Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 486442 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 55 56 57 58 59 60 61 62 63 64 65 ... 128 B


AbdulAziz  15 Iyul 2008, 08:10:46

566/4. Sahl ibn Sa’ddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir ayol Rasulullohga (s.a.v.) to‘qilgan bir kiyim olib kelib: «Ey Allohning Rasuli, buni sizga kiydiraman, deb o‘z qo‘lim bilan to‘qiganman», dedi. Rasululloh (s.a.v.) o‘zlariga kerak bo‘lgani uchun ham uni oldilar. So‘ngra (ichkariga kirib), izor o‘rnida kiyib, bizning oldimizga chiqdilar. Shunda o‘sha yerdagilardan biri: «Muncha ham yaxshi ekan, shuni menga kiydiring», dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Bo‘pti», dedilar-da, o‘sha yerdagi majlisda o‘tirib, keyin qaytib ketdilar. So‘ngra
uylariga borib, uni bir kiyib ko‘rib, haligi kishiga berib yubordilar. Qavmdagilar u kishiga: «Yaxshi ish qilmading, u zotning biror narsa so‘ragan kishiga yo‘q demaslarini yaxshi bilar eding-ku», deyishdi. U kishi esa: «Allohga qasamki, men buni kiyish uchun so‘ramadim. Balki o‘lganimda kafan bo‘lishi uchun so‘radim», dedi. Sahl «^,: «Haqiqatda bu kiyim o‘sha kishiga kafanlik bo‘ldi», dedil ar. Imom Buxoriy rivoyatlari.

567/5. Abu Musodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ash’ariy jamoasining urushda ozuqalari tugab qolay desa yoki Madinada bola-chaqalarining taomi ozayib qolsa, o‘zlarida bor narsalarni bir choponga jamlashar edi-da, keyin bir xil idishda barobar qilib, o‘rtalarida taqsimlab olishar edi. Ular mendan va men ulardandirman», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2008, 08:11:14

63-BOB
Oxirat ishlarida musobaqalashmoq va barakali narsalarni ko‘paytirmoq to‘g‘risida


Alloh taolo:
«Bas, bahslashguvchi - musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar — musobaqa qilsinlar» (Mutaffifun surasi, 26-oyat), deb aytgan.

568/1. Sahl ibn Sa’ddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga bir ichimlik keltirildi. U zot o‘sha ichimlikdan ichdilar. O’ng tomonlarida bir bola va chap tomonlarida qariyalar bor edi. Rasululloh (s.a.v.) haligi bolaga: «Mana bu qariyalarga shu ichimlikni bermoqlikka ijozat berasanmi?» degandilar, haligi bola: «Yo‘q, ey Allohning Rasuli! Allohga qasamki, sizdan ortib qolgan nasibamni biror kishiga bermayman», dedi. Rasululloh (s.a.v.) idishni u bolani qo‘liga uzatdilar (o‘sha bola Ibn Abbos edilar). Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

569/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar. Bir kuni Ayub alayhissalom yalong‘och holatda cho‘milayotgan edilar, oldilariga tilla chigirtka kelib tushdi. Ayub alayhissalom uni kiyimlariga o‘rab oldilar. Shunda Alloh azza va jalla: «Ey Ayub, men seni bu narsalardan behojat qilmaganmidim?» dedi. Ayub alayhissalom: «To‘g‘ri, lekin Sening izzatingga qasamki, men barakotingdan behojat emasman», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.

Foyda: Baraka va fazlni talab qilish, o‘zi va boshqalar foydalanishi uchun mol to‘plash joizligi ma’lum bo‘ladi. Hamda mol-dunyo ko‘payib ketganda ham Allohga muhtojlikni his qilib turish lozim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2008, 08:11:59

64-BOB
Behojat bo‘lib, shukr aytuvchining fazilati, ya’ni halollik
bilan topib, uni o‘z o‘rniga ishlatish haqida


Alloh taolo:
«Ana endi kim (o‘z mol-davlatidagi kambag‘al-bechoralarga berilishi lozim bo‘lgan zakot va boshqa sadaqotlarni) ato etsa va (Allohdan) qo‘rqsa, hamda go‘zal oqibatni (ya’ni jannat bor ekanini) tasdiq etsa, bas, Biz uni oson yo‘lga muyassar qilurmiz» (Val-layl surasi, 5-7-oyatlar).

