Tohir Malik. Shaytanat (to'rtinchi kitob)  ( 351561 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 66 ... 73 B


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 14:54:04

Jalil shiringina javobini tayyorlab turgan edi. Muhiddin ota bunga yo‘l qo‘ymay, Asadbekka o‘zining uzrini aytdi-yu, ikki  oshna orasidagi masalani oppa-oson hal etdi. Asadbek bir pog‘ona pastga tushib, ginaxonligini bas qilgach, «qani, ketdik», deb o‘rnidan turdi. Ana shunda zaharli so‘z ignalarini sanchish         navbati Jalilga tegdi. «Ha, ukaxon, kambag‘allarning uyidan ilon chiqdimi?» deb, xumordan chiqquncha gapirdi. Asadbek uning kinoyali, zil-zambil gaplarini tinglashdan o‘zga chorasi yo‘q edi. Muhiddin ota ikki o‘rtoqning g‘arazsiz istehzolarini, qochirimlarini kulimsiraganicha eshitib o‘tiraverdi. Oqibat — Asadbek hali moshi ochilmagan moshxo‘rdaning pishishini kutishga majbur bo‘ldi.
— Otamni ko‘ch-ko‘ronlari bilan ko‘chirib kelavermabsan. Aytaman, deb xayolimdan ko‘tarilibdi, — dedi Asadbek  Jalilga. So‘ng Muhiddin otaga qaradi. — Ota, o‘zingiz to‘yboshisiz, to‘ydan keyin ham siljish yo‘q, nabiralaringizni duo qilib shu yerda yashaysiz.
— Xuddi otangizga o‘xshagan mehribonsiz, bo‘tam. Hamonki bu yoqlarga qaytdimmi, endi kindik qonim to‘kilgan joyda yashay.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 14:55:27

— Mening bir niyatim bor, yo‘q desangiz, qattiq ranjiyman.
— Qani, ayting-chi?
— Mahallamizdagi masjidimiz bitib qoldi. Endi unga yaxshi bir imom kerak. Nima deding, Jalil, otam imomlik qilsalar uzukka ko‘z qo‘ygandek bo‘ladimi?
 Jalil ma’qul ishorasini qilishga ulgurmay, Muhiddin ota inkor etdi:
— Hay, hay, bo‘tam, asti-asti bo‘lmaydirgan yumushni yuklamoqchisiz. Imom — olim bo‘lishi kerak. Bandada bunaqangi ilm yo‘q. Meni gunohga botiraman, demang.
— Jalil, sen gapirgin: ikkita kichkinagina sura bilan to‘rtta hadisni dastmoya qilib yuradigan imomlar kammi? Otam ularning oldida professorlar-ku?!
— Asad to‘g‘ri aytyapti, — dedi Jalil o‘rtog‘ini quvvatlab. — Qaysi bir jumada eski shahardan sal naridagi mahallaga yo‘lim tushib, masjidga kiruvdim. Sen aytgandaqa imomi bor ekan. Nima emish, odamning sochlari antennamish, narigi dunyodagi to‘lqinlarni qabul qilib olarkanda, shunda odam tush ko‘rarkan. Shunda yonimdagi bir namozxon «Ie, bunisi qiziq bo‘ldi-ku, kal boshlarda antenna yo‘q-ku, tush ko‘rmaydimi?» deb mendan sekingina so‘radi. Mening shaytonim qo‘zib, «ularning kal boshi — parabolicheskiy antenna!» deb qo‘ya qoldim. Bema’ni gapi tugarmikin, desam, Xudoning mo‘’jizalaridan gapira turib «o‘rik nima uchun sariq, bilasizlarimi?» deb o‘zi javob beryapti: nima emish, o‘rikni ko‘p yegan odam ichketar bo‘larmish. Shuning uchun o‘rik sariq rangda yaratilganmish.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 14:55:49

