Iblis Odam va Havvoning jinsiy avratlari bor ekanligini, bu avratlarni jannat liboslari bilan bekitib yurishlarini farishtalardan eshitgan edi. Ularning libosi tirnoq singari silliq va yaltiroq bo‘lib, tana a’zolarini to‘la yopib turardi. Iblis Odam va Havvoning avratlarini ochib tashlab, sharmanda qilmoqchi bo‘ldi. U ilonning yordami bilan jannatga kirdi, u yerda bir daraxt bo‘lib, uni «Shajarat-ul-xuld» (abadiyat daraxti) deyilardi, tanasi nihoyatda go‘zal, yaproqlari xushbo‘y, mevasi esa beqiyos lazzatli edi. Undan faqat farishtalar iste’mol qilardilar.
Vahb ibn Munabbahdan: «Farishtalar taom yemas edilarku, bu daraxt mevasidan iste’mol qilardilar, deyapsiz», - deb so‘ralganda, u kishi: «Alloh xohlaganini qilishi mumkin», - deb javob bergan.
Ibn Abbosning rivoyatlariga qaraganda, Alloh man etgan daraxt bug‘doy boshog‘i edi.
Iblis uning juda xushbo‘yligini, xushxo‘rligini maqtadi, o‘zi mevasidan yedi va avval Havvoni keyin Odamni qistadi. Odam va Havvoda sabr-toqat qolmadi, Allohning man’ etgani yodlaridan ko‘tarildi va shu daraxt mevasidan yedilar. Shu ondayoq ularning ustidagi jannatiylik libosi sidirilib tushdi, ulug‘liklari yo‘qoldi, qip-yalang‘och bo‘lib, sharmanda bo‘ldilar. Odam sharmandalikdan qochib, jannat daraxtlaridan birining yaprog‘lari orasiga kirib berkindi. Alloh taolo: «Ey Odam, qaerdasan?», -deb xitob qildi. Odam: «Yo Alloh, men bu yerdaman» - dedi. Allohning «Chiqmaysanmi?» - degan savoliga, «Men sendan uyalaman» - deb javob berdi. Alloh ularga qahr bilan:
«Ikkovingizni bu daraxtdan qaytarmaganmidim va ikkovingizga, Iblis sizlarga ochiq dushmandir demaganmidim?!»,- deb xitob qildi.
Keyin har bir aybdorning aybiga munosib jazoga hukm qildi. Odam sharmandalikdan qochib yaproqlari orasiga berkingan «Talh» va «Sidr» daraxtlari jannat daraxtlari bo‘lib, nihoyatda chiroyli va ko‘rkam edi. Uni hatto mevasigacha tikonli qilib, odamlar bu daraxtlardan nafratlanadigan holga keltirdi.
Shaytonning jannatga kirishiga yordam bergan ilon jannatdan quvilib, oyoqlari kesildi va qorni bilan sudralib yuruvchiga aylantirildi. Dunyoda insonlarning nafratiga uchrab, bir-birlariga dushman bo‘lib qoldilar.