Musoga vahiy keldi: «Ey Muso, Men sening duoingni qabul qildim, unga buyurgin, borib Odamning qabriga sajda qilsin, keyin tavbasini qabul qilaman».
Muso xursand holda chiqib, unga xabarni yetkazdi. Bu gapdan g‘azablanib, o‘zini kibrli sanab, shayton dedi: «Men Odamning tirikligida sajda qilmagan o‘lganida sajda qilamanmi?»
Shundan so‘ng, shayton Muso alayhissalomga: «Ey Muso, sening men haqimda Rabbingga borib, shafoat qilganing uchun menda sening haqqing bor. Shunday ekan, bas, senga uch narsa bilan vasiyat qilaman va uch xislatda meni esda tutgil: Birinchi, g‘azablangan vaqtingda meni eslagin. Chunki men sening qalbingdaman va qon yurgandek jasadingda yuraman. Ikkinchi, dushmaningni tashlab qochayotganingda, meni eslagin. Chunki men odam farzandi dushmaniga mos kelgan vaqtda kelaman va unga xotinini, ahlini, moli va bolalarini eslatib qo‘yaman. Hatto, orqasiga qarab qochguncha. So‘ngra, nomahram xotin bilan yolg‘iz holatda o‘tirishdan saqlangin. Chunki men sening unga va uning senga elchisi bo‘laman»
Luqmon Hakimdan zikr qilindi. Qg‘liga aytdi: «Yo o‘g‘ilginam! Uch narsa uch narsa bilan birgalikda bilinadi: yumshoqlik – g‘azab kelganda, shijoatlilik – urushga kirganda, birodarlik – xojat tushganda».
Zikr qilindi: Tobe’inlardan bittalari bir kishining yuziga u kishini maqtabdilar. Haligi kishi: «Ey Allohning bandasi! Nima uchun meni maqtading? G‘azabim kelganda, meni sinab ko‘rib, yumshoqligimni topdingmi?» dedi.
Javob qildi: «Yo‘q».
Yana so‘radi: «Safar qilganingda, meni sinab ko‘rib, yaxshi xulqlik holatda topdingmi?»
Javob qildi: «Yo‘q!»
So‘radi: «Omonat berganda, meni sinab ko‘rib, omonatiga sodiq deb topdingmi?»
Javob qildi: «Yo‘q!»
Keyin: «Sening holingga voy bo‘lsin. Birov birovni mana shu uch xislat bilan sinab ko‘rmaguncha, maqtamasin», dedi.
Aytadilar: «Uch narsa jannat ahlining xulqlaridandir. Ular karim kishilardagina topiladi: senga zulm qilgan kishini afv qilmoq; seni biror narsadan mahrum qilgan kishiga bermoq va senga yomonlik qilgan kishiga yaxshilik qilmoq».
Alloh taolo aytdi: «(Ey Muhammad!) Marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring» (A’rof, 199).