Asadbek buni latifa sifatida qabul qilib kuldi. Muhiddin ota esa «Astag‘firulloh!» deb bosh chayqadi.
— Shunday shohona masjidga o‘shanaqa telba-teskari odam imom bo‘lib kelsinmi? — dedi Asadbek.
— Nasib qilgan odam kelib qolar.
— Hech bo‘lmasa so‘filik qilarsiz?
Bu gapdan Muhiddin ota kuldi.
— Mendaqa qari odamning so‘fi bo‘lganini qaerda ko‘rgansiz? O‘zimning ovozimni o‘zim zo‘rg‘a eshitaman, men azon chaqirsam masjidning devoridan nariga o‘tmas.— Xo‘p, unda qorovul bo‘lasiz. Jalil, sen nima deysan?— Xudoning uyida qorovul bo‘lmaydi.
— Obbo, sen ham juda tor olasan-da. Masjidning yonidan o‘tadigan odamlarning hammasi Xudodan qo‘rqadi, deb o‘ylaysanmi? Bittasining bo‘lmasa ikkinchisining ko‘ziga gilam chiroyli ko‘rinsa, buklaydi-yu, oladi-ketadi. Yo bo‘lmasa Xudoning uyidan tabarruk deb ko‘taradi. Nomi qorovul bo‘lmasa ham qarab turadigan odam kerak. Haj qilinadigan payt yozdami? Ana, ke-yin Hajga ham boramiz.
— «Boramiz» deganing kimlar? — deb so‘radi Jalil.
— Otam, sen, men.
— Sen? Sen Makkai mukarramaga borasanmi? Avval peshonang joynamozga tegsin.
— Bunisi ham vaqti bilan bo‘ladi, oshna. Senam tug‘ilishing bilan namoz o‘qimagansan. Makkaga borilsa butun gunohlar yuvilarkan.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 14:56:18

— Ol-a, — dedi Jalil qo‘l siltab. — Makkai mukarrama senga hammommi, gunohlarni yuvib tashlaydigan. Sen gunohlaringdan shu yerda qutulib, u yoqqa pokiza bo‘lib borishni niyat qil. Bu yil otamni yuborish kerak.
Muhiddin otaning shunday niyati bor, safar xarajatlariga loyiq mablag‘i ham yetarli edi. Shu sababli «qo‘yinglar, bo‘tam, qo‘yinglar», deb bahsga yakun yasadi.
Bu orada Jalilning xotini kosalarda qaynoq moshxo‘rda olib kirdi.
Ovqatlanib bo‘lib ko‘chaga chiqishayotganda Asadbek Jalilni chetga tortib:
— Rahmon tabibnikiga o‘tmadingmi? — deb so‘radi.
Jalil shu savolni kutib turgan edi, jahl bilan uning yengini siltab tortdi-da:
— Xudo senga million boylik bergan-u, tariqcha aqldan qisgan, — dedi, — bilib qo‘y, sening kerilishingni men ko‘taraman, boshqalar hazm qilisholmaydi. Laychang buyrug‘ingni menga yetkazdi, Bek akaxon. Biz qulingizmiz-da, aytasizu ketaverasiz. Biz bajarib turamiz.  Otamga rahmat, malol olmadilar. Tabibga o‘zing borasan. U meni emas, seni davolagan,  men emas, sen to‘y qilyapsan. Sal otdan tushing, hov boyvachcha...
Hozir javob qaytarishning o‘rni emasdi. Undan  tashqari Jalil to‘g‘ri gapirayotgan edi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 14:57:11

XX b o b

1

— To‘yonani gaplashib olsak bo‘lardi, birpas o‘tirishga ham toqatingiz yo‘g‘-a?
 Kesakpolvon to‘yona masalasini allaqachon hal qilib qo‘ygan: kuyov to‘ralarga in’om etilajak ikkita oq «jiguli» egalariga mahtal edi. Shu sababli u xotinining g‘ishavasiga e’tibor bermay:
— Latta-luttalaringni o‘zing bilasan. Boshimni qotirma, — dedi.
— Vabshe to‘yni neudobna paytda qilishyapti. Chut keyinroq surishsa, Yaponiyadan klassniy materiallar olib kelardim.
— Borib aytgin, bir-ikki oyga surishadi. O‘zi senga o‘xshagan bitta ahmaq maslahatchiga muhtoj yurishibdi.
— Fu, darrov ustimdan kulishni boshlaysiz. Sizga vabshe gapirish kerakmas.
Xotini burilib chiqib ketayotganida telefon qo‘ng‘irog‘i jiringlab, Qozi Bek akasining kelib ketganini ma’lum qildi. Bu xabarni eshitgan Kesakpolvon sapchib tushayozdi. U Asadbekning Moskvaga o‘tganini eshitib, tashvishlanib yurgandi. Mo‘ljalicha sobiq xojasi ertaga ertalab kelmog‘i lozim edi. Barvaqt kelishi, ustiga-ustak qozixonaga bostirib borishi uni bir oz gangitib qo‘ydi. «Nega? Nega?» degan qator savollarga javob izlab boshi qotdi.  Keyin aniq bir qarorga kelolmagan bo‘lsa-da, Asadbeknikiga otlandi. Manzuradan «keldilaru bir piyola choy ham ichmay chiqib ketdilar, qayoqqaligini aytmadilar», degan gapni eshitib, bir pas hovlida yurdi, so‘ng kutishga ahd qilib, uyga kirdi. «Aqlini o‘ziga amir, nafsu havosini esa asir qilgan kishi qanday yaxshi odamdir, nafsu havosi amir, aqli esa asir kishining holiga voy», deguvchilar naqadar haq edilar. Kesakpolvonning hayoti shomi haqiqat chirog‘i bilan yoritilsa, bilagidagi tilla soatning millari o‘limi sayin ilgarilayotgani yaqqol ko‘rinar qolar edi. Kesakpolvon boshi uzra suzib yurgan o‘lim bulutining sovuq nafasini sezardi. Ammo shayton yoqqan chiroqdan ko‘zlari shamg‘alat g‘ofil banda buni tan olishni istamasdi. U nazarida Asadbek taxtini zabt etgandi, biroq bu mulk hali qo‘lga kirmaganini anglamasdi. Bugunmi-ertami boshqa taxt tiklanib, uni yer bilan yakson qilajagi mumkinligini xavotir bilan his etardi-yu, bu vahshat selidan omon qolishni umid qilardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 14:57:41

