Uni shashtidan qaytarmoqchi bo‘ldilar. Odamlar agarda shayxning aytganini qilsalar, masxaraga qolishlarini, balki ularga aziyat yetishi mumkinligini aytib ogohlantirdilar.
Biroq, bunga javoban mo‘ysafidning og‘zidan chiqqan so‘z shu bo‘ldi:
- Hali biz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan ham afzal bo‘libmizmi?!
Shundan so‘ng mo‘ysafid namozxonlardan birining qo‘lidan tutib:
- Menga diskotekani ko‘rsat! - dedi.
Shayx ishonch va sabot bilan yo‘lga tushdi.
Mana diskotekaning qorasi ham ko‘rina boshladi. Ularga uzoqdan ko‘zi tushib qolgan diskoteka sohibi avvaliga ularni bironta marosimga yoki ma’ruza qilishga ketayotgan bo‘lishsa kerak deb o‘yladi.
Ammo ular to‘ppa-to‘g‘ri u tomonga qarab bostirib kelishardi. U bundan bir oz taajjubga tushdi. Shayx va u kishining hamrohi diskoteka eshigiga burilishganda esa boshliq:
- Sizlarga nima kerak? - deya ularni to‘xtatdi.
- Diskotekadagilarga nasihat qilmoqchimiz, - dedi shayx lo‘nda qilib.
Hayrati oshgan diskoteka xo‘jayini shayx bilan uning hamrohiga boshdan-oyoq razm solar ekan, ularni qabul qila olmasligini aytib, uzr so‘radi.
Shayx u bilan gaplashib, ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. Agarda bu ishda ko‘mak bersa, Alloh tomonidan berilajak buyuk ajr-mukofot haqida eslatdi. Biroq, natija bo‘lmadi.
Shundan so‘ng mo‘ysafid u bilan moddiy savdolashishga o‘tdi. Oxiri, chaqirilmagan "œmehmonlar" diskotekaga kiritishi evaziga boshliqning bir kunlik daromadiga teng keladigan mablag‘ taklif qilishdi. Ana shundan keyingina diskoteka sohibi taklifga ko‘ndi. Biroq ulardan ertasi kuni kundalik namoyish boshlanadigan paytda hozir bo‘lishlarini so‘radi.
Ertasi kuni ham bo‘ldi. Diskoteka o‘yin-kulgi shaydolarining g‘ovur-g‘uvuri bilan qaynamoqda. Sahnada qabohat va razolat g‘ujg‘on o‘ynayapti. Shaytonlar odamlarni vasvasa qilib haddilaridan oshirmoqda va ularga chapak chalmoqda...
Shu damda banogoh darparda tushiriladi va ochiladi. Sahnada ulug‘vor bir shayx savlat to‘kib o‘tirardi...
Odamlar hayronu lol bo‘lishdi. Ba’zilar bu bir hajviy sahna bo‘lsa kerak deb ham o‘ylashdi.
Shayx Alloh nomi bilan so‘zini boshladi. Allohga hamdu-sano, payg‘ambarga duoyu salomlar yo‘lladi. So‘ngra odamlarga pand-nasihat qilishni boshladi.
Odamlar bir-birlariga qaradilar. Kimdir kular, kimdir qoralar, yana kim mazax qilardi. Shayx esa pinagini buzmasdan mav’izasida davom etar, ularga e’tibor qilmasdi.
Oxiri, yig‘ilganlardan biri o‘rnidan turib, odamlarni tinchlantirdi. Ulardan shayxning so‘ziga quloq berishlarini so‘radi.
Kishilarni sekin-asta osoyishtalik chulg‘ay boshladi. Atrofga sukunat cho‘mdi. Qalblarga sakinat indi. Hatto tovushlar tindi. Faqat shayxning tovushigina eshitilardi. U shunday so‘zlarni aytar ediki, zaldagilar bu so‘zlarni avval eshitmagan edilar. Tog‘larni larzaga soluvchi oyatlar, hadislar, masallar. Shayton yo‘lidan Allohga qaytgan ayrim gunohkorlar qissasi shayxning ovozi orqali yangrar edi.
Bir mahal mo‘ysafid ko‘zlarida yosh bilan shunday dedi:
- Hoy insonlar, sizlar uzoq yashadingiz va Allohga ko‘p isyon qildingiz. Qani ma’siyatlar lazzati? U qaerga ketdi? Lazzatlar ketdi, biroq sahifalar qora bo‘lib qoldi! Hali Qiyomat kunida ular haqida so‘ralasizlar. Shunday kun keladiki, u kunda Vohidu Qahhor bo‘lmish Allohdan o‘zga barcha narsa halokatga yuz tutgay.