Yozning engil shamoli qishloqning chang ko'chalari labidan bo'y cho'zgan uzun-uzun teraklarning barglarini omonatgina hilpiratib, odatdagi "shitir-shitir" musiqasini chalib turibdi. Uzoq-uzoqlardan qishloq itlarining biri ikkinchisiga qo'shilib hurishi eshitilmoqda. Ikki yonini qalin ajriq bosgan kichik ariq va ko'lmaklar tomondan eshitilayotgan baqalarning sayrashi qishloq oqshomiga o'zgacha ko'rk berib turganday. Otabek ancha vaqt jarlikning shundoqqina yonginasidan o'tgan chang ko'chaning chap tomonidagi olma chorbog'ning bir burchidagi eski tashlandiq chaylada ketma-ket tutatgancha sigareta chekib, qosh qorayishini kutib o'tirdi. Qishloqdan ikki-uch chaqirim naridan oqib o'tadigan daryo bo'yidagi yaylovda mol boqib, uzun karvondek tizilib qaytgan poda, uning ortidan bir-biri bilan hazillashib, qiziqdan-qiziq hangomalar qilib qaytayotgan qishloq yigitlari, ulardan so'ng daladan qaytayotgan qishloq dehqonlari. Bu manzara Otabekning ko'z o'ngidan birin-ketin o'tayotganda uning hayoli tamomila boshqa joyda edi, garchi bir juft mungli ko'zlari hadiksiraganidan har tomonga o'ynoqlab turgan bo'lsa ham. U ettinchi sigaretini chekib bo'lib, oyog'i ostiga yiqilib qolgan tamaki qoldiqlarini eskiligidan yon tomonlari taram-taram bo'lib ketgan botinkasi bilan yaxshilab ezg'ilab, tuklari qo'lga sanchilgudek o'sib ketgan soqolli iyagini ishqalagancha o'rnidan turdi. Otabek hali chayladan tashqariga qadamini bosmasdanoq chorbog', uning atrofi va chang yo'lni u boshidan bu boshigacha poyloqchiga o'xshab ko'zdan kechirdi. Hech kim yo'q. Demak, endi qo'rqmay chiqsa ham bo'laveradi. U sekin chayladan chiqib, ustiga tushgan barg-hazon va changlarni qoqqancha chorbog' oralab qishloq tomonga yo'l oldi. Chorbog'ning narigi tomoni kichik tosh yo'l bilan tutashgan bo'lib, yo'lning narigi tomonida qator past-baland uylar solingan. O'sha uylardan biri Otabekning uyi.
Otabek chorbog'ning oxirgi qatoridagi katta olma daraxtining yoniga o'tirib, uyining darvozasi bilan tutash guzarni o'gri mushukka o'xshab ko'zdan kechirib chiqdi. Faqat bir chirog'i yonadigan Ergash tog'aning traktori yo'lni changitib o'tib ketgandan so'ng uning yon qo'shnisi Arofat xola qo'liga qozon ko'tarib, darvozasidan tashqariga chiqdi. Ketidan darvozaxonaning chirog'ini yoqib, to'qqiz yasharlik o'g'li Kamoljon ham. Otabek yo'ldan yugurib o'tib, uyiga kirib ketmoqchi edi, ularni ko'rib yana biroz o'sha daraxt ostida o'tirishga qaror qildi. Arofat xola darvozaning chap tomonidagi simyog'och ostiga to'kilgan bir uyum qora qum yoniga o'tirib olib, qo'lidagi qozonini qum bilan ishqalagancha yuva boshladi.
-Kamol, bolam, hech qayoqqa ketma, kech bo'lib qoldi. Bir pas yonimda tur, qozonni dog'ini ketkazib olay.
-H'ech qayoqqa ketayotganim yo'q, oyi. Siygim kelayapti.
-Voy uyatsiz, shamollab kelgim kelayapti desang bo'lmaydimi, katta bola bo'lib qolding endi. Ha mayli, chorbog'qa o'tib kelaqol.
Kamol yugurib chorbog'qa kirdi. U to'g'ri haligi daraxt yoniga kelayotganini ko'rgan Otabek sekin o'rnidan turib, ortiga qaramasdan indamay chorbog' ichkarisiga qarab yura boshladi. Kamol uni orqasidan tanib qoldi, shekilli, ishonchsizroq ovozda ortidan chaqirib qoldi.