Moskvadan bir baloni boshlab kelib g‘imirlab yuribdi, deb tashvishlanayotgan Kesakpolvon Asadbekning Muhiddin otani boshlab kelganini ko‘rgach, «to‘y tashvishida chiqqan ekan», deb bir oz tinchlandi. Muhiddin otaning huzurida ishdan gap ochilmadi. Oqsoqol namozga turganida Kesakpolvon boshiga og‘ir kulfat tushgan odam kabi dardli ovozda:
— Asad, maslahating kerak, — dedi.
Kesakpolvon Asadbekning ilgarigiday «Qani, dardingni ayt-chi» deyishini kutdi.
Asadbek «qozixonadagi mash-mashadan gapirar», deb o‘ylab, sobiq a’yonining gap boshlashini unsiz ravishda kutdi.
— Asad, — dedi Kesakpolvon g‘amli ko‘rinishini o‘zgartirmay. — Halimni bir ish bilan Karsnoyarga yuboruvdim, qo‘lga tushib qolibdi...
— Ha, tulki, — deb o‘yladi Asadbek, — ishkalingning isi chiqqanidan keyin yorilyapsanmi? Maskovdagi xo‘jayinlaring telefon qilib aytishgandir-da, a? Qani, aravangni quruq olib qochaver-chi?
Kesakpolvon bir necha nafas sukut saqlab ojiz uf tortdi-da, ilova qildi:
— Nima qilishga hayronman.
— Qanaqa ish bilan yuboruvding? — deb so‘radi Asadbek.
— Ozgina mayda-chuyda olib ketuvdi.
— Ko‘pga tushdingmi?
— Gap tushishda emas, bola nobud bo‘lmasin, deyman, har holda senga yaxshi xizmat qilib yuruvdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 14:58:13

— Krasnoyarda qo‘lga tushgan bo‘lsa boshingni og‘ritib yurma. Bu bola menga uncha yoqmas edi. Ish-pish chiqib qolsa Jamshidga buyura turaman.
— Maskovga ham o‘tibsanmi?
— Xongireyni to‘yga aytay deb o‘tuvdim, otasi o‘libdi, sen eshitmovmiding?
— Kechroq eshitdim. Borishning iloji bo‘lmadi.
— Ikkalamizning nomimizdan ko‘ngil so‘rab qo‘ydim. Xongirey sendan xursand, «ishning ko‘zini biladigan» ekan deb maqtadi.
Ikki yolg‘on do‘stning yolg‘on lutfi shu tariqa qisqa bo‘ldi. To‘yga doir bir-ikki masala haqida bundan-da qisqaroq tarzda gaplashib olingach, Kesakpolvon ketishga taraddudlandi. Asadbek «O‘tir, qayoqqa shoshasan», demadi. Darvozaxonaga qadar kuzatib borgach Kesakpolvon «Bu yog‘iga o‘zim yo‘lni topib ketaman», deganday xayrlashdi. So‘ng bo‘shab yotgan boloxonaga qarab bir entikib qo‘ydi.
... Hamma ishlari sip-silliq ketayotuvdi. Boloxonadagi yigitlar qulluq qilib turishardi. Xongirey degan shaytonvachcha qayoqdan paydo bo‘ldi, qanday qilib suqulib kirdi?.. Endi bundan buyog‘i xuftonmi?..
Kesakpolvon Xongireyni «shaytonvachcha» dedi-yu, ammo uning shaytoni bilan o‘zining yo‘l ko‘rsatuvchi shaytoni aka-uka ekanini o‘ylab ko‘rmadi.
Ko‘chada mashina oynaklarini artayotgan Jamshid Kesakpolvonni ko‘rishi bilan ishini tashlab, peshvoz chiqib ko‘rishdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 14:58:42

