SAMARQAND MINIATYURA MAKTABI — o‘rta asrlarda Samarqandda shakllangan tasviriy san’atdagi uslubiy yo‘nalish. Eng rivojlangan davri XIV a. ikkinchi yarmi — XV a. va XVII asrlarga to‘g‘ri keladi. Temuriylar davrida Samarqand yirik madaniyat markaziga aylangan, me’morlik va kitobat san’ati beqiyos darajada taraqqiy etgan. Yozma manbalar, saqlanib qolgan san’at yodgorliklari Samarqandda tasviriy san’at qadimdan rivojlanganligini ko‘rsatadi. Amir Temur bog‘laridagi saroylar devorlariga mahobatli rasmlar ishlangan, shohona chodirlar tasvirlar bilan bezatilgan, keyinchalik Mirzo Ulug‘bek davrida ham binolar tasviriy lavhalar, syujetli asarlar bilan bezatilgan: shoh, uning yaqinlari va safdoshlari portretlari, qabul marosimlari, ziyofat, safar va jang lavhalari, ov va boshqa manzaralar aks ettirilgan; ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi devorlariga osmon gumbazi, yulduzlar olamiga taalluqli jismlarning ramziy tasvirlari ishlangan. Xuddi shunday tasvirlar bilan olim Abdurahmon as-So‘fiyning astronomiyaga oid risolasi ham Samarqand miniatyura maktabi vakillari tomonidan bezatilgan. Samarqand miniatyura maktabi ustalari yaratgan rasmlarda voqealar, asosan, manzara zaminida tasvirlanadi; romantik tasvirlarda O‘rta Osiyo tabiatiga xos manzaralar, o‘simlik va hayvonot dunyosi, mahalliy xalq qiyofalari o‘z aksini topgan. Mujassamotdagi originallik, bezak tuzilishi va badiiy ifoda vositalaridagi aniqlik, yirik shakli, kenglikni simmetrik tuzilishi, sokin ritmi va boshqa o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan Samarqand miniatyura maktabida qiyofalar ro‘paradan chizilgan, voqealar past-baland adirlarda, ko‘shk, chodir zaminida tasvirlangan; ayniqsa, zarrin och sariq — och binafsha rangli vazmin kolorit diqqatni tortadi. Ustod Gung, G‘iyosiddin, Amir Temur saroyida yashagan Xoja Abdulhay, uning shogirdi Pir Ahmad Bog‘ishamoliy, Muhammad Murod Samarqandiy va boshqalar Samarqand miniatyura maktabining yirik vakillaridan. Nizomiyning «Xamsa», «Mirzo Ulug‘bek o‘z a’yonlari bilan» alohida miniatyura, Muhammad Shodining «Fathnoma», «Tarixi Abulxayrxoniy», Firdavsiyning «Shohnoma», Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» va boshqa qo‘lyozma kitoblar Samarqand miniatyura maktabi vakillari tomonidan badiiy bezatilgan.