-Otabek aka, sizmisiz? Otabek aka...
-...
Otabek chorbog'ni aylanib o'tib, hovlisiga devor oshib tushgan ham ediki, darvozasi taqillab qoldi. U chapdastlik bilan hovlining burchagi xojatxonaning chirog'ini o'chirib, ichkariga kirib oldi-da, chirib ketganidan ilma teshik bo'lib ketgan yog'och eshikning tirqishidan darvozaxonani kuzatishni boshladi. Bir payt hovlida boshidagi ro'molini to'g'irlagancha xotini Ozoda paydo bo'ldi. U darchani ochar-ochmas ichkariga ming bir vajohat bilan Arofat xola, ketidan eri Toshmat aka kirib keldi. Birozdan so'ng Arofat xolaning qo'liga xoda olgan ikki barzangi o'g'li ham ularning hovlisida hozir bo'ldi.
-Ozoda, qani u betofiq?! Chaqiring bu yoqqa?! Qachongacha yashirinib yuradi u yuzsiz?!
-Kim, Arofat xola?!
-Kim bo'lardi, qasamxo'r eringizda!
-Uyda yo'q, hali kelgani emas!..
-E menga qarang, qo'shnichilik uchun andisha qilib shuncha vaqt indamay keldim. Etar! Jonga tegdi! Bilaman uyda u, tez chaqiring, bo'lmasa o'g'llarim hozir uyingizni kulini ko'kka sovuradi.
-Jon Arofat xola, gapimga ishoning. Otabek akam hali kelgani yo'q, rost aytayapman!..
-Yolg'on! Oilang bilan firibgar bo'lib ketibsanlar! Kamol o'g'lim hozirgina chorbog'da ko'ribdi-ku! U muttaham o'z uyiga, ona qishlog'iga yashirincha keladigan bo'libdi!
-Kelin, yaxshilikcha chaqiring. Uyda bo'lib turib yo'q deyishga uyalmaysizmi? Axir hamsoya-haq de...
-E-e, siz dadasi aralashmang, xo'pmi? Bularga odamgarchilik yuzasidan gapira-gapira charchadim. Bas endi! Yig'ishtiring, muloyim gaplaringizni!.. Bularning terisi eshakning terisidan ham qalin bo'lib ketgan. o'zi hammasiga siz aybdorsiz!
-Yana boshladingmi?
-Ha, boshlaymanda! Oilamizni, bolalarimni rizqini qiyib bu muttaham firibgarga pul bermaganigizda bunaqangi hangoma yo'q edi. E, o'lsin o'sha prasenti, xo'pmi? Oyiga faloncha pul tug'adi, yotib olib eysan xotin, deganinigiz nima bo'ldi, ko'rdingizmi? Menga shu baqir-chaqirlar yoqadi deb o'ylayapsizmi? Hay kelin, menga qarang, jiddiy aytayapman. Eringizni chaqirsangiz chaqirdingiz, bo'lmasa o'zim kirib u muttahamni sudrab chiqaman. Manavi o'g'illarim suyagini bitta qoldirmay sindiradi. Ana undan odamlarni aldash qanaqa bo'lishini ko'rib qo'yadi u!
-Arofat xola, oyog'ingizga yiqilib yolvoray, yolg'on gapirganim yo'q. Erim kelgani yo'q. Ishonmasangiz kirib ko'ravering. Qaynonam betob bo'lib yotibdi. Endi ko'zi ilingan edi-ya. Uch kundan beri inqillab yotibdi, mijja qoqqani yo'q. O'ar kuni shu ahvol, har kuni! To'yib ketdim..
-Hay, hay kelin, o'zingizni bosing. Voy mayli, mayli, uyda bo'lmasa bo'lmasin-e, qo'ying, qo'ying, yig'lamang. Biroz qizishib ketibmanda.
-Ishoning, Arofat xola...
-Bo'ldi, bo'ldi, ishondim. Hoy kim bor, suv olib chiqinglar. Dadasi, Botir, Alisher yugur! Ozoda o'zidan ketib qoldi.
