48-bob. Tushning ta’birini bomdod namozidan so‘ng aytmoq haqida
Sumra ibn Jundub rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘z sahobalaridan: «Birortangiz tush ko‘rdingizmi?» — deb tez-tez so‘rab turar erdilar. Shunda xohlagan kishi Olloh taolo iroda qilgancha o‘z tushini so‘ylab berar erdi. Bir kuni erta birlan Janob Rasululloh bunday dedilar: «Bul kecha huzurimga ikki kishi(ikki farishta) kelib meni uyg‘otdida: «Yurg‘il!» — dedi, men ularga ergashdim. Bir joyga borsak bir kishi chalqancha yotibdir, ikkinchi bir kishi uning tepasida turibdir, qo‘lidagi mushtdek tosh birlan chalqancha yotg‘an kishining boshiga urmakdadir, tosh sapchib ketib nariga borib tushmakdadir. Ul toshni olib kelguncha chalqancha yotgan kishining boshi tuzalib qolayotir. Shul tariqa tik turgan kishi chalqancha yotgan kishining boshini qayta-qayta majaqlab azob berayotir. Men: «Subhonalloh, bul kimdur?» — dedim. Hamrohlarim: «yurg‘il, ketdik!» — deyishdi. Bir joyga borsak yana bir kishi cho‘zilib yotibdir, uning tepasida ham avvalgidek bir kishi tik turibdir. Tik turgan kishi qo‘lidagi temir changak birlan cho‘zilib yotgan kishining avval bir lunjini burnidan to ko‘ziga qadar shilib terisini tashqariga qilib qo‘ymoqdadur. Keyin, bul yoniga yotqizib qo‘yib, ikkinchi lunjini ham shunday qilayotir. Bir lunjini shilib bo‘lib ikkinchi lunjiga o‘tguniga qadar avval shilingan lunji tuzalib qolayotir. Tik turgan kishi cho‘zilib yotgan kishiga shul tariqa qayta-qayta azob berayotir. Men: «Subhonalloh, bul nimasi?» — dedim. Hamrohlarim: «Yurg‘il, ketdik!» — deyishdi. Bul yerdan chiqib yo‘lda tandirga o‘xshash bir chuqurlikka duch keldik uning ichidan dod-voy ovozlari quloqqa chalinar erdi. Pastga qarab ul yerda qip-yalang‘och erkak va ayollar borligini, ularning ostlaridan ersa, alanga ko‘tarilib kelayotganini ko‘rdim. Bilsam, ular har safar alanga ko‘tarilganda dod faryod qilishayotgan erkanlar. Men buni ko‘rib: «Bular kimdurlar?» — dedim. Hamrohlarim: «Yurg‘il, ketdik!» — deyishdi. Yura-yura suvi qon rangi yanglig‘ bir daryo bo‘yidan chiqib qoldik. Uning ichida bir kishi zo‘rg‘a suzib yuribdur, qirg‘oqda ersa, boshqa bir kishi oldiga tosh to‘plab o‘ltiribdur. Shunda daryodagi kishi zo‘r-bazur qirgoqqa suzib kelib og‘zini ochib erdi, qirg‘oqdagi kishi tosh solib qo‘ydi, keyin ul qaytib suzib ketdi. So‘ng, yana qaytib suzib kelib og‘zini ochib erdi, yana tosh solib qo‘ydi. Shul tariqa har gal suzib kelsa, qirg‘oqdagi kishi uning og‘ziga tosh solib qo‘yib qaytarib yuborayotir. Men hamrohlarimga: «Bul ikkisi kimdur?» — dedim. Hamrohlarim: «Yurg‘il, ketdik!" — deyishdi. So‘ng biz afti-angoridan hatto ko‘zgu ham nafrat qilgudek bir badnamo odamning oldiga borib qoldik. Ul oldidagi olovni har tarafidan puflab alangalantirayotgan erdi. Men «Bul nimasi?» — dedim. Hamrohlarim: «Yurg‘il, ketdik!» — deyishdi. Biz yo‘lda davom etib bahor nafasi