Ba’zi donolarning aytishicha, ilm uch harf bo‘lib, "ayn" — illiyyindan, "lom" — lutfdan, "mim" esa mulkdan olingan, deydilar. "Ayn" o‘z sohibini illiyyinga (eng baland maqomga) olib chiqadi. "Lom" uni latif-muloyim qiladi. "Mim" esa, uni insonlar orasida ulug‘, boy qiladi".
Ilmning ulug‘ligiga Alloh taolo Muhammadga (sollallohu alayhi vasallam): "Ey Rabbim, ilmimni ziyoda qil", deb ayting", degan xitobi ham dalolat qiladi. Haqiqatan, Alloh Muhammadga (sollallohu alayhi vasallam) barcha narsaning ilmini ato qildi, ilmdan boshqa narsalarda ziyodalik so‘rashni buyurmadi.
Bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) masjid eshigi oldida shaytonni ko‘rib qoldilar va: "Ey iblis! Bu yerda nima qilyapsan?" dedilar. Shayton: "Men masjidga kirib, namozxonning namozini buzishni xohlayapman, lekin kirolmay turibman. Sababi masjidda uxlab yotgan kishidan qo‘rqyapman", dedi. Shunda Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ajablanib so‘radilar: "Ey shayton! Ibodatdagi kishidan qo‘rqmasdan, g‘aflatdagi kishidan qo‘rqmoqdamisan?" Shayton aytdi: "Namozxon johil kishi, uning ishini buzish oson, lekin uyqudagi bu odam olimdir. Men agar bu johilning namozini buzsam, u olimni tezda uyg‘otib, namozini qanday tuzatishni so‘rashidan qo‘rqmoqdaman". Mana shuning uchun ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): "Olim kishining uyqusi johil odamning ibodatidan afzaldir", deganlar ("Minhajul mutaallimiyn").