— Ha, erkak, akaxon keldilar, deb qo‘yishga ham yaramay qodingmi?
— O‘zim ham  yarim soat oldin bilib qoldim, — deb yolg‘onladi Jamshid.
— Bu yerdagi ishingni tugatib, qozixonaga o‘t, gap bor.
Jamshid mashinani artib ulgurmay Abdusamad chiqib:
— Ketaverarkansiz, ertalab azonda kelsangiz, tabibnikiga borilarkan, — dedi.
Jamshid yangi xojasining izidan ketma-ket yetib borishni istamay, kasalxonaga o‘tib, otasini ziyorat qildi. Otasi unga nimadir deb g‘o‘dirandi. Uning maqsadini o‘gay onasi tushuntirdi:
— Uyga ketgilari kelyapti. O‘tirishga ham madorlari qolmadi.
— Do‘xtirlar yaxshi qarashmayaptimi?
— Boqishlari yomonmas, lekin uyning havosi boshqachada.
— Ertaga bir joyga borib kelishim kerak, indinga o‘zim kelib, olib chiqaman.

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 14:59:21

Jamshid mashinaga o‘tirdi-yu, kasalxonaning panjara devori ortida ma’yus qarab turgan o‘gay onasiga ko‘zi tushib, yuragi ezildi. Otasi bu xotinga uylangan kezlari ikkovini la’natlab yurganini esladi. Uning nazarida otasi uylanib, onasining ruhiga ulug‘ xiyonat qilgan edi. Otasi ko‘z ochib ko‘rgan ahli ayolining xotirasi oldida o‘zini gunohkor deb bilardi, biroq dardini ichiga yutardi. O‘gay onasi esa yigit yoshiga yetib, qamoqxonaning sho‘r sho‘rvasini totib ko‘rgan o‘gay o‘g‘li huzurida o‘zini noqulay sezardi. Shu sababli er-xotin Jamshidning bevosh yurishlaridan norozi bo‘lishsa-da, tanbeh berishmadi, to‘g‘ri yo‘lga tortishga urinishmadi. Ko‘ngli yarimta o‘g‘ilning ko‘ngliga qarashga majbur bo‘lishdi. Jamshidni o‘z holiga qo‘yib berishlariga yana bir sabab bor edi: ular «Qamalib chiqqan yigit tamoman buzilib bo‘lgan, unga nasihat kor qilmaydi», deb o‘ylashardi.
Kunlarni, haftalar, oylar, yillarni bu er-xotin bir-biriga suyangan holda o‘tkazishdi.
Xongireyning huzuridan qaytganidan so‘ng Jamshidda yaxshilik tomonga o‘zgarish sezildi. U otasi va o‘gay onasining yolg‘izlikdagi hayotini his qildi. Ayniqsa to‘shakka mixlangan bemorga o‘gay onasining mehribonligi uni lol qoldirdi. Otasi bu xotinga yoshlik chog‘ida beqiyos muhabbati tufayli uylanib, uzoq baxtiyor yillarni birgalikda o‘tkazsa ham bu vafoga ajablanmasa ham bo‘lardi. O‘lgan xotinning o‘rniga xotin, bevosh bolaga o‘gay ona bo‘lib kirib kelgan edi bu xonadonga. Sog‘lom er bilan qancha yashadi, necha yildan beri kasal boqadi? «Tuzalmas kasal erni boshimga uramanmi?» deb tashlab ketishi mumkinmidi? Axir o‘rtada farzand yo‘q, ehtirosli ahdu-paymon, qolaversa, mol-mulk yo‘q-ku? Uni nima ushlab turibdi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  25 Noyabr 2007, 15:00:44

Jamshid bu savolga aniq javob bera olmasdi. Chunki u hech qanaqa o‘lchovi yo‘q mehr-muhabbat, odamiylik, vafo degan fazilatning mohiyatini anglay olmasdi. Keyingi paytlarda o‘gay onasini kuzata turib «oyim tirik bo‘lsalar ham adamga shunday  qarardilar», degan xulosaga kelib, o‘gay onasiga munosabati o‘zgardi.
Hozir kuzatib chiqqan o‘gay onasining dardli boqishiga parvo qilmay keta olmadi. «Ko‘ngillari bir nimani sezdimi?» degan o‘y xayoliga kelib yuragi «shuv» etdi. «Nega ikki kundan keyin olib ketishim kerak? Hozir-chi?» degan xayolda mashinadan tushdi.
— Hozir keta qolamiz, — dedi Jamshid, — men do‘xtirga uchrashib chiqaman, siz tayyorlanib turing.
Otasi bir hafta uyda bo‘lsa, yigirma-o‘ttiz kun kasalxonada yotardi. Uni hozir olib ketishga chog‘langan Jamshid «Bo‘ldi, endi bu yoqqa olib kelish yo‘q, do‘xtirlar uyga borib boqishadi», deb qaror qildi.

Qayd etilgan