107. Agar Alloh sizga biron ziyon yetkazsa, uni faqat O’zigina ketkaza olur. Agar sizga biron yaxshilik (etkazishni) iroda qilsa, Uning fazlu marhamatini qaytara olguvchi yo‘qdir. U O’zi xohlagan bandalariga yaxshilik yetkazur. U mag‘firatli, mehribondir.
108. Ayting: «Ey insonlar, sizlarga Parvardigoringizdan Haq Qur’on keldi. Bas, kim hidoyat yo‘liga yursa, faqat o‘z foydasiga yurgan bo‘lur. Kim (u hidoyat yo‘lidan) ozsa, faqat o‘zining ziyoniga adashgan bo‘lur. Men sizlarning ustingizda qo‘riqchi emasman».
109. (Ey Muhammad), o‘zingizga vahiy qilib yuborilayotgan narsaga (ya’ni amru farmonlarga) ergashing va to Alloh O’z hukmini tushirgunicha, (da’vat yo‘lidagi mashaqqatlarga va kofirlar tomonidan yetadigan ozorlarga) sabr qiling. U zot hukm qilguvchilarning eng yaxshisidir. HUD SURASIBir yuz yigirma uch oyatdan tashkil topgan bu sura Makkada nozil bo‘lgan. Bu surada ham yolg‘iz Allohga, u zot yuborgan payg‘ambarlarga va ular keltirgan dinlarning haq ekaniga iymon keltirish, qiyomat kunida qayta tirilib, bu dunyoda qilib o‘tgan barcha yaxshi-yomon amallariga yarasha mukofot-jazo olishga ishonish islomiy aqidaning mohiyat-haqiqati ekani borasida so‘zlanadi. Bu surada Nuh, Hud, Solih, Lut, Shu’ayb, Muso va boshqa payg‘ambarlarning qissalari ancha mufassal hikoya qilinadiki, bundan murod birinchidan, barcha mo‘minlarga ilgari o‘tgan payg‘ambarlar va ularni yolg‘onchi qilishlari sababli halokatga uchragan qavmlar haqida ma’lumot berish bo‘lsa, ikkinchidan, yaqinda ikki aziz kishisidan — amakisi — Abu Tolib hamda jufti haloli Hadichadan ajralib qolgan va mudom Makka mushriklari tomonidan ozor-aziyatlarga ro‘baro‘ bo‘layotgan Muhammad alayhissalomga o‘tmishdoshlarining hayotlari va ularning Haqqa da’vat qilish yo‘lida chekkan mashaqqatlarini bayon qilish bilan taskin-tasalli berishdir.
Bu sura Qur’oni Karimning aybu nuqsonlardan pok va nazmu mag‘ziga hech qachon, hech kim tomonidan xalal yetmaydigan ilohiy Kitob ekanini ta’riflash bilan boshlanib, Alloh taoloning bandalariga payg‘ambarlar yuborishdan ko‘zlagan hikmatini bayon etish bilan tugallanadi. Bu sura Alloh taolo tomonidan Od Qavmiga yuborilgan Hud payg‘ambar nomi bilan atalgandir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1-2. Alif, Lom, Ro. (Ushbu Kitob) sizlar faqat Allohgagina ibodat qilishingiz uchun, hikmat sohibi va (hamma narsadan) xabardor zot — Alloh tomonidan oyatlari buzilmaydigan mustahkam va mufassal qilingan bir Kitobdir. Men esa sizlarga U zot tarafidan yuborilgan (kofirlarni do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchi va (mo‘minlarga jannat) xushxabarini eltguvchidirman.
3. (Alloh sizlarga amr qilurki), Parvardigoringizdan mag‘firat so‘ranglar, so‘ngra Uning O’ziga tavba qilinglar, shunda (U) sizlarni ma’lum muddatgacha (ajallaringiz yetgunicha) chiroyli mato (rizq) bilan bahramand qilur va har bir yaxshilik sohibiga yaxshilik (ya’ni ajr-muxofot) berur. Agar yuz o‘girsangizlar, u holda Men sizlarga Ulug‘ kun (ya’ni, qiyomat kuni) azobi yetishidan qo‘rqaman.
4. Allohning O’ziga qaytishlaringiz bor. U esa hamma narsaga qodirdir.
5. Ogoh bo‘lingizkim, albatta ular (kofirlar) Undan sir tutish uchun dillaridagi (adovatlari)ni yashiradilar. Ogoh bo‘lsinlarkim, ular kiyimlariga o‘ranib olgan chog‘larida ham (Alloh) ularning yashirgan va oshkor qilgan narsalarini bilur. Darhaqiqat, U zot dillarni egallagan sirlarni bilguvchidir.