NAML SURASIBu sura Makkada nozil qilingan bo‘lib, to‘qson uch oyatdan iboratdir. Unda payg‘ambarlardan Muso, Solih, Lut alayhis-salomlarning qissalari zikr qilinadi va, xususan, Dovud va Sulaymon payg‘ambarlar haqida bir qadar batafsil to‘xtalib, Sulaymon alayhis-salom Alloh taoloning payg‘ambari bo‘lish bilan birga yana jamiyki insu-jin va parrandayu-darranda olamiga podshoh qilingani to‘g‘risida hikoya qilinadi hamda u zot bilan Saba’ mamlakatining Malikasi Bilqis o‘rtasida bo‘lib o‘tgan voqealar ham tasvirlanadi.
Yana bu surada Qur’ondagi pand-nasihat, ibrat-eslatmalardan faqat ko‘zi ochiq kishilargina foydalanishlari mumkinligi ayricha ta’kidlab o‘tiladi.
Shuningdek, qiyomat qoyim bo‘lishi oldidan yer yuziga chiqadigan jonivor haqidagi xabar hamda mo‘min va kofirlarning qiyomat kunidagi ahvoli xususidagi ibratli oyatlar ham shu suradan joy olgandir.
Surada Alloh taoloning eng zaif va zahmatkash maxluqlaridan biri bo‘lgan chumoli haqida ham zikr qilingani sababli uni «Naml — Chumoli» surasi deb atalgandir.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. To, Sin. Ushbu (oyatlar) Qur’on — ochiq Kitob oyatlaridir.
2-3. (Bu oyatlar) namozni to‘kis ado etadigan, zakotni (haqdorlarga) ato etadigan va oxiratga aniq ishonuvchi bo‘lgan kishilar — mo‘‘minlar uchun hidoyat va xushxabardir.
4. Albatta oxiratga iymon keltirmaydigan kimsalar uchun Biz (qilayotgan) amallarini chiroyli ko‘rsatib qo‘ygandirmiz. Bas ular adashib-uloqib yuraveradilar.
5. Ana o‘sha kimsalar uchun (dunyoda ham) eng yomon azob bordir va ular oxiratda eng ko‘p ziyon ko‘rguvchi kimsalardir.
6. (Ey Muhammad), shak-shubhasiz sizga bu Qur’on dono va bilguvchi Zot dargohidan berilur.
7. Muso axli-oilasiga: «Men olov ko‘rib qoldim. Sizlarga undan biron xabar keltirurman yoki sizlarga isinib olishingiz uchun bir o‘t-cho‘g‘ keltirurman», deganini eslang.
8. Endi qachonki u olov oldiga kelgach, unga nido qilindi: «Olov oldidagi kishiga (ya’ni Musoga) va uning atrofidagi zotlarga (farishtalarga) xayru-barakot bo‘lsin. Barcha olamlarning Parvardigori — Alloh (aybu-nuqsondan) pokdir.
9. Ey Muso, shak-shubhasiz Men g‘olib va hikmat sohibi Allohdirman.
10. Asoingni tashlagin!» Bas qachonki (Muso) uning ilondek qimirlayotganini ko‘rgach, ortiga qaramay qochdi. (Shunda Biz dedik): Ey Muso, qo‘rqmagin. Zero, Mening xuzurimda payg‘ambarlarim qo‘rqmaslar.
11. Lekin kim zulm qilsa-yu, so‘ngra — yomonlikdan keyin, uni chiroyli (amalga) almashtirsa, bas albatta Men mag‘firatli, mehribondirman.
12. Qo‘lingni cho‘ntagingga solgin, u hech qanday dardsiz oppoq bo‘lib chiqur. (Bu mo‘‘jizalar) sen (Fir’an va uning qavmiga) olib boradigan to‘qqiz oyat-mo‘‘jiza ichida bordir. Darxaqiqat ular itoatsiz qavm bo‘ldilar.
13. Bas qachonki ularga Bizning oyat-mo‘‘jizalarimiz ravshan holda yetib kelgach, ular: «Bu ochiq sehrdir», dedilar.