* * *
Janobi Payg‘ambarimizning amakilari Abbos keltirildi. Rasululloq (s.a.v.) unga:
— O’zing bilan birlikda jiyanlaring Oqil bilan Navfalning hamda ittifoqching Utbaning ham tovon pullarini sen to‘laysan, — dedilar.
Abbos buncha odamning tovonpulini to‘lash bir yoqda tursin, hatto o‘zi uchun ham bir tiyin bergisi yo‘q edi. Umr bo‘yi tijoratga va foizga ishlagan zakosi bu yerda o‘zini ko‘rsatajak edi:
— Men musulmon edim, — dedi. — Jangga kelmoqchi emasdim, Quraysh meni zo‘rlab keltirdi.
Janobi Payg‘ambarimiz bu uzrni qabul etmadilar:
— Sening musulmonliging yo musulmon emasligingni Olloh biladi. Aytganing to‘g‘ri bo‘lsa, mukofotini ham Olloh beradi. Ammo holat shuki, jangda asir oldik. Sen ham bizning qarshimizda bizga qarshi urushganlar bilan birga eding. Shu onda tovonpulini to‘lashga maj bursan.
Abbos yana ayyorlik qilmokchi bo‘ldi:
— Meni tutganlaringizda yonimda faloncha mikdorda oltinim bor edi, oldilaring. O’shani tovonpuli hisoblashlaring mumkin, — dedi.
— Bo‘lmaydi, — deb javob qildilar Janobi Rasululloh. — Biz ularni urush o‘ljasi o‘laroq qo‘lga kiritganmiz.
— Ammo mening ulardan boshqa molim yo‘q. Meni Makka ko‘chalarida tilanchilik qilib yurishga majbur etasanmi, ey Muhammad?
— Xo‘p, ammo u oltinlar qani? Ularga nima bo‘ldi?
— Qaysi oltinlarni aytyapsan.
— Ummul Fazlga omonat qo‘yib kelganing oltinlar... Esingdami, u bilan vidolashayotib: «Bu safarda boshimizga nelar kelishini bilmaymiz. Mabodo qaytmasam, bular senga bo‘ladi, mana bu qismini esa, Fazl, Abdulloh, Ubaydulloh va Qusamga bo‘lib berasan», demaganmiding?..
Abbos hayratini yashira olmadi:
— Ajabo, bularni senga kim xabar berdi?.. Qasam ichaman, oltinlarimni unga berayotganimda va bu so‘zlarni so‘zlayotganimda o‘rtamizda boshqa hech kim yo‘q edi!..
— Olloh xabar berdi, — deb javob qildilar Rasuli akram (s.a.v.).
— Men shohidlik bildiramanki, sen Ollohning rasulisan, — deb yubordi Abbos.
Bu suhbat ashobi kirom ishtirokida bo‘layotgan edi. Abbosning musulmon bo‘lishi hammani sevintirdi. Shu bilan birga, u baribir istanilgan tovonpulini to‘lash majburiyatida qoldirildi. Ham eng baland qiymat bo‘lgan to‘rt yuz dirham hisobida...
Kimdir taklif kiritdi:
— Yo Rasululloh, izn bersangiz, amakingiz Abbosdan tovonpuli olinmasin.
Janobimiz bu taklifni keskin rad etdilar.
— Vallohi, boshkalardan qanday to‘liq olingan bo‘lsa, bu kishiga ham birday munosabatda bo‘linglar!— dedilar.
Ikkinchi kitob bitdi