— Hisob-kitob shu yerda bo‘ladi. Molni qo‘yasiz, pulni olasiz. Xohlang dollarda, yoki funt sterlingda, yoki markada oling. Istasangiz Shvetsariya bankiga o‘tkazamiz. Ha, shart og‘irlik qilyaptimi? Bilaman, bu ish og‘ir, lekin shunga yarasha haq to‘layman.
Bu yerga kela turib Gamlet «shartlashishda juda chuqurlashma, asosiy masala hal etilsa bas, mayda-chuydalarga e’tibor qilma», deb ogohlantirgan edi. Shunga ko‘ra, Xongirey gapni cho‘zmasdan, kelishganining ramzi sifatida o‘rnidan turib, qo‘l uzatdi. Pan Lyubomirskiy yoshi ulug‘ligining imtiyozidan foydalanib, o‘tirgan yerida qo‘l uzatdi.
— Biz Gamlet bilan yaxshi ishladik, — dedi u. — Siz tomondagi ba’zi odamlar «Polshalik hamma narsasini sotishi mumkin», deb gapirib yurishadi. Polshalik boshqa narsalarni pullasa ham ahdga sadoqatini sotmaydi. Gamlet buni bilardi. Siz ham shu haqiqatni unutmasangiz ikkalamiz birgalikda uzoq yashaymiz.
Ular Krakovda yana ikki kun mehmon bo‘lishgach, Moskvaga qaytishdi. Va’dasining birinchi bosqichini bajargan Gamlet ahddagi belgilangan haqini olgach, ikkinchi bosqichga o‘tishdan oldin «O‘lmas Kashcheyni dog‘da qoldiraman, boshqa shaharlar bilan ham o‘zim gaplashaman», deb o‘ylama. U tirik ekan, Krakovdan nariga sen uchun yo‘l yo‘q» deb ogohlantirdi.