«O’zi pokdomon bo‘lib, mol-davlatini (yaxshilik yo‘lida) sarf qiladigan taqvodor zot u (do‘zax)dan yiroq qilinur. U (taqvodor zot) huzurida-zimmasida biron kimsaga qaytariladigan ne’mat yo‘qdir. U faqat eng oliy zot bo‘lmish Parvardigorining Yuzini-rizoligini istab (mol-davlatini sarf qilur). Va yaqinda (Parvardigori unga ato etadigan mukofot-jannat ne’matlaridan) rozi bo‘lur» (Val-layl surasi, 17-21-oyatlar).

«Agar sadaqalarni oshkora holda bersangiz, juda yaxshi. Va agar maxfiy qilib, faqir-kambag‘allarga bersangiz - bu o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir. Va qilgan gunohlaringizga kafforat bo‘ladi. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir» (Baqara surasi, 271-oyat).

«To sizlar so‘ygan narsalaringizdan infoq-ehson qilib bermaguningizcha hargiz yaxshilikka (jannatga) yetmagaysiz. Har qanday narsani infoq qilsangiz, albatta, Alloh uni bilur» (Oli Imron surasi, 92-oyat).

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2008, 08:12:10

570/1. Abdulloh ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ikki kishiga hasad qilish joiz. Birinchisi: Alloh taolo bir kishiga mol-dunyo bersayu, u kishi o‘sha mol-dunyoni haq yo‘lda infoq qilsa. Ikkinchisi: Alloh taolo bir kishiga hikmat (ilm) ato etsayu, u kishi o‘sha ilmi bilan hukm qilib va o‘sha ilmini odamlarga ta’lim bersa», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

571/2. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ikki toifa kishiga hasad qilish joiz. 1. Alloh bir kishiga Qur’oni karim ato qilsa, u kishi uni kechayu kunduz tilovat qilsa. 2. Bir kishiga mol-dunyo ato qilsa, u kishi kechayu kunduz molidan infoq qilsa», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2008, 08:12:20

572/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Kambag‘al muhojirlar Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli, badavlat birodarlarimiz oliy darajalar va doimiy ne’matlarga erishishmoqda», deyishganida, u zot: «Bu nima deganinglar?» deb aytdilar. Shunda ular: «Badavlat birodarlarimiz biz o‘qigandek namoz o‘qishadi va biz tutgandek ro‘za tutishadi. Va (kamiga) sadaqa berib hamda qul ham ozod qilishadi. Biz esa sadaqa ham bera olmaymiz, qul ham ozod eta olmaymiz», deyishdi. Rasululloh (s.a.v.) «Men sizlarga bir narsani o‘rgataymi? Agar shu aytgan narsamni bajarsangizlar, sizlardan o‘zib ketganlarga yetib olasizlar va keyingilardan o‘zib ketasizlar. Hech kim sizlardan afzal bo‘la olmaydi. Faqat sizlar bajargandek amal qilishsa, afzal bo‘lishadi», deganlarida, ular: «Ha o‘rgating», deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Har namoz ketidan o‘ttiz uch marta «Subhanalloh», o‘ttiz uch marta «Alhamdulillah» va o‘ttiz uch marta «Allohu Akbar» deb aytishdir», dedilar. Ozgina fursatdan keyin yana kambag‘al muhojirlar Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelib, «Ey Allohning Rasuli, badavlat kishilar ham (bizga aytgan narsalarni) eshitib, biz amal qilganimiz kabi bajarishmoqda-ku», deyishganida, Rasululloh (s.a.v.) «Bu Allohning fazli-karami bo‘lib, xohlagan kishisiga beradi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Bu Imom Muslim rivoyatlaridagi lafzdir.

Foyda: Alloh bir kishini badavlat qilishi ham, kambag‘al etishi ham sinov va imtihondir. Haqiqiy mo‘min kambag‘allik paytida sabr qilib, boyiganida haddidan oshmay shukr qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2008, 08:12:56

65-BOB
O’limni eslash hamda orzularni kamaytirish haqida


Alloh taolo:
«Har bir jon o‘limni totguvchidir. Va Qiyomat kunida hech shak-shubhasiz ajr-savoblaringizni komil suratda olursiz. Bas, kim do‘zaxdan chetlatilib, jannatga kiritilsa, muhaqqaq (baxt-saodatga) erishgay. Bu hayoti dunyo esa aldaguvchi matodir» (Oli Imron surasi, 185-oyat),

«Biron jon ertaga nima ish qilishini bila olmas. Biron jon qay yerda o‘lishini ham bila olmas» (Luqmon surasi, 34-oyat),

«Bas, qachon ularning ajallari yetib kelganida esa uni biron soat ketga ham sura olmaydilar», (Nahl surasi, 61-oyat),

«Ey mo‘minlar, na mol-dunyolaringiz va na bola-chaqalaringiz sizlarni Allohning zikridan (ya’ni Allohga ibodat qilishdan) yuz o‘girtirib qo‘ymasin! Kimki shunday qilsa, bas, ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchi kimsalardir. Sizlarning (har) biringizga o‘lim kelib, u: «Parvardigorim, meni ozgina muddatga (hayotda) qoldirsang, men xayr-sadaqa qilib, solih (banda) lardan bo‘lsam», deb qolishidan ilgari - Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilingiz. (Chunki) Alloh biron jonni ajali kelgan vaqtida (vafot ettirmasdan) qoldirmas. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir» (Munofiqun surasi, 9-11-oyatlar).