ufurib turgan bir so‘lim bog‘ oldidan chiqib qoldik. Bog‘ning o‘rtasida shul qadar novcha odam turibdikim, uning boshi osmonu falakda bo‘lg‘onidan, yuzini ko‘ra olmadim. Uning atrofida ko‘plab bolalar o‘ynab yurishibdur. Men: «Bular kimdur?» — dedim. Hamrohlarim: «Yurg‘il, ketdik!» — deyishdi. Keyin, yura-yura boshqa bir bog‘ga yetib bordik men bunchalik ulkan va go‘zal bog‘ni (daraxtni) sira ko‘rmaganmen. Hamrohlarim menga: «Unga chiqgil!» — deyishdi, biz chiqib, kumush va oltin g‘ishtlardan bunyod etilgan bir shaharga yetdik. So‘ng, shahar darvozasiga kelib, ochmoqlarini so‘radik ochib erdilar, biz ichkariga kirdik. Shahar ahli qiyofasining yarmi sen ko‘rib yurgan xushnamo odamlardan ham go‘zalroq, yarmi ersa sen ko‘rib yurgan badnamo odamlardan ham xunukroq erkan. Hamrohlarim ularga: «Boringizlar, anavi daryoga tushib cho‘milib chiqingizlar!» — deyishdi, daryoning suvi sut kabi oppoq edi. Ular daryoda cho‘milib chiqqach, qiyofalaridagi badnamolik yo‘qolib, juda go‘zal surat kasb etdilar. Hamrohlarim menga: «Bul — Adn jannatidur, anavi ersa, sening manzilingdur!» — deyishdi. Men nigohimni balandga qaratib oppoq bulut yanglig‘ muhtasham qasrni ko‘rdim. Hamrohlarim «Ana o‘shal qasr senikidur!» — deyishdi. Men ularga: «Olloh taolo sizlarga barakot ato etsin, meni qo‘yib yuboringiz, ul yerga kirayin!» — dedim. Ular: «Ammo, sen hozir ul yerga kira olmag‘aysen!» — deyishdi. Men ularga: «Bul kecha davomida men juda ajib narsalarning guvohi bo‘ldim, ko‘rganlarimni tushuntirib beringiz!» — dedim. Ular: «Biz senga xabar berg‘aymiz» — deya tushuntira ketdilar: «Boya sen ko‘rgan boshi tosh birlan majaqlanayotgan kishi avvallari Qur’on tilovat qilib yurib, keyin tashlab qo‘ygan hamda farz qilingan namozlarni o‘qimay g‘aflat bosib uxlab yotgan. Keyingi — lunjini burnidan to ko‘ziga qadar shilishayotgan kishi ersa, uyidan chiqib yolg‘on gaplarni aytar erdi, uning bo‘htonlari hatto ufqqa qadar tarqalgandur. Tandirga o‘xshash chuqurdagi yalang‘och erkak va ayollar — zinokorlar erdi. Daryoda suzib yurib tosh yutayotgan odam xususiga kelsak ul sudxo‘r (poraxo‘r) bo‘lgan. Qattiqroq yonsin deb olovning chor tarafidan zo‘r berib puflayotgan, afti-angoridan hatto ko‘zgu ham hazar qilgudek badbashara odam ersa, jahannam o‘t yoquvchilarining boshlig‘idur. Bog‘dagi ulkan odam — Ibrohim alayhissalom bo‘lib, atroflaridagi bolalar fitratda (ya’ni, tabiatan musulmon qilib yaratilgan holida) vafot etib ketgan (norasida) bolalardur». Janob Rasululloh gaplarini tugatishlari birlanoq, ba’zi musulmonlar: «Yo Rasulalloh, ularning ichida mushriklarning bolalari ham bormidur?» — deyishdi. Janob Rasululloh: «Ha, mushriklarning bolalari ham bordur! Ammo, yarmi go‘zal, yarmi xunuk odamlar xususiga kelsak ular yaxshi amallarini yomon amallari birlan qorishtirib yuborganlardur, Olloh taolo ularning gunohlarini mag‘firat qilg‘ay», — deb aytdilar».