Gulnora kirib, Anvarning xayoli bo‘lindi. U shoshib kirib, shoshib salomlashib, sumkasidan bir nimani shoshib oldi-yu, shoshib chiqdi. «Ustoz kelgunga qadar, paytdan unumli foydalanib, sotadigan mataxini ko‘rsatib olishi kerak», deb o‘yladi Anvar.
Anvarning mo‘ljalidagi yarim soat o‘tgach, dahlizdagi harakatlar tindi-yu, eshik ochilib, kadrlar bo‘limining mudirasi ko‘rindi. Anvar uni ko‘rgani hamon, qiziq hangomani kelgan joyidan davom ettirayotganday gap boshladi:
— Siz ishonmaysizu Sobirjon, bo‘lgan voqea emish, — dedi «eng kichik ilmiy xodim»ga qarab, — qassoblar do‘mboq xotinlarni o‘g‘irlab, so‘yib sotishayotgan emish. Mana, kecha kechasi bir erkak zaharlanib o‘libdi. Bozordan olgan go‘shtdan zaharlanibdi. Tekshirib qarashsa, o‘z xotinining go‘shti ekan. Qarang-a, ba’zi xotinlarning, — Anvar shu so‘zlarni chertib-chertib aytdi, — go‘shti zaharli bo‘larkan, a?
— Siz mening orqamdan yuring, — dedi mudira jerkib.
— Qayoqqa? Jinnixonagami? — dedi Anvar o‘rnidan turib.
— Ochiq go‘rga, undan ham nariga, — dedi mudira jahl bilan.
— Ochiq go‘rdan nariga bo‘lsa, demak, direktor chaqirayotgandir...
Anvar yanglishmagan edi. Mudira uni kuzatib kirib «Yana xizmat bormi?» deganday boshqonga qaradi. O‘lmas Akrom «ishingizga boravering» degach, burilib chiqdi.
Anvar bir narsada — bu suhbatda Xolidiy ham ishtirok etar, deb yanglishgan edi. O‘lmas Akromning yolg‘izligini ko‘rib, ko‘ziga tikilganicha jilmaydi.