Yuzini keksalikdan ko’ra ko’rguliklar g’ijimlab tashlagan bu chol bilan u, o’tgan yil bahorda, gul qo’yadigan vazasini qadaqlab berganida tanishgan edi. Bu vaza uning o’lib ketgan o’g’lidan yodgor qolgan ekan. O’g’li Lena degan joydagi oltin konida ishlab, bir vajdan ko’p kishilar qatorida otilgan ekan. Buning sababini hamroqul o’sha vaqtda ham, undan keyin ham bilolmadi, chunki Usta kulol bu to’g’rida gapirsa, gapdan ko’ra ko’proq so’kinar, titrar edi. O’g’li o’lgandan keyin chol kampiri bilan bu yoqqa kelgan ekan.
Usta kulol Hamroqulning ahvolini ko’rib, darrov boqqa olib kirdi va qayrag’och ostidagi cho’yan oyoqli zangor eshakka o’tqazib, suv keltirdi. Hamroqul suvni ichib bir oz o’ziga kelganday bo’ldi, ammo qayrag’ochdagi chumchuqlarning chig’irlashi negadir ko’nglini ozdirdi. U quloqlariga barmog’ini tiqib, ko’zini yumdi, bir oz nafasini rostlagandan so’ng, xuddi ko’nglini bezovta qiladigan biron narsani ko’rishdan qo’rqqanday, ko’zini sekin ochdi.
Ko’zini ochdi-yu qarasa"¦ Usta kulol xuddi o’g’lining o’limi to’g’risida gapirayotganday so’kinar, titrar edi. Yoshgina, xotinchalish bir ofitser rezinkaday qapchib cholning ko’kragiga tepid. Chol yiqildi. O’shanda tepki hali es-hushini o’nglab ololmagan Hamroqulning ham ko’kragiga tushdi. U, eshakdan ag’darildi, ammo darrov turdi; bo’yniga musht tushdi — munkib ketdi.