«Toki qachon ulardan (ya’ni mushriklardan) biriga o‘lim kelganida: «Parvardigor, meni (yana hayotga) qaytaringlar. Shoyad, men qolgan umrimda yaxshi amal qilsam», deb qolur. Yo‘q! (U aslo hayotga qaytarilmas). Darhaqiqat, bu (har bir jon berayotgan kofir) aytadigan so‘zdir. Ularning ortida to qayta tiriladigan kunlarigacha (dunyoga qaytishlaridan to‘sib turadigan) bir to‘siq bo‘lur» Bas qachon sur chalinganida (Ya’ni qiyomat qoyim bo‘lganida) ana u kunda ularning o‘rtalarida hech qanday nasl-nasab qolmas va ular bir-birlari bilan savol-javob ‘am с‹ila olmaslar. Endi kimning (yaxshilik) mezonlari (yomonlik-gunohlaridan) og‘ir kelsa bas ana o‘shalar najot topguvchidirlar. Kimning mezonlari yengil bo‘lsa (ya’ni yomonliklari yaxshi amallarini bosib ketsa) bas ana o‘shalar o‘zlariga ziyon qilibdilar. Ular jahannamda mangu qolguvchidirlar. (Ularga): «Sizlarga mening oyatlarim tilovat qilingan emasmidi, sizlar ularni yolg‘on degan emasmidingiz?!». (Mo‘minun surasi, 99-106-oyatlar).

«Yerda qancha yil turdinglar?» dedi (Alloh). Ular aytdilar: «Bir kun yo yarim kun. Sanab turguvchi (farishtalardan) so‘ragin», (Alloh) dedi: «Agar sizlar biladigan bo‘lsangizlar (dunyoda), juda oz turdingizlar (ya’ni sizlar abadiy deb o‘ylagan dunyo aslida juda oz muddatdir). Yoki sizlarning gumoningizcha Biz sizlarni behuda (ya’ni dunyoda sizlarga biron vazifa bermaydigan, oxiratda hisob-kitob
qilmaydigan holda) yaratdigu, sizlar Bizning huzurimizga qaytarilmaysizlarmi?! (Undoq emas)» (Mo‘minun surasi, 112-115-oyatlar).

«Iymon keltirgan zotlar uchun Allohning zikri sababli va nozil bo‘lgan Haq - Qur’on (tilovat qilinishi) sababli qalblari erib, qo‘rqish (vaqti) moyil bo‘lish (vaqti) kelmadimi? (Shuningdek ular uchun) ilgari Kitob ato etilgan, so‘ng (ular bilan payg‘ambarlari o‘rtasidagi) muddat uzaygach, dillari qotib ketgan kimsalar (ya’ni yahudiy va nasroniylar) kabi bo‘lib qolmaslik (vaqti kelmadimi)? Ulardan (yahudiy va nasroniylardan) ko‘plari fosiq-itoatsizdirlar» (Hadid surasi, 16-oyat), deb aytgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2008, 08:13:14

573/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) mening yelkamdan ushlab: «Ey Ibn Umar, dunyoda go‘yoki g‘arib yoki yo‘lovchi musofir kabi bo‘lgin», dedilar. Ibn Umar (r.a.) (mana shu so‘zni eshitganlaridan keyin): «Agar kechlatsang, tong bo‘lishini kutma! Agar tong ottirsang, kech kirishini kutma! Sog‘ paytingda kasal payting uchun ham (tayyorgarlik qilib) ol. Hamda tiriklik paytingda o‘liming uchun ham (tayyorgarlik qilib) ol», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.

574/2. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Bir musulmon kishining qo‘lida vasiyat qiladigan narsasi bo‘laturib, vasiyat yozmasdan ikki kecha o‘tkazmog‘i munosib emasdir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Bu hadis Buxoriyning lafzlari bo‘lib, Muslimning rivoyatlaridagi lafzda «uch kecha» bo‘lib kelgan.
Ibn Umar (r.a.): «Men ushbu hadisni Rasulullohdan (s.a.v.) eshitganimdan beri, biror kechani vasiyatim yozilmagan holda o‘tkazmadim», dedilar.

