Ibrohim va Ismoil alayhissalomlar faqat o‘zlari uchun emas, balki o‘zlaridan keyin keladigan zurriyotlari uchun ham duo qilganlar:
Robbimiz, ikkovimizni O’zingga musulmon bo‘lganlardan qil va zurriyotimizdan ham O’zingga musulmon ummat qil, bizga ibodatlarimizni ko‘rsat, tavbamizni qabul et. Albatta, Sen o‘zing tavbalarni ko‘plab qabul etuvchi, rahimli Zotsan. Robbimiz, ularga o‘zlarining ichidan ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitobni va hikmatni o‘rgatadigan, ularni poklaydigan Payg‘ambar yubor. Albatta, Sening O’zing aziz va hikmatli Zotsan» («Baqara», 128-129).
Ibrohim alayhissalomning boshqa duolari esa Allohga yaqinlashishi uchun qilingan:
«Esla, Ibrohim: «Ey Robbim, menga o‘liklarni qanday tiriltirishingni ko‘rsat», deganda, U Zot: «Ishonmadingni?» - dedi. U: «Qalbim xotirjam bo‘lishi uchun»,-dedi. U Zot: «Qushdan to‘rtta olgin-da, o‘zingga tortib, kesib maydala, so‘ngra, ulardan har bir toqqa bo‘laklarini qo‘ygin, keyin ularni o‘zingga chaqir, huzuringga tezlab keladilar»,-dedi. «Va bilginki, albatta, Alloh aziz va hakim Zotdir» («Baqara»,260).
Oyatda Ibrohim alayhissalomning Allohdan o‘liklarni qanday tiriltirishini ko‘rsatishini istashi, u kishining iymonidagi zaiflik, Allohning qudratiga bo‘lgan ishonchidagi sustlik emas. Aksincha u chin dildan Allohning mo‘‘jizasini ko‘rishni, uni ko‘rib iymonlari yanada ziyodalashuvini istaganlar. Shu sababli Alloh u zotning duosini ijobat qilgan.