Agar, sen (ey, o‘quvchim), sirlarga qiziquvchi va ma’no-larni ochuvchi bo‘lsang, diling qonga to‘lib va qon to‘kib, sirli jumboqlarni topuvchi bo‘lsang, men dilingdagi shak-shubha, gumonlarning boshini kesib, «qon to‘kaman» va «qon to‘kuvchi» (o‘tkir) so‘zlar aytaman. Mening teran, chuqur ma’no-lar dengizimdan suv ichmoqchi bo‘lsang, «qon hidi» keluvchi so‘zlarimni tingla.
Bid’at zahridan kasal bo‘lgan odam bu yuksak so‘zlarni shifobaxsh dori taryok deb bilsin. Garchi Attorman va taryokli dorilar berurman, aslida dilim tok novdasiday quruqshab qolgan. Xalq orasida benamak (tuzsiz so‘zlar aytuvchi) bexabarlar (bilimsiz, johillar) bor. O’shalar tufayli men jigarim qonini ichaman. Garchi suframda qattiq non bo‘lsa ham, ko‘zim yoshlaridan yangi «sho‘rvalarni» ichaman.
Dilim sufrasini ba’zan yig‘ishtirib qo‘ysam-da, gohi-gohida hazrat Jabrail mehmonga kelib turadi. Ruhul-quddus meni o‘ziga «hamkosa qiladi» (Ma’rifat mayini beradi).
Qachongacha, har qanday mudbirlar-badbaxtlar bilan non-tuzni baham ko‘rib yuraman? Har doim noxush (ya’ni, aqlsiz, hushsiz) odamlar bilan non yeyishni xohlamayman. Ozgina non va nonxurush bo‘lsa, menga kifoya. G’inoul-qalb, ko‘ngil ohanglarim men uchun jonafzo, haqiqat - men uchun kanzi loyafnodur.
Boy, badavlat odamlarning har qancha - xazinasi bo‘lsa-da, mendan harjihatdan past, tuban odamlardir. Izid-taologa shuqrlar bo‘lsinki, menga har qanday nosoz, aybli ne’matlarni bermaydi. Dilimdagi dardlarni har kim bilan baham ko‘rmayman, har qanday bo‘lmag‘ur ishlar uchun Allohvandimning nomini tilga olmayman. Hech bir zolim bilan taom yemayman. Taxallusim (Attor)ni har qanday kitobga qo‘ymayman.
Olimning mehnati mamduh-maqtovlidir, jismim quvva-ti ruh quvvatidandir, shu menga kifoya. O’z yukimni o‘zim ko‘taraman, o‘z nonimni o‘zim topib yeyman. Xalqning (bo‘lmag‘ur) ishlaridan ozodman, yuz balo ichida yashasam ham shodman. Badxoh, yomon niyatli odamlardan forig‘man. Ba’zan nomimni yomonga chiqarsalar ham, yaxshiga chiqarsalar ham sabr qilaman. Men o‘z dardlarim bilan darmondaman. Barcha ufqlarga qo‘lim (aqlim) yetadi. Gohida dardlarimni hech kim tinglamasa ham, dunyoning ishlaridan hayron qolsam ham mayli. Eng muhimi, jismim va jonim yo‘ldadir, kelgusida jismim jonimga yetishadi deb umid qilaman. Qismatim shu dardlarda va darig‘olardadir, boshqa joyda emas.