Foyda: Vasiyatni yozishga shoshilishga targ‘ib bor. Chunki inson qachon vafot etishini bilmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2008, 08:13:28

575/3. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bir chiziq chizib: «Bu inson va mana bu ajali. U mana shu holatdaligida yaqin bo‘lgan ajali kelib, olib ketadi», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.

576/4. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) to‘rt burchak shakl chizib, uning o‘rtasidan uchini tashqariga chiqarib yana
bir chiziq o‘tkazdilar. So‘ng ana shu o‘rtadan o‘tgan chiziqning yoniga kalta chiziqlar tortdilar-da: «Mana bu o‘rtadan o‘tgan chiziqning to‘rtburchak ichidagi qismi insondir. Uni o‘rab turgan to‘rtburchak esa insonning ajalidir. O’rtadan o‘tgan chiziqning tashqariga chiqqan qismi insonning orzu-umidlaridir. Mana bu kalta chiziqlar har xil hodisalar bo‘lib, biridan qutulsa, ikkinchisiga yo‘liqadi. Ikkinchisidan qutulsa, uchinchisiga yo‘liqadi (ya’ni biror sabab bo‘lib ajali yetadi)», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2008, 08:13:45

577/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Yetti narsa (kelishidan oldin) yaxshi amallarni qilib qolishga shoshilinglar. Bunda sizlar quyidagi narsalarni kutasizlar, xolos: 1) Kambag‘allik - hamma narsani unuttirib yuboradi. 2) Boylik - tug‘yonga ketishga sababchi. 3) Bemorlik - barcha narsani fasod qiladi. 4) Qarilik - hamma narsani xotirdan chiqarib yuboradi. 5) O’lim - tamom qilib tezlatuvchi. 6) Dajjol -kutilayotgan g‘oyib narsalarning eng yomoni. 7) Qiyomat falokatlarning eng og‘iri va achchig‘idir», dedilar (inson shu yetti hodisa yuz bermasidan oldin vaqt g‘animatida oxirat uchun tayyorgarligini qilib qo‘ymog‘i lozim... - tarj.) Imom Termiziy rivoyatlari.

578/6. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilanadi. Rasululloh (s.a.v.): «Lazzatlarni ketkazuvchi o‘limni eslashni ko‘paytiringlar», deb aytdilar. Imom Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  15 Iyul 2008, 08:14:16

579/7. Ubay ibn Ka’bdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) kechaning uchdan biri o‘tganida o‘rinlaridan turib: «Ey odamlar, Allohni zikr qilinglar. Isrofil alayhissalom birinchi surni, ketidan ikkinchisini chaladigan payt kelib qoldi. O’lim ham o‘zidagi mavjud qo‘rqinch ila yetib keldi, O’lim ham o‘zidagi mavjud qo‘rqinch ila yetib keldi», deb aytdilar. Shunda men: «Ey Allohning Rasuli! Undoq bo‘lsa men sizga salavot aytishni ko‘paytiraymi? Kechaning qancha qismida sizga salavot aytayin», desam, u zot: «Xohlaganingcha», dedilar. Men: «To‘rtdan bir qismidami?» dedim. U zot: «Xohlasang, bunga ziyoda qilgin. O’zing uchun yaxshi bo‘ladi», dedilar. Men: «Yarmidami?» desam, u zot: «Xohlasang, bunga ziyoda qilgin. O’zing uchun yaxshi bo‘ladi», dedilar. Men: «Uchdan ikki qismidami?» desam, u zot: «Xohlasang, bunga ziyoda qilgin. O’zing uchun yaxshi bo‘ladi», dedilar. Men: «Undoq bo‘lsa, men kechaning hammasida sizga salavot aytaymi?», desam u zot: «Agar shunday qilsang-ku, Alloh barcha g‘amlaringga o‘zi kifoya qilib, gunohlaringni kechirib yuboradi», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari.

Foyda: Rasululloh (s.a.v.)ga salavot aytib, duo qilishning fazilati ayon bo‘ladi. Va u zot ummatlarini Alloh rozi bo‘ladigan yo‘lga irshod qilishga rag‘batlantirishlari hamda kishi agar o‘z nafsiga g‘ururlanishdan qo‘rqmasa biror maqsad yo‘lida bajarayotgan yaxshi amallarini zikr qilish joizligi ham ayon bo‘ladi.

Qayd etilgan