-Uyiga olib kir, Arofat, uyiga!..
Arofat xola bir zumda hovuridan tushdi, hatto yuzidagi jahl alomatlarining o'rnini bir zumda rahm-shavqat alomatlari egalladi. Eri Toshmat akaning ham rangi uchib, xotini ikkalasi chalajon bo'lib qolgan Ozodani suvoqlari ko'chib ketgan uyning chala bitgan peshayvoniga olib kirishdi. Poli yo'q peshayvonning o'rtasiga kichikroq kiygiz yozilgan bo'lib, uvadasi chiqqan kir ko'rpachalar o'rtasiga kichik xontaxta qo'yilgan. Xontaxta atrofida o'tirgan uchchala bolaykaylar onasini ko'rgan zahotiyoq baravariga yig'lab yuborishdi. Birozdan so'ng Ozoda o'ziga keldi. Qo'shnilar qilgan ishlaridan afsus chekib, bosh chayqagancha ortga qaytishdi. Hatto shovqin-so'ron bilan kirib kelgan Arofat xola ko'zlariga yosh olib, o'z-o'ziga ezilib birnarsalarni gapirgancha hovlini tark etdi.
Qo'shnilar chiqib ketganiga uch-to'rt daqiqa o'tgach, peshayvonning bir tabaqasi yo'q eshigi oldida Otabek paydo bo'ldi. Uning ko'zlari g'am-alamga to'la bo'lsada xotini va bolalarini kayfiyatini ko'tarish uchun bo'lsa kerak ularga qarab omonatgina jilmayib qo'ydi, ammo bunga hech kim, hech qanday javob qilmadi. -Qoyil Ozoda, zo'r o'ynading. Endi ancha vaqt kelishmaydi.
-Otabek aka, bu galgisi o'yin emas, chindan... Chindan ham yuragim alag'da bo'lib, oyoqlarim ostidagi er gir aylanib, charxpalak bo'lib ketdi.
-Oyim tuzukmilar?
-Uch kundan beri tuz totmaydilar, mijja qoqmadi ham.
-Barot aka keldimi?
-Keldi, shaharga, shifoxonaga yotqizish kerak, deydilar.
-Men hozir, xabar olay-chi. Sen o'rningdan turib, bolalarni ovqatlantir, xo'pmi? Keyin menga ham biror narsa tayyorla. Uch kundan beri tuzukroq ovqatlanganim yo'q.
Otabek osti chiriy boshlaganidan g'ichirlaydigan polga oyoqlarini ehtiyotkorlik bilan bosib, yarim qop unning yonida yoziq qolib ketgan surpa turgan kichikroq xonadan o'tib, eshik o'rniga qorayib ketgan doka ilingan xujraga kirdi. Xona burchagida karovot qo'yilgan bo'lib, qat-qat ko'rpachalar ustida ozib-to'zib ketgan kampir chala uyqu holatda yotardi. Otabek beixtiyor yutalib yuborgan edi, Marziya xola o'yg'onib qoldi.
-Keldingmi bolam?
-Tuzukmisiz onajon?
-Ishlaring yaxshimi? Anavi ishing bo'lay deb qoldimi?
-Ha, ha, bo'lay deb qoldi. Siz havotir olmang oyi. Hammasi joyida.
-Yo'q, sen mendan havotir olma. Men ancha tuzukman. Dori-pori qilib yurmagin, tag'in. Kasalxonaga ham yotmayman. Meni kunim yaqin bolam, tushimda otang yoniga chaqirdi.
-Qo'ying unaqa gaplarni oyi, hali hammasi yaxshi bo'lib ketadi.
Otabek boshini xam qilgancha onasining yonida o'tirar, uning qoq suyakka qoraya boshlagan teri qoplanganday bo'lib qolgan qo'llarida maxkam ushlab yuzlariga bosardi. Marziya xola esa eti qolmaganidan kalla suyagining har bir chuqur joyi bilinib turgan yuzida mo'ltillab turgan mehrli ko'zlari bilan boqib, har safar takrorlaydigan so'zlar bilan o'g'lini ovuta olardi, xolos.
