Kumushdek sochlari ustidan oppoq ro‘mol tashlab olgan buvim ba’zida tasbeh o‘girib o‘tirib:
- Birov suv topolmaydi ichgani,
Birovga su topilmaydi kechgani. Eh, bu dunyoning ishlari shunaqa ekan-da, - deb qo‘yadigan odatlari bo‘lardi. Shu so‘zlarni aytib bo‘lishlari bilan:
- Nega doim shu so‘zlarni takrorlayverasiz, buvi, - desam, u kishi:
- Bolam, bu dunyo bir ajoyibxona, aqlli odam undan faqat ibrat olib yashaydi. Nodon esa "o‘zimniki haq" deb qoqilaveradi, qoqilaveradi, - deb o‘yga tolardilar. Bir ozdan so‘ng esa o‘zlari guvoh bo‘lgan birorta ibratli voqeani hikoya qilib berardilar.
- Mahallamizda bir xonadon bo‘lardi, - deya hikoyalarini boshladi buvim. - O’zlariga to‘q shu xonadon sohibining kambag‘al, nochor hayot kechiradigan opasi bo‘lib, uning umri qisqagina ekan, yolg‘iz farzandini ukasiga qoldirib, uzlatga ketdi. Opasining qizining ismi Mohira bo‘lib, u shirinso‘z, aqlli, chaqqon qiz edi. Mohira tog‘asining uch farzandiga mehribon edi. Biroq kelin oyisi Xolidaxon uning ishlaridan kamchilik topib xo‘rlar, ovozini baland ko‘tarib:
- Jo‘janing iqboli bo‘lsa, tovuqning siynasi bo‘lardi, senginaning iqboling bo‘lsa, onang o‘lmasdi, men sening qosh-qovog‘ingga qarab yurmasdim, - deya Mohirani xo‘rlardi. Mohira esli-xushli qizligi bois kelin oyisiga gap qaytarmas, indamay ishlarini saranjomlab yuraverardi.
Onasining gap-so‘zlaridan dadillangan tog‘avachchalari ham uni xushlamasdilar. U eskirgan kiyimlarda bo‘lsa ham orasta, ozoda yurar, xushfe’l edi. Yillar bahs boylashgandek bir zumda bir-birlarini ortda qoldirib boraverardi.
Kunlarning birida qishloq ayollari daryo bo‘yiga lola sayliga chiqmoqchi bo‘ldilar. Qishloqning yosh-u qarisi o‘sha kunni intiq kutdilar. Erta tongda turib hovlilarni supirib-sidirgan Mohira savatni to‘ldirib non yopdi. Bayramga uning bormasligi, hovlidagi mol-qo‘ylarga qarab turishi lozimligi aytilganida ko‘zlariga yosh to‘ldiyu, biroq indamadi. Yangi liboslarni kiygan tog‘avachchalari go‘yo o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilgandek yurib bayramga otlanishdi. Qo‘liga xina, qoshiga o‘sma qo‘yib, atlas ko‘ylak kiygan Xolida kennoyi farzandlarini oldiga solib bayramga otlandi. Mohira ularning ortidan qarab qolar ekan, marhum onajonisini eslab, yolg‘izligini his etib ko‘z yoshi qildi.
"Mening ham onam hayot bo‘lganlarida dugonalarim qatori men ham yangi ko‘ylak kiyib, bayramga borgan bo‘lardim". Armon uning ko‘nglini kemirardi.
Kun peshindan oqqan payt hovliga birin-ketin hamqishloqlari kirib kelishdi. Xolida kennoyi esa bexush edi. Bayramga sho‘x-shodon chiqib ketganlarning bunday holatda kirib kelishi... Ularning shosha-pisha so‘zlashlaridan bildiki, qishloqning bir guruh yoshlari qayiqda daryoning yuqori tomoniga suzib borishgan chog‘da girdobga to‘g‘ri kelib qolib, ular suvga g‘arq bo‘lishgandi. Ular orasida Mohiraning tog‘avachchalari ham bor ekan. Oradan besh kun o‘tib, ularning murdalari daryo bo‘yidan topildi. Marosimlar tugab, hovli bo‘shab qolgandek bo‘ldi.
Mohira kelin oyisining ko‘nglini olishga intilib, unga ma’qul bo‘ladigan ovqatlar pishirar, yaxshi gaplar bilan unga parvona bo‘lardi. Bora-bora kelin oyisi ham unga mehr qo‘ydi. Turmushga uzatdi. Keksayib qolgan chog‘ida uning yo‘lini poylaydigan bo‘ldi. Lekin Mohira uni yolg‘izlatmadi, vaqt topib ikki keksani - tog‘asi va kelin oyisini oq yuvib, oq taradi, parvarish qildi.
Yillar yugurik ekan, bugun yosh bolalardek ko‘ngli nozik bo‘lib qolgan ikki mo‘ysafid uni duo qilardi. Kunlarning birida kelin oyisi Mohiraga qarab:
- Agar men o‘lsam, qabrga indamay kirib ketaman, ko‘rasan, - dedi.
Xolidaxonning bu gapining mag‘zini chaqqan Mohira:
- Hech kimi yo‘q inson qabrga indamay kirib ketadi. Chunki uning ortidan bo‘zlab qoladigani, chirog‘ini yoqadigani, xavotirga soladigani yo‘q. Siz unday emassiz, chunki meni tarbiya qildingiz, turmushga uzatdingiz, farzandlarimga buvilik qildingiz. Sizning chirog‘ingiz doimo yoniq bo‘ladi, biz bormiz, unday demang.
- Ko‘rdingmi, bolam, nonni katta yesang ham, gapni katta gapirma. O’ynab gapirsang ham, o‘ylab gapirgin, yetimlarning dilini og‘ritmagin, uning dili og‘risa, Yaratganning arshi titraydi-ya, bolam, - deya buvim boshimni siladilar.
Nasibaxon Hojimatova Quqon