Ka’b bu gapga rozi bo‘lgach, kechqurun uchrashishga va’dalashib xayrlashishdi. Ibn Maslama hamrohlari bilan tayinlangan vaqtda yetib keldi. Ka’bning xotini erini yo‘ldan qaytarib: "Do‘stidan ko‘ra dushmani ko‘p odamsan, bemahalda chiqmaganing yaxshi bo‘larmidi", dedi. "Mard odam yarim kechasi jangga chaqirilsa ham yuragi po‘killamay chiqishi kerak. Ibn Maslama qarindoshimning o‘g‘li, yonidagi Abunoila emukdosh birodarim", dedi Ka’b va qilichini taqib tashqariga yo‘l oldi. "Ka’b chiqqanda sochini hidlagan bo‘lib, boshini mahkam ushlab turaman, sizlar bo‘yniga qilich urasizlar", dedi ibn Maslama. Tashqariga chiqqan Ka’bdan chindan ham muattar ifor hidi kelib turardi. "Sendan mushku anbar hidi kelyapti, sochingni bir hidlay", dedi ibn Maslama. Ka’b engashgan edi, sochiga chang solib, qattiq ushlab oldi, sheriklari shu zahoti g‘animning kallasini tanasidan judo qilishdi. Musulmonlar shum niyatli yovuz kimsadan qutilishdi. Rabbiul avval oyida yuz bergan bu quvonchli voqea shu zahoti payg‘ambar alayhis-salomga yetkazildi. Rasululloh biron qabila boshlig‘ining yovuz niyati yoxud qon to‘kadigan hatti-harakatini sezib qolsalar, katta talafot yoki qirg‘inning oldini olish uchun ularni o‘rtadan ko‘tarib tashlardilar. Yahudiy Abu Afk ham o‘tayovuz, zolim kimsa bo‘lgani uchun payg‘ambar alayhis-salomning amriga binoan qatl etildi.