-Bolam, meni aytdi dersan. Hali bu kunlarni ko'rmaganday bo'lib ketasan. Qarzlariningni qutilgach, uylarni ta'mirla, bolalaringga to'y qil. O'z kuningga omon bo'l, bolam. Ie, tentakvoyim, nega yig'layapsan?
Yig'lama! Axir men seni nima umidlarda katta qildim. Otangdan qolgan yolg'iz yodgorim o'zing bo'lsang. Bilasan, meni boshimdan ham ne ne qora kunlar o'tmadi. Beva qolganimda hali o'ttizga to'lmagan edim. Seni baxting, kelajaging uchun turmush qurmay umrimni hazon qildim. Emay edirdim, kiymay kiydirdim, bolam. Mana, xudaga shukr oilali, bola chaqali bo'lding. Yoshing ham o'ttizdan oshib qoldi. Endi o'zingni emas, jo'ja bir jon bolalaringni, bechora xotiningni o'yla. Men oshimni oshab, yoshimni yashab bo'ldim. Endi jonim uzilgach, joyimga olib borib qo'ysang bo'lgani. Yig'lama, yig'lama... Kim xato qilmaydi, deysan. Sen ham shunday bo'lsin demagansan-ku, axir, to'g'rimi? Kim bilibdi, u nokaslarni o'g'ri-muttaham ekanligini. Balki pullaringni qaytib berishar, bolam, ko'p kuyunma.
-Otabek aka, sizni chaqirishayapti.
-Kim?
-Akbar qassob!
-Yo'q degin.
-Kelganingizni Arofat xolaning o'g'lidan eshitibdi. Iltimos chiqing, u bilan hazillashib bo'lmaydi, bolalarimni bir balo qilib qo'ymasin, tag'in.
-Shuni onamni oldida aytmasang bo'lmaydimi?
-Oyim hammasidan xabardor...
-Bor bolam, bor.
Otabek ichida nima deb bahona qilish o'ylagancha qanday qilib tashqariga chiqqanini bilmay qoldi. Tashqarida uni garchi g'azabga to'lib turgan bo'lsa ham yuziga omonatgina tabassum yugurtirib turgan Akbar aka kutib turardi. U Otabekning ahvolini to'lig'icha tushunar, buning ustiga hozir kelgan mavzusi yuzasidan allaqachon bir necha marta baqirib-chaqirib olishga ulgurgan edi. Shuning uchun u bu safar baqir-chaqirsiz, obdon, ochiq-oydin gaplashib olish uchun kelgandi.
-Otabek, bilaman bu yaqin kunlar ichida mendan olgan qarzingni qaytara olmaysan. Buni talab qilib kelaverganimni ham foydasi yo'q. Shuning uchun o'tgan safargidek san-manga bormay yotig'i bilan gaplashib olaylikda oradagi oldi-berdini uzaylik.
-...
-Bundan bir yilu ikki oy oldin mendan qancha pul qarz olganingni bilasan.
-Hm...
-Qancha foiz ustamaga kelishganinigizni ham, to'g'rimi? Agar o'sha pulga foizini hisoblasa ham qancha bo'lishini ham hisoblagandik. Men o'ylab ko'rdim, Otabekjon. Menga pulning foiz-poizi kerakmas. Qiziqtirganing uchun o'shanda mayli degandim, endi afsus chekayapman. Kel, bunday kelishaylik. O'sha pulga hisoblab uyingdagi biron narsangni ber. Qurilish materiallari olishim kerak edi. Bilasan, katta o'g'limga uy solayapman. Shuni sendan olaqolay. Nima deysan?
-Akbar aka, hovlimda mol-hol, avvalgidek qo'sh-qo'sh mashina yo'q, ko'rib turibsiz. Nimani ma'qul topsangiz, o'zingiz aytganday puliga hisoblab olib ketavering.
-Shu og'ilingni shifrini hisoblab ko'ruvdim. Chamamda haligi pulga kelib qoladi. To'g'ri, yangisiga kelmaydi baribir, shunday bo'lsa ham... Bo'pti uka, ergaga o'g'illarim bilan kelib, o'zim olib ketaman. Xafa bo'lmaysan endi, o'zing bilasan, meni ham etti bolam, qariya ota-onam bor. Bo'lmasa shu hangomani qilib o'tirmay, qaytanga qo'limdan kelgancha yordam berardim.
Akbar aka ertaga kelishini qayta-qayta takrorlab, chiqib ketdi. Otabek esa chuqur xo'rsinib, darvozani endi tambalayotgan edi, kimdir "Shoshma!" deb baqirgancha oyog'ini darchaning orasiga tiqdi.
-Ahtamxon aka, sizmisiz?
-Menman, menman! Nima, tanimay qoldingmi?
-Nega endi tanimay, tanidim. Ichkariga kiring!..
Darvozadan egniga kostyum shim kiyib, galstuk taqkan shlyapali kishi kirib keldi, ortidan ikki barzangi yigit ham. Mehmon avval bamaylixavotir ko'rimsiz holga kelib qolgan hovlini obdon ko'zdan kechirdi. Keyin bir Otabekka, bir ortida bos desa yopirilgudek shay turgan yigitlarga ma'noli-ma'noli qarab qo'ydi-da, tilla soati yaltirab turgan chap qo'lini mezbonning elkasiga qo'yib, bir-ikki qoqib qo'ydi.
-Pulni taxlab qo'ygan bo'lsang kerak-a?
-Haligi...
-Tushunarli! Meni yaxshi bilasan, ertak tinglashga toqatim yo'q. Bo'lmasa bir hisob-kitob qilib qo'yaylik. Anchadan beri dumingni ushlatmaysan. Seni qaysidir firibgarlar uxlatib ketgani meni qiziqtirmaydi. Mendan pul olganiningni, uni vaqtida qaytarolmaganing uchun pulim pul tuqqanini bilasan. Buni sen bilan ko'p marotaba gaplashib olganmiz.
-Ahtamxon aka, yana bir imkoniyat bering, pullarin...
-Bas qil dedim senga! Men senga ertaksevar bola emasman, yo tushunmadingmi? Xullas, gapni cho'zib o'tirmayman. Xujjatlarni olib chiq!
-Qanaqa xujjatlarni?
-Qanaqa xujjat bo'lardi, uyning xujjatlari-da!
-Axir...
-Bo'lmasa xotiningni olib ketaman. Meni bilasan, gapirgan gapini qaytib oladiganlar xilidan emasman.
-Nima?! Xotinimni?! Yo'q! Bekorlarni aytibsiz. Xotinimga qo'lingizni tekkizib ko'ring-chi... Uyimga ham tegmaysiz! Hey, menga qarang, katta bo'lsangiz o'zingizga, bildingizmi? "Qachon topsang berasan", deganingiz yodingizdan chiqdimi?
-U vaqtlar boshqacha edi! Yaxshilikcha olib chiq, dedim senga, bo'lmasa...
Axtamxon aka haligi yigitlarga bir qarash qilgan edi, Otabek ulardan bittasining tushirgan mushtiga dabdirab qolganida, ikkinchisining aylanib tepgan zarbiga uchib tushdi. Bu shunday tez sodir bo'ldiki, go'yo Otabek bir soniya ichida urib tushirilgan yovvoyi kabutarga o'xshab chir aylanib er bilan bitta bo'lganini sezmay qoldi.
-Tur o'rningdan! Bor, hujjatlarni keltir. Yo xotiningni olib ketaveraymi?..
-H'ozir, hozir...
Otabek labining bir uchidan sizib chiqqan qonni jahldan qaltirayotgan qo'llari bilan artganicha o'rnidan turdi-da ustini qoqib, uyiga kirib ketdi. U eski sandiqdan sarg'ayib ketgan xujjatlarni olib chiqquncha Ahtamxon hovlini u yog'idan bu yog'iga yurib, o'zicha pulga chaqib chiqdi.
-Mana!
-Uy kimning nomida?
-Meni.
-Gap bunday, Otabek. Senga 10 kun muhlat. 10 kundan keyin bu uyda qorangni ham ko'rmay, tushundingmi? Men haqini oldirib qo'yadiganlar xilidan emasman.
-Shunchalik tubanlikka bordingizmi, Ahtamxon aka?
-Tubanlikka men emas, sen bording. Men senga o'sha zahotiyoq aytgandim, qo'y bu ishni qilma, bir tushsang xonavayron bo'lasan, men u firibgarlarni bilaman, deb. Sen bo'lsang quloq solmading, o'z bilganingdan qolmading. Shu ishlarga bosh qo'ymaganingda tinchgina ishlab yuruvding-ku, to'g'rimi? O'ylamay bosilgan qadam ana shunaqa bo'ladi. O'zing o'ylab ko'r, qaysi ahmoq senga oyiga 25 foiz naq pul to'laydi. Sen ularning qarmog'iga tushib, hamsoya-haq, tanish-bilishdan qarz olib yig'ib bergansan. Nima, yotib olib eyman, debmiding? Bir tishlam non eyish uchun ham mehnat qilish kerak. Qani, o'sha kimsalarga faloncha miqdorda pul qarz berganman, deb kimga isbotlay olasan. Men senga hammasini qonunlashtirib ol, keyin qulog'ingni ushlab qolma, tag'in, deb ogohlantirgan edim, sen esa ularga ishonding. Xullas, meni tuban demay qo'yaqol. Ahtamxon vijdonini egani yuq, haqqimni olib ketayapman, xolos. Agar boshqa birov bilan shu o'yinni o'ynaganingda uyingni emas, joningni olib ketishardi. Undan keyin bunaqangi o'yinlarni chidaganga chiqargan! Men ham hamma qatori bandaman, xudodan ko'rqaman. Omon bo'l!..
Otabek suvga tushgan mushukdek uyiga qaytdi. U peshayvonning o'rtasiga qo'yilgan xontaxtaga o'tirishi bilan Ozoda dasturxon yozib, bir kosa ovqat ham qo'ydi. Otabekning qo'llari ochligidan kosadagi qoshiqni ko'tarar, biroq miyasida asalarining uyiday to'zg'igan hayollar ovqatni og'zigacha etkazishga qo'ymasdi. U beixtiyor qoshiqni tashlab yuborgan edi, ro'parasida unga mungli boqib turgan xotini uchib tushdi va o'rtadagi sokinlik tarqaldi.
-Otabek aka, oling, sovib qolmasin.
-Bolalar, oyim ovqatlandilarmi?
-Ha, allaqachon uxlab qolishdi ham.
-Gapir, kimlar keldi?
-Qo'ying shularni. Men sizga bir gap aytmoqchi edim. Kecha katta opam bilan ukam kelib ketishdi. Uydagilar... -Gapiraver, gapiraver.
-Xullas, "Erini ishlari hal bo'lib ketguncha bolalari bilan biznikida yashab tursin", deb yuborishdi. -Onam-chi?
-Men ham shuni aytdim. Siz havotir olmang, men hech qayoqqa ketmayman. Keyin...
-Kim keldi?!
-Rahim aka keluvdi. Og'ildagi taxtalarni olib ketdi. Yana Zokir akaning o'g'li bilan Ashraf aka keldi. Yaqinda to'y qilarmish... Anavilardan darak yo'qmi?
-Yo'q.
-Otabek aka, uyni sotsak-chi?
-Uy sotilib bo'ldi. Hozir kelgan Ahtamxon edi, xujjatlarni olib, 10 kun muhlat berib ketdi. Uyni ham bo'shatib qo'yishga to'g'ri keladi.
-Nima?! Sotildi?! Bundan chiqdi, xonavayron bo'lib o'tirganimiz etmaganday yana ko'chada ham qoldikmi? Ey xudo, bu nima ko'rgilik?! O'zi qanaqa odamsiz? Bir yildan beri na kechasi, na kunduzi halovat bor. Uyimizdagi bor-butimizni sizning qarzlaringizga bergan bo'lsak kerak. O'zi qancha qarz olgansiz?!
-O'zingni bos, Ozoda. Hammasi yaxshi bo'ladi.
-Qachon, Otabek aka, qachon?! Bu ko'rgiliklarning oxiri bormi? Nima bo'ldi o'zi sizga? Nima gunoh qilgandingizki, bu kuyga tushib o'tiribmiz?
-Jim xotin, jim. Bolalarni o'yg'otib yuborasan